Iroqdagi “Azzaman” gazetasining shu yil 9-iyuldagi sonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Shukrullo Umarovning “Maʼnaviyat va maʼrifat – Yangi Oʻzbekistonning Zuhro yulduzi” nomli maqolasi chop etildi.
Maqolada iroqlik yozuvchi, publitsist, jurnalist va tadqiqotchi Ahmad Jasim Zubaydiyning joriy yil boshida arab va oʻzbek tillarida nashr etilgan “Maʼnaviyat – Yangi Oʻzbekistonning Zuhro yulduzi: Islom – insoniylik, bilim va maʼrifat falsafasi” nomli asari haqida soʻz yuritilgan.
Muallif Ahmad Jasim Zubaydiy bu asari orqali Yangi Oʻzbekistondagi maʼnaviy islohotlar, islom sivilizatsiyasi merosi va mamlakatning xalqaro madaniy tashabbuslarini arab oʻquvchilariga tanishtirishga harakat qilganligini taʼkidlaydi. Kitobda milliy davlatchilik asoslari, xalqning ichki kuch-qudrati va Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning ustuvor yoʻnalishlari chuqur falsafiy, ilmiy va hayotiy tilda asoslab berilgan.
Maqolada asarning konseptual asoslari va oldinga surilgan yuksak gʻoyalar, jumladan, “Inson qadri uchun” gʻoyasining amaliy natijalari, uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi islohotlar, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida urgʻu berilgani qayd etiladi.
“Asarda tarixdan saboq chiqarish, bugungi imkoniyatlardan oqilona foydalanish va kelajakni ilm-fan asosida qurish gʻoyalari yaxlit tizim sifatida tashkil etilgani zikr qilinadi. Unda ilgari surilgan yuksak gʻoyalarni keng jamoatchilikka, ayniqsa, taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarimizga yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini chuqur anglatish har bir ziyolining, olimu tadqiqotchining burchidir. Ahmad Jasim Zubaydiy bilan birga mazkur asarni arab dunyosida taqdim etilganiga guvoh boʻlgan shaxs sifatida taʼkidlash lozimki, asarni dunyo tillariga tarjima qilib, taqdimotlarining oʻtkazilishi yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy va diniy sohadagi islohotlarning xalqaro maydonlarda tarannum etishiga xizmat qiladi” deb yozadi Shukrullo Umarov.
Iroqlik Ahmad Jasim Zubaydiy uzoq yillar arab ommaviy axborot vositalarida jurnalist va tahlilchi sifatida ishlagan. Arab va xalqaro madaniy masalalar, sivilizatsiyalar muloqoti hamda maʼnaviyat mavzularida koʻplab maqola hamda kitoblar muallifi hisoblanadi. Uning Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, bugungi islohotlar jarayonini oʻrganish va dunyoga keng targʻib etishdagi xizmatlari davlatimiz rahbari tomonidan eʼtirof etilib, yaqinda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





