Home / FOTO LAVHALAR / Ilmiy hamkorlikning yangi bosqichi

Ilmiy hamkorlikning yangi bosqichi

Yurtimizda boʻlib oʻtgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat yoʻli” I Xalqaro islom forumi doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida xorijiy olimlar va ilmiy muassasalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.

Anjumanning faxriy mehmonlaridan biri — Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” islomiy meros fondi (Al-Furqan Islamic Heritage Foundation) direktori Sali Shohsuvoriy Markazga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Markaz direktori Shovosil Ziyodov va Sali Shohsuvoriy oʻrtasida rasmiy uchrashuv va muzokaralar boʻlib oʻtdi. Unda tomonlar oʻzaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi — ikki muassasa hamkorligida nodir qoʻlyozmalar katalogini tuzish loyihasi boʻldi. Unga koʻra qoʻlyozmalar katalogini shakllantirish jarayoni “Al-Furqon” fondining boy tajribasi va uslubiyati asosida yoʻlga qoʻyiladi. Ikki tomon olimlarining mehnatini muvofiqlashtirish maqsadida yagona tizim (reyestr) yaratiladi va bu loyiha ustida bir vaqtning oʻzida ham Buyuk Britaniya, ham Oʻzbekiston tomonidan parallel ravishda izchil ish olib boriladi.

Hamkorlik doirasida dastlab mavjud 1265 ta qoʻlyozma asarni hamkorlikda xalqaro ilmiy mezonlarga muvofiq, dastlab arab tilida katalog tayyorlashga kelishildi. Istiqbolda esa katalogni arab tilidan boshqa zarur tillarga ham tarjima qilish va tarqatish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Markaz manbalar xazinasidagi 653 ta qoʻlyozma kitobni bugungi zamonaviy standartlariga mos ravishda raqamlashtirish ishlarini yoʻlga qoʻyish belgilab olindi.

Mazkur tashrif Markaz tomonidan yurtimiz va xorijda saqlanayotgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni tizimli tadqiq etish hamda ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish borasidagi navbatdagi muhim qadam boʻldi.

Britaniyaning yetakchi fondi bilan yoʻlga qoʻyilayotgan hamkorlik Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan allomalarning qoʻlyozma merosini dunyo miqyosida keng targʻib qilishga xizmat qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Nabaviy sunnatni asrash — ilm va maʼrifat ahlining alohida masʼuliyati”

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA! Muhammad Elmetvalli Ali Fadel – Al-Azhar universiteti professori: “Nabaviy sunnatni asrash …