XXI asr globallashuv sharoitida axborot uzatish tizimi jadal rivojlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali har soniyada turli koʻrinishdagi xabar va yangiliklar tarqatilmoqda. Bunday jarayonda ayrim shaxslar internet orqali moʻmaygina pul topayotgan boʻlsa, yana kimdir qimor oʻyiniga aldanib qolmoqda. Yana kimdir biror tilni oʻrganayotgan boʻlsa, boshqa birov oʻz eʼtiqodidan kelib chiqib, dinni oʻrganmoqda. Ammo, masalaning eng nozik jihati shundan iboratki, baʼzi yoshlar mazkur jarayonda dinni notoʻgʻri talqin qilayotganlar tuzogʻiga ilinmoqda.
Soʻnggi paytlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda muqaddas dinimizni notoʻgʻri talqin qilib, oʻzini hidoyatga chorlovchi ulamo sifatida koʻrsatuvchi soxta olimlar koʻpaymoqda. Aslida ular din borasida yetarlicha bilimga ega emas. Shunday boʻlsa-da, bunday kimsalar qanchadan-qancha insonlarni, ayniqsa, hali din borasida yetarli ilmga ega boʻlmagan yoshlarni toʻgʻri yoʻldan adashtirmoqda. Bu esa, dinimiz toʻgʻrisida notoʻgʻri tasavvurning paydo boʻlishiga olib kelmoqda. Xususan, ayrim insonlar ongida din – bu qoʻporuvchilik, buzgʻunchilik, qotillik degan tasavvur shakllangan. Bularning barchasi oʻsha soxta olimlar targʻiboti, diniy ilmning yetarli emasligi va vaqtni behuda sarflash oqibatidir. Bunday kimsalarning asl maqsadi din arkonlarini inkor qilish, odob-axloq, millatlararo va dinlararo munosabatlarni izdan chiqarishdir.
Demak, har qanday nom ostidagi zulm va zoʻravonlik, turli koʻrinishdagi jinoyatlar, garchi u islom dini nomidan sodir etilayotgan boʻlsa ham, muqaddas dinimiz aqidasi va taʼlimotiga mutlaqo ziddir.
Xoʻsh, bunday soxta yoʻlboshchilar ijtimoiy hayotimizga qay darajada zararli? Buni quyidagilarda koʻrishimiz mumkin:
- Jamiyat barqarorligi va uning oʻsish suratlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Bunday shaxslar tomonidan ilgari surilayotgan buzgʻunchi gʻoyalar aholi orasida qoʻrquv va ishonchsizlikni keltirib chiqarib, turli millat va din vakillari oʻrtasida nizo chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Aslini olganda, islom dini oʻzining ilk davridayoq bagʻrikenglik dini sifatida namoyon boʻlgan. Muqaddas dinimiz taʼlimotida insonlarga nisbatan muruvvatli va ochiq yuzli boʻlishga buyuriladi. Oʻzga din vakillariga nisbatan esa bagʻrikeng munosabatda boʻlish targʻib etiladi. Bu xususda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Ey moʻminlar), sizlar Ahli kitoblar bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilinglar…”[1]. Mazkur oyatda Alloh taolo boshqa din vakillari bilan chiroyli uslubda muomala qilishga buyurmoqda.
- Yoshlar ongiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Diniy va dunyoviy ilmi yetarli boʻlmagan ayrim yoshlar internet orqali targʻib qilinayotgan gʻoyalarga ergashishi, buning ortidan turli noqonuniy guruhlar tuzogʻiga ilinishi mumkin. Natijada, bunday yoshlar taʼlim, mehnat va sogʻlom hayotdan uzoqlashadi.
Yurtimizda dinni notoʻgʻri talqin qilishning oldini olish uchun quyidagi ishlar ishlar amalga oshirilmoqda:
- Avvalo, bu borada qonunchilik asoslari mustahkamlanmoqda va noqonuniy diniy tashkilotlar faoliyatiga chek qoʻyilmoqda.
- “Jaholatga qarshi — maʼrifat” tamoyili asosida aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ulamolar tomonidan turli media chiqishlar qilinib, islom dinining asl mohiyati tushuntirilmoqda.
- turli din va millat vakillarining tinch-totuv yashashi uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda.
- diniy erkinlik va vijdon erkinligi qonun bilan kafolatlangan.
Demak, dinni notoʻgʻri targʻib qilish jamiyat taraqqiyoti va tinchligiga jiddiy xavf tugʻdiradi. Unga qarshi kurashda faqat kuch ishlatish emas, balki maʼrifat, tarbiya va aholi ongini yuksaltirish muhim ahamiyatga egadir.
Yurtimizda islom ezgulik va bagʻrikenglik dini ekani toʻgʻrisidagi tushunchani aholi ongiga yetkazish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:
- Jahonda mavjud radikal oqimlar faoliyati yurtimiz uchun ham muayyan xavf tugʻdirishi mumkin. Shu bois mamlakatimizda adashgan toifalarga qarshi qatʼiy siyosat olib borilmoqda. Yoshlarning diniy savodxonligini oshirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada yoʻl xaritalari ishlab chiqilmoqda. Ayniqsa, internet orqali tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi maʼrifiy kurash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
- Yurtimiz azaldan Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgani sababli, turli millat va din vakillari tinch-totuv yashab kelayotgan mamlakat hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda islom, pravoslav, katolik, protestant, yahudiy va boshqa diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritmoqda. Davlat siyosatida diniy bagʻrikenglik va vijdon erkinligini taʼminlash muhim oʻrin tutadi. Bu esa, mamlakat barqarorligi va ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
- Yurtimiz xalqaro miqyosda ham diniy bagʻrikenglik va maʼrifat gʻoyalarini ilgari surmoqda. Samarqand, Buxoro va Toshkent kabi shaharlarda xalqaro turli tadbirlar, konferensiyalar oʻtkazilib, islom dinining insonparvarlik mohiyati targʻib qilinmoqda.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugungi kunda jahonda kechayotgan diniy jarayonlar insoniyat taraqqiyotiga ham ijobiy, ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu sababli har bir davlat, jumladan, Oʻzbekiston ham, diniy bagʻrikenglik, maʼrifat va tinchlik tamoyillariga tayangan holda siyosat yuritishi muhim ahamiyatga egadir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





