Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy merosi xalqaro olimlarni Samarqandda birlashtirdi

Imom Buxoriy merosi xalqaro olimlarni Samarqandda birlashtirdi

I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida Samarqandda “Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” asari – ummat kitobi” mavzusidagi I xalqaro konferensiya ish boshladi.

“Hadith Hotel” majmuasida boʻlib oʻtayotgan anjuman Qurʼoni karim tilovati va Imom Buxoriy hayoti hamda boy ilmiy merosiga bagʻishlangan maxsus videorolik namoyishi bilan boshlandi. Konferensiyani Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov olib bordi.

Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-maʼrifiy masalalar boʻyicha departamenti boshligʻi Muzaffar Komilov, Makkai mukarramadagi Masjid al-Harom bosh imomi Shayx Solih ibn Abdulloh ibn Humayd, ICESCO Bosh direktori Salim Malik, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Islom olami uyushmasi Bosh kotibining oʻrinbosari Abdurahmon ibn Abdulloh Zayd, Marokash Podshohligi Vaqf va islom ishlari vaziri Ahmad Tavfiq (onlayn tarzda), Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar va Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda Imom Buxoriyning beqiyos ilmiy merosi, uning insoniyat maʼnaviy taraqqiyotidagi oʻrni va hadis ilmini rivojlantirishdagi xizmatlari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Konferensiyaning birinchi kuni davomida beshta yalpi yigʻilish tashkil etildi. Ularda Imom Buxoriy shaxsiyati va kamolotiga taʼsir koʻrsatgan omillar, “Al-Jomiʼ as-sahih” asarining yaratilish tarixi, unda qoʻllangan yuksak ilmiy mezonlar, hadislarni saralash va ishonchliligini aniqlash metodologiyasi, asarning jahon kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma nusxalari, shuningdek, turli mamlakatlar olimlarining mazkur asarni oʻrganish va targʻib etishga qoʻshgan hissasi atroflicha muhokama qilindi.

Maʼruzalarda Imom Buxoriyning ilmiy maktabi nafaqat islom ilmlari, balki umuminsoniy ilm-fan taraqqiyotiga ham beqiyos hissa qoʻshgani, “Al-Jomiʼ as-sahih” esa asrlar davomida musulmon ummati uchun eng ishonchli manbalardan biri sifatida yuksak darajada eʼtirof etib kelinayotgani alohida taʼkidlandi. Shuningdek, buyuk muhaddis merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish, qoʻlyozma va toshbosma nusxalarini oʻrganish, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari boʻyicha fikr almashildi.

Yalpi yigʻilishlarda Saudiya Arabistoni, Turkiya, Misr, Marokash, Hindiston, Afgʻoniston, Liviya, Jazoir, Tunis, Bangladesh, Indoneziya, Chad, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan taniqli ulamolar, olimlar, tadqiqotchilar va hadisshunoslar keng qamrovli maʼruzalari bilan qatnashdi. Anjumanning bunday koʻlami Imom Buxoriy ilmiy merosining bugungi kunda ham xalqaro ilmiy jamoatchilik eʼtiborida ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Birinchi kun nihoyasida ishtirokchilar tomonidan Yakuniy deklaratsiya qabul qilindi. Unda Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, “Al-Jomiʼ as-sahih” asarining ilmiy ahamiyatini yanada keng targʻib qilish, hadisshunoslik boʻyicha qoʻshma tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash va yoʻnalishdagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Imom Buxoriy merosini kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi saʼy-harakatlarni izchil davom ettirishga oid ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlari– mushtarak meros, qardoshlik va maʼnaviy birlik ramzi

SOʻZ – ANJUMAN ISHTIROKCHILARIGA! Shayxulislom Allohshukur POSHOZODA – Kavkaz musulmonlari idorasi raisi: “Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlari – …