Home / XALQARO YANGILIKLAR / Forum ishtirokchisining minnatdorlik maktubi

Forum ishtirokchisining minnatdorlik maktubi

Islom sivilizatsiyasi boʻyicha xalqaro ekspert, ICESCO maslahatchisi, Jahon islom ligasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi merosini asrash komissiyasi (Buyuk Britaniya, London) Bosh direktori Sali Shahsuvoriydan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shovosil Ziyodovga maktub keldi.

Unda muallif 7-11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida oʻtkazilgan “I Islom sivilizatsiyasi forumi: Tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat yoʻli” xalqaro konferensiyasiga taklif etilgani uchun minnatdorlik izhor etgan.

Ushbu nufuzli anjumanda qatnashish oʻzi uchun katta sharaf va unutilmas tajriba boʻlganini taʼkidlagan Sali Shahsuvoriy uning doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻlib oʻtgan “Islom merosi va zamonaviy dunyo” xalqaro konferensiyasida maʼruza qilish imkoniyati berilganini alohida mamnuniyat bilan tilga olgan.

Britaniyalik olim forum tashkilotchilari, jumladan, Markaz jamoasini anjumanning yuksak saviyada tashkil etilgani va oʻtkazilgani munosabati bilan samimiy qutlagan. Shuningdek, Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekistonning butun bashar ahliga taalluqli boʻlgan boy tarixiy-madaniy merosini asrash va targʻib qilish yoʻlida olib borilayotgan samarali faoliyatni yuksak baholagan.

Maktub muallifi, shuningdek, Oʻzbekistonda oʻziga koʻrsatilgan samimiy mehmondoʻstlik, iliq qabul va yuqori saviyadagi tashkilotchilik ishlaridan mamnuniyat izhor etib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasining kasbiy mahorati va jonbozligini alohida eʼtirof etgan.

Maktub soʻngida Sali Shahsuvoriy Markaz rahbariyati va jamoasiga yana bir bor samimiy minnatdorlik izhor etib, istiqbolda oʻzaro hamkorlik yanada mustahkamlanishiga qatʼiy ishonch bildirgan. Qisqa vaqt oraligʻida forum doirasida muhokama qilingan qoʻshma loyihalar yuzasidan oʻz taklif va mulohazalarini taqdim etishini maʼlum qilgan.

Ushbu minnatdorlik maktubi “I Islom sivilizatsiyasi forumi” xalqaro maydonda yuksak baholangani hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishdagi oʻrni va ahamiyati ortib borayotganining yana bir amaliy ifodasi boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Matbuot xizmati

Check Also

Markazda misrlik yangi stipendiat amaliyot boshladi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi doirasida navbatdagi xorijlik tadqiqotchi — Misr arab qoʻlyozmalari instituti …