Garchi qoʻyning bir poychasi pishirilib, mehmonga chaqirilsa ham, borish kerak, ayniqsa, solih va faqir kishilar chaqirganida.
Nikoh ziyofatiga chaqirilganida kishi garchi roʻzador (nafl) boʻlsa ham, borishi mustahab.
Zolim, fosiq, riyokor va bidʼatchining ziyofatiga borilmaydi.
Chaqirilmagan joyga borilmaydi. Agar ikki qoʻshni bir vaqtda ziyofatga taklif qilsa, eng yaqininikiga boriladi. Agar ikkisi ham birday yaqin boʻlsa, qay biri bilan inoqroq boʻlsa, oʻshanikiga boriladi.
Chaqirilmagan kishini ziyofat egasining ruxsatisiz ergashtirib borilmaydi.
Agar taklif qilinmagan kishi birga qoʻshilib borsa, sohibi ehsonning eshigi oldiga kelganida: “Bu kishining oʻzi ergashib keldi, ruxsat bersangiz kiradi, aks holda qaytib ketadi”, deyiladi.
Mehmon toʻyga yoki boshqa tadbirga borishdan avval ozroq taom yeb olgani maʼqul. Chunonchi, borgan joyida ochkoʻzlik qilib, dasturxonga hirs bilan yopishmasin. Mezbon qayerga oʻtirgʻizsa, mehmon oʻsha yerga oʻtiradi. Nima bersa, shuni tanovul qiladi. Mehmon har joyga qarayvermaydi. Mezbonga taom yoki boshqa masalada buyruq bermaydi.
Mehmonlar bir-birlariga eʼtiroz bildirmaydi. Illo, xodim yoki oshpazga yoʻl-yoʻriq va tavsiya berish joiz.
Mezbonning ruxsatisiz dasturxondan hech narsa olib ketmaydi.
Ketar chogʻi mezbonni duoi xayr qilish kerak.
Taomdan soʻng ketishga ijozat soʻraladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





