Home / MAQOLALAR / IMOM MOTURIDIYNING NAMOZDA “BASMALA”NI AYTISH HAQIDAGI FIQHIY QARASHLARI

IMOM MOTURIDIYNING NAMOZDA “BASMALA”NI AYTISH HAQIDAGI FIQHIY QARASHLARI

Alloh taolo bandasiga ato etgan neʼmatlarning eng ulugʻi – bu uning dunyosi va dini uchun foydasi tegadigan ilmlarni oʻrganishga muvaffaq qilib qoʻyishidir. Fiqh ilmi ana shunday ulugʻ neʼmatlardan biri ekani shubhasiz. Paygʻambar alayhissalom davrlaridan bugungi kunga qadar unga alohida eʼtibor qaratgan ulamolar boʻlgan. Abu Hanifa, Shofeiy, Molik, Ahmad rahimahulloh kabi mujtahid imomlar ana shunday ulamolardan sanaladi. Ular vafot etib ketganidan soʻng shogirdlari va tobelari ularning fiqhiy qarashlarini ommaga yetkazish ustida ish olib bordi, ustozlaridan taʼlim olgan fiqhiy bilimlarni oʻz shogirdlariga ham oʻrgatdi. Ahli sunna val jamoaning ikki qutbidan biri hisoblangan Imom Moturidiy ana shunday ilm egalaridan biridir. U Imom Abu Hanifaning qoʻlida taʼlim olgan ustozlar silsilasining uchinchi tabaqasiga mansub boʻlib, hanafiylik mazhabi doirasidagi mujtahid sanaladi. U ham oʻziga xos fiqhiy qarashlar egasi boʻlgan. Bu qarashlar uning shoh asari boʻlmish “Taʼvilot al-Qurʼon”da koʻproq oʻz aksini topgan. Ushbu maqolada Imom Moturidiyning bahsli masalalardan biri – namozda “Basmala”ni aytish haqidagi fiqhiy qarashlari xususida soʻz yuritiladi.

Mavzu boʻyicha koʻplab adabiyotlarda maʼlumotlar berilgan. Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon”, Imom Muhammadning “Al-Osor”, Imom Shofeiyning “Al-Umm”, Imom Navaviyning “Al-Majmuʼ sharhul muhazzab” va boshqa asarlar shular jumlasidandir. Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarida hanafiylarga xos fiqhiy qarashlar himoya qilingan boʻlsa, Imom Muhammadning “Al-Osor” kitobida Abu Hanifa rahimahullohdan naql qilingan xabarlar keltirilgan. Imom Shofeiyning “Al-Umm”, Imom Navaviyning “Al-Majmuʼ sharhul muhazzab” va Qurtubiyning “Al-Jomeu li ahkomil Qurʼon” asarlarida ham shunga oʻxshash holatni kuzatish mumkin. Xususan, “Al-Umm” va “Al-Majmuʼ sharhul muhazzab” asarlarida “Basmala” “Fotiha” surasining bir oyatidir degan fikrni ilgari surgan shofeiylar dalillari bayon qilingan boʻlsa, “Al-Jomeu li ahkomil Qurʼon” va “Al-Mudavvanatul kubro” kitobida hanafiy va shofeiylardan farqli qarash egalari boʻlgan molikiylar fikrlari keltirilgan. Yuqorida nomlari keltirilgan asarlarda mavzuning turli jihatlari yoritilgan boʻlgan boʻlsa-da, Imom Moturidiyning namozda “Basmala”ni aytish haqidagi fiqhiy qarashlari alohida tadqiq qilinmagan. Shu sababdan ushbu mavzuni tadqiq etish bugungi kundagi dolzarb ilmiy masalalardan biri hisoblanadi.

Maqolani tayyorlashda umumlashtirish, taqqoslash, qiyosiy tahlil kabi tadqiqot usullaridan foydalanildi.

Imom Moturidiyning fiqhiy qarashlari deganda ulamolar oʻrtasida bahsli boʻlib turgan masalalar borasidagi toʻgʻri hukmni oʻzining ijtihodini ishga solish orqali bilib olgan sharʼiy hukmlar nazarda tutiladi. Demak, Imom Moturidiyning fiqhiy qarashlari – bu uning ijtihodi, soʻzlari va qarashlari xulosasidir. Ular xoh hanafiylik mazhabiga muvofiq kelsin, xoh kelmasin – baribir. Uning namozda “Basmala”ni aytishning hukmi va boshqa jihatlari haqidagi qarashlari ana shulardan biridir. Imom Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” asarida “Basmala”ni “Tasmiya” deb ham atagan va quyidagilarni yozgan: «“Tasmiya” – Qurʼondan bir oyat boʻlib, “Fotihatul Kitob” (surasining tarkibi)dan emasdir. Uni alohida bir oyat deb belgilashning dalili Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ushbu  hadisdir: “U zot alayhissalom Ubay ibn Kaʼbga: “Senga oʻzimdan avval Sulaymon ibn Dovuddan boshqa biror kimsaga nozil boʻlmagan bir oyatni oʻrgataman”, dedilar. Soʻng masjiddan chiqayotib, oyoqlaridan birini eshikdan chiqardilar va unga: “Sen Qurʼonni qaysi oyat bilan boshlaysan?” dedilar. Ubay: “Bismillahir rohmanir rohiym” bilan”, deb javob berdi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “U oʻsha – men senga oʻrgatmoqchi boʻlgan oyatdir”, dedilar»[1].

Demak, mazkur hadisda “Basmala”ning Qurʼondan bir oyat ekaniga, agar u suralardan bir oyat boʻladigan boʻlsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ubayga “Senga bir oyatni oʻrgataman” deb emas, balki “Senga yuztadan ziyod oyatni oʻrgataman” degan boʻlishlari lozimligiga dalolat bordir. Shuningdek, “Basmala” “Fotiha” surasining tarkibida boʻlganida ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Qurʼonning kaliti deb emas, suralardan bir oyat deb aytgan boʻlar edilar.

Soʻngra shu narsa aniqki, suralarni (tafsir qilishni) boshlash asnosida “Basmala”ni tafsir qilmay oʻtib ketgan ulamolar nazdida uning “Fotiha” surasidan emasligi aniq boʻlgan. Shuningdek, bu ummatning “Basmala”ni jahriy aytmasligi (ham uning “Fotiha” surasidan emasligiga dalildir). Shu narsa maʼlumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlari bilan birga yurgan sahobalarga “Basmala”ni maxfiy qilib, oʻzlari yolgʻiz qolgan vaqtda jahriy aytgan boʻlishlari, sahobalar esa gʻaflatga borib oʻzlariga hech bir manfaat yetmasa-da, u zot sollallohu alayhi vasallamning (“Basmala” borasidagi) sunnatlarini zoye qilishlari mumkin emas. “Hatto bu ummat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Basmala” borasidagi sunnatlari  (odamlarga taʼlim berish uchun) uni avval jahriy aytib, keyinchalik maxfiy qilgan boʻlishlari ehtimoli bor boʻlgan bir oʻrinda uni tark qilib kelgan. Binobarin, musulmonlarning bu ishlarida ham “Basmala” suralarning bir oyati emasligiga yorqin dalil bordir” [2:5-6].

Samarqandiy Imom Moturidiyning bu fikrlariga quyidagilarni qoʻshimcha qilgan: “Ular “Basmala”ni jahriy aytishning sunnat ekanini bilib, soʻng shu sunnatni zoye qilishlari mumkin emas. Chunki bunday maʼnoga yoʻyishda ularni zalolatga ketganlikda ayblash bor va bu botil gapdir. Bu ummatning “Basmala”ni jahriy aytmaganligi uni jahriy aytish sunnat emasligiga dalil boʻladi. Ularning “Basmala”ni jahriy aytmaganligidan tashqari “Fotiha” va zam sura jahriy oʻqiladigan namozlarda uni jahriy aytmaslikka ijmo qilishlari “Basmala”ning “Fotiha” surasidan emasligiga ham, har bir suraning birinchi oyati emasligiga ham yorqin dalil boʻladi”.

Imom Abu Hanifaning eng yaqin shogirdlaridan biri Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf.189/805) “Al-Osor” kitobining «“Bismillahir rohmanir rohiym”ni jahriy aytish haqidagi bob»ida quyidagilarni naql qilgan:

“Abu Hanifa bizga Abu Sufyondan, u Abdulloh ibn Yaziddan, u otasidan rivoyat qilib, bunday deganini aytib berdi: “Otam bir imomning ortida namoz oʻqigan edi, imom “Bismillahir rohmanir rohiym”ni jahriy qildi. Namozni oʻqib boʻlgach, otam unga: “Ey Abdulloh, meni mana bu kalimalaringdan behojat qil. Chunki men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning, Abu Bakr, Umar va Usmonning ortida turib, ularga iqtido qilib namoz oʻqidim. Ularning hech birlaridan buni eshitmadim”, dedi”.

Abu Hanifa bizga Hammoddan, u Ibrohimdan naql qilib, bunday deganini aytib berdi: “Ibn Masʼud roziyallohu anhu “Bismillahir rohmanir rohiym”ni jahriy qiladigan kishi haqida: “U aʼrobiydir”, dedi. Ibn Masʼud ham, uning shogirdlaridan birortasi ham uni jahriy qilmas edi.

Abu Hanifa bizga Hammoddan, u Ibrohimdan naql qilib, bunday deganini aytib berdi: «Toʻrt narsa borki, imom ularni maxfiy qiladi: “Subhonakallohumma va bihamdika”, shaytondan “taavvuz”, “Bismillahir rohmanir rohiym” va “omin”» [3:161-162]. Imom Muhammad ushbu rivoyatni keltirganidan soʻng: “Biz shunga amal qilamiz, u Abu Hanifa roziyallohu anhuning soʻzidir”, degan.

Namozda “Basmala”ni aytishning hukmi borasida ulamolar turli qarashlarni ilgari surgan. Baʼzilar uni vojib degan boʻlsa, baʼzilari oʻqimasa ham boʻladi, degan. Uni mustahabga chiqargan ulamolar ham boʻlgan. Buning sababi bir jihatdan dalillar oʻrtasidagi qarama-qarshilik boʻlsa, ikkinchidan unga amal qilish masalasidagi xilma-xillikdir. Bu xususda faqihlar ommasi uch xil qarashni ilgari surgan:

Birinchi qarash: shofeiylar “Basmala”ni jahriy namozda jahriy, maxfiy namozda maxfiy oʻqish vojib, degan fikrdadir. Imom Shofeiy rahimahulloh: «“Bismillahir rohmanir rohiym” – bu (“Fotiha” surasidan) yettinchi oyatdir. Shunday ekan, (namoz oʻquvchi kishi) uning hammasini yoki baʼzisini tark qiladigan boʻlsa, tark qilingan oʻsha rakati joiz boʻlmaydi» [5:244], degan.

Ularning hadisdan dalili ushbu hadislardir:

  1. Umma Salama roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday boʻlgani haqida soʻralganida, u: “U zotning qiroatlari oyat-oyat edi: Bismillahir rohmanir rohiym. Alhamdu lillahi robbil olamiyn. Ar-rohmanir rohiym. Moliki yavmid diyn..” deb oʻqir edilar”, degan[2]. Bu hadisning dalil boʻladigan jihati shundaki, unda “Basmala” “Fotihatul Kitob”ning bir boʻlagi ekaniga ochiq-oydin dalolat bordir.
  2. Abu Hurayra roziyallohu anhu bunday degan: «“Alhamdu lillahi Robbil olamiyn”ni oʻqiganingizda, “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham (unga qoʻshib) oʻqing. Albatta, u (“Fotiha” surasi) “Ummul Qurʼon” va “Sabʼul masoniy”dir. “Bismillahir rohmanir rohiym” uning oyatlaridan biridir”[3]. Bu hadisning dalil boʻladigan jihati shundaki, Abu Hurayra unda “Basmala”ni “Fotiha” surasining bir oyati deb sanagan. U bu gapni oʻzining raʼyi bilan aytmagani aniq. Shunday ekan namozda “Basmala”ni aytish vojibdir.

Shofeiylar bu borada sahobalar amalini ham dalil qilib keltirgan. Yaʼni ular Qurʼonni yagona musʼhaf holiga keltirish jarayonida “Basmala”ni ham qayd qilib qoldirishgan. Demak, bu ishda “Basmala” “Fotiha” surasining bir oyati ekaniga dalolat bordir. Chunki Musʼhafga Qurʼondan boʻlmagan narsalar kiritilmagan. Binobarin, “Basmala” jahriy namozda ham, maxfiysida ham “Fotiha” surasiga qoʻshib oʻqilishi lozim [4:333].

Ikkinchi qarash: hanafiylar va hanbaliylar fikricha, “Basmala”ni “Fotiha” surasiga qoʻshib maxfiy tarzda aytish mustahab va uni jahriy aytish sunnat emas. Ularning ham oʻziga xos dalillari bor. Ularning hadisdan dalillari quyidagilardir:

  1. Anas ibn Molik roziyallohu anhu bunday degan: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning, Abu Bakr, Umar va Usmon roziyallohu anhumning ortida namoz oʻqidim. Ular (namozni) “Alhamdu lillahi Robbil olamiyn” bilan boshlar, “Bismillahir rohmanir rohiym”ni qiroatning boshida ham, oxirida ham aytmas edilar”[4]. Bu hadisning dalil boʻladigan jihati shundaki, unda “Basmala”ni maxfiy qilish mustahabligiga ochiq-oydin dalolat bor. Abu Hanifa va Sufyon Savriyning mazhabi ham shudir.
  2. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deb aytayotganlarini eshitdim: “Alloh taolo: “Men namozni Oʻzim bilan bandam oʻrtasida ikkiga taqsim qildim. Bandamga soʻragani berilur”, deydi. Banda: “Alhamdu lillahi Robbil olamiyn”, deganida, Alloh taolo: “Bandam menga hamd aytdi”, deydi…”[5]. Bu hadisning dalil boʻladigan jihati shundaki, ulugʻ sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhu unda “Basmala”ni tilga olmagan. Demak, bu hadis “Basmala”ni jahriy aytmaslikka, u musʼhaflarda yozilgani bois maxfiy tarzda aytish mustahabligiga dalil boʻla oladi. Qolaversa, “Basmala”ni jahriy aytish haqidagi hadislar zaifdir. Uni maxfiy aytish haqida kelgan hadislarning roviylari va sanadi kuchliroq va toʻgʻriroqdir.

Uchinchi qarash: molikiylar ilgari surgan fikrga koʻra, farz namozida u xoh jahriy boʻlsin, xoh maxfiy – “Basmala”ni aytish mumkin emas. Hatto “Fotiha” yoki undan boshqa biror suraning boshida boʻlsa ham. Ammo uni nafl namozlarida oʻqish mumkin.

Ularning hadisdan dalillari quyidagilardir:

  1. Imom Molik Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda keltirilishicha, u: “Abu Bakrning, Umarning va Usmonning ortida tur(ib namoz oʻqi)dim. Ularning hech biri namozni “Bismillahir rohmanir rohiym” bilan boshlamas edi”[6], degan. Bu hadisdan aniq koʻrinib turibdiki, “Bismillahir rohmanir rohiym” Qurʼondan bir oyat emas, chunki Abu Bakr, Umar va Usmon roziyallohu anhum muhojir, ansor va koʻpchilik musulmonlarga 24-yil davomida namoz oʻqib berar ekan, “Basmala”ni oʻqimagan. Agar u “Fotiha”ning bir oyati boʻlganida sahobalar jamoasi ularning bu ishiga jim qarab turishi mumkin emas edi. Chunki “Fotiha” surasining bir boʻlagi hisoblanayotgan “Basmala”ni tark qilish uning hammasini tark qilishdek gap boʻlar, bu esa namozning durust boʻlmasligiga olib kelar edi. Sahobalarning sukut saqlashi “Basmala”ning “Fotiha”dan emasligiga ijmo oʻrnidadir.
  2. Abdulloh ibn Mugʻaffal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Otam “Bismillahir rohmanir rohiym”ni oʻqiyotganimni eshitib qoldilar va: “Ey oʻgʻilcham, bu ishing bidʼat boʻldi. Dinga yangilik kiritishdan ehtiyot boʻl”, dedi. Soʻng: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birortasini koʻrmadimki, islomda yangilik paydo qilish uning nazdida boshqa har qanday ishdan koʻra yomonroq boʻlmasa. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan, Abu Bakr Siddiq, Umar va Usmon bilan namoz oʻqidim. Ularning hech birining “Basmala”ni aytayotganini eshitmadim. Shunday ekan, sen ham uni aytma! Agar namoz oʻqisang “Alhamdu lillahi Robbil olamiyn”, deb ayt”[7], dedi”. Bu xabarning dalil boʻladigan jihati shundaki, unda sahobalar “Basmala”ni jahriy aytmagani ochiq-oydin taʼkidlangan. Sahoba boʻlmish Ibn Mugʻaffal shunday guvohlik bermoqda. Hatto uni jahriy aytib, adolatli xalifalarning sunnatiga zid ish qilgan oʻgʻlining ishini ham inkor etgan.

Imom Molik bunday degan: “Farz namozda “Bismillahir rohmanir rohiym”ni oʻqimaydi. Maxfiysida ham, jahriysida ham. Sunnat shudir. Men odamlar (sahobalar)ni shu holat ustida koʻrdim. Ish shuki, farz namozida “Bismillahir rohmanir rohiym” tark qilinadi. Maxfiy tarzda ham, jahriy qilib ham aytmaydi. Uni imom ham, undan boshqasi ham aytmaydi. Xohlasa, nafl namozda aytadi, xohlasa aytmaydi. Bunda kengchilik bordir” [6:162].

  1. Oisha roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni takbir aytish va “Alhamdu lillahi Robbil olamiyn”ni qiroat qilish bilan boshlar edilar”[8], degan. Bu hadisning dalil boʻladigan jihati shundaki, unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozda “Basmala”ni aytganliklari keltirilmagan. Namozni takbir bilan boshlab, keyin “Alhamdu lillahi Robbil olamiyn”ni oʻqiganliklari taʼkidlangan. Bu uning “Fotiha” surasidan emasligiga ishoradir.

Vahba Zuhayliy rahimahulloh “Basmala”ning maʼnosi, hikmati va fazilatlari haqida soʻz yuritib, quyidagilarni keltirgan: “Ulamolar “Basmala” “Fotiha” yoki undan boshqa suralardan bir oyat yoki yoʻqligi yuzasidan uch xil qarashni ilgari surgan. Molikiy va hanafiylarning aytishicha, “Naml” surasining ichida kelganini istisno qilgan holda aytish mumkinki, “Basmala” “Fotiha”dan ham, boshqa suradan ham emasdir. Buning hujjati Anas roziyallohu anhuning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan, Abu Bakr, Umar va Usmon roziyallohu anhum bilan namoz oʻqidim. Ularning birortalari “Bismillahir rohmanir rohiym”ni oʻqiganini eshitmadim”, degan soʻzlaridir. Bu degani madinaliklar Madina masjidida namoz oʻqiganlarida, “Basmala”ni qiroat qilishmagan. Lekin hanafiylar fikriga koʻra, yolgʻiz namoz oʻquvchi kishi har bir rakatda “Fotiha”ga “Bismillahir rohmanir rohiym”ni qoʻshib ichida oʻqiydi. Zero, u ham Qurʼon, biroq suraning bir qismi emas, balki suralar oʻrtasini ajratib turuvchi oyatdir.

Molikiylar fikriga koʻra, farz namozda “Basmala”ni “Fotiha”ga qoʻshib ham, undan boshqa suralarga qoʻshib ham oʻqimaydi. Xoh jahriy namoz boʻlsin, xoh maxfiy – baribir. Uni nafl namozda oʻqish mumkin. Qurtubiy: “Bu fikrlarning ichidan eng toʻgʻrisi Molikning fikridir. Chunki Qurʼon ohod xabarlar bilan sobit boʻlmaydi. U faqat ixtilof qilinmaydigan qatʼiy va mutavotir yoʻl bilan sobit boʻladi, xolos”, degan. Lekin bu gap toʻgʻri emas, chunki har bir oyatning mutavotir boʻlishi shart qilinmagan.

Abdulloh ibn Muborak: “U har bir suraning bir oyatidir”, degan. Uning hujjati Imom Muslim Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan ushbu xabardir: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz bilan oʻtirganlarida, banogoh yengil hushdan ketdilar. Soʻng tabassum qilgan holda boshlarini koʻtardilar. Shunda biz: “Ey Allohning Rasuli! Sizni nima kuldirdi?” dedik. U zot: “Menga hozirgina bir sura nozil qilindi”, dedilar va: “Bismillahir rohmanir rohiym. Inna aʼtoynakal kavsar. Fasolli li Robbika vanhar. Inna shaniaka huval abtar”ni qiroat qildilar”.

Shofeiylar va hanbaliylar fikricha, “Basmala” “Fotiha” surasining bir oyati boʻlib, uni namozda oʻqish vojibdir. Ammo hanbaliylar ham hanafiylar fikriga qoʻshilgan holda uni ichida oʻqiydi, jahriy qilmaydi, degan. Shofeiylar esa “Basmala”ni maxfiy namozda maxfiy, jahriysida “Fotiha” surasini jahriy oʻqigandek ovoz chiqarib oʻqiydi, degan. “Basmala” “Fotiha” surasining bir oyatidir, degan qarashlariga ularning dalillari Doraqutniy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan ushbu hadisdir: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Agar “Alhamdu lillahi Robbil olamiyn”ni oʻqisangiz, “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham oʻqing. Albatta, u Ummul Qurʼondir, Ummul Kitobdir, Sabʼul masoniydir. “Bismillahir rohmanir rohiym” esa uning oyatlaridan biridir”, dedilar”. Bu hadisning sanadi sahihdir.

“Basmala”ni jahriy oʻqish borasida shofeiylarning dalili Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan ushbu hadisdir: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam “Bismillahir rohmanir rohiym”ni jahriy oʻqidilar”. Yana bir dalil shuki, “Basmala” Qurʼonning bir oyati oʻlaroq “taavvuz”dan keyin qiroat qilinadi. Demak, uni ham “Fotiha” surasi kabi jahriy aytish sunnatdir. “Basmala” boshqa suralarning ham bir oyatimi yoʻqmi? Bu borada Imom Shofeiydan ikki xil qarash rivoyat qilingan. Birida “Basmala” har bir suraning bir oyatidir, degan boʻlsa, ikkinchisida “Fotiha” surasidan boshqasida oyat emas, degan.

Toʻgʻri fikr shuki, “Basmala” xuddi “Fotiha” singari har bir suraning bir oyatidir. “Baroat” surasidan tashqari har bir suraning boshida yozilishi buning dalilidir. Vaholanki, ular (Qurʼon oyatlarini bir musʼhaf holiga keltirganlar) Qurʼondan boʻlmagan narsalarni musʼhaflarga kiritishmagan.

Yuqorida bayon qilingan fiqhiy ixtilofga qaramay, “Basmala” “Naml” surasining bir oyati ekaniga, ilmiy asarlardan har birining kirish qismida va maktublarning boshida “Basmala”ni yozish mumkinligiga butun ummat ittifoq qilgan. Agar kitob sheʼrlar devoni boʻlsa, Shaʼbiy va Zuhriy ularning boshiga “Basmala” yozish mumkin emas, degan. Said ibn Jubayr, shuningdek, mutaaxirinlarning koʻpchiligi bu ishni joiz sanagan” [1:46-48].

Yuqorida bayon qilingan qarashlarni atroflicha oʻrganib chiqqandan soʻng shu narsa oydinlashadiki, “Basmala”ni jahriy aytish sunnat emasligi haqidagi fikr ularning orasidan eng kuchlisidir. Chunki ularning dalillari ham kuchlidir. Qolaversa, raʼyni ishlatishga oʻrin yoʻq boʻlgan masalalarda sahobalarning amali ham hujjat sanaladi. Agar uni jahriy aytish sunnat boʻlganida, sahobalar jamoasi uni tark qilishi mumkin emas edi. Agar ularda “Basmala”ni jahriy aytish hukmi nasx qilingani haqida dalil boʻlmaganida, musʼhafni ochib beruvchi ulugʻ oyat hisoblanmish “Bismillahir rohmanir rohiym”ni jahriy aytmasdan qoʻymas edilar. Imom Moturidiy rahimahullohni ham shu qarashni qabul qilishga, uni aqliy va naqliy dalillar bilan isbotlab berishga undagan omillar ham ana shulardir.

Ota-bobolari ibodat amallarini bir necha asrlardan buyon hanafiylik mazhabi asosida ado etib kelgan bugungi yoshlarga “Basmala”ning mazmun-mohiyati, hikmati, sharʼiy hukmlari toʻgʻrisida tushuncha berish maqsadga muvofiqdir. Zero, Qurʼon va hadisga ergashish shiori ostida yoshlarni mazhabsizlikka targʻib qilish avjiga chiqqan bugungi kunda bu kabi maʼrifiy suhbatlarni koʻpaytirish ularda har xil oqimlarga nisbatan kuchli immunitetni shakllantirishga yordam beradi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Vahba Zuhayliy. At-Tafsirul munir fil aqidati vash shariati val manhaj, 1-nashr. – Damashq-Suriya: Dorul fikr, 1991.
  2. Imom Moturidiy. Taʼvilotul Qurʼon. – Istanbul: Dorul mezon, Ahmad Vonli Oʻgʻli va Bakr Toʻpol Oʻgʻli tahqiqi, 2005.
  3. Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy. Al-Osor, Abulvafo Afgʻoniy tahqiqi. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1993.
  4. Imom Navaviy. Al-Majmuʼ sharhul muhazzab. – Bayrut: Dorul fikr,
  5. Imom Shofeiy. Al-Um. – Misr: Dorul vafo, Rifʼat Favziy Abdulmuttalib tahqiqi, 2001.
  6. Molik ibn Anas. Al-Mudavvanatul kubro. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1994.
[1] Tabaroniy va Zaylaiy rivoyat qilgan.
[2] Imom Termiziy, Abu Dovud, Hokim rivoyat qilgan.
[3] Bayhaqiy va Doraqutniy rivoyat qilgan.
[4] Imom Muslim rivoyati.
[5] Imom Muslim rivoyati.
[6] Imom Molik va Bayhaqiy rivoyat qilgan.
[7] Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan.
[8] Abu Dovud rivoyati.
Alouddin NEMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAHBUBIYLAR OILASI ILMIY MEROSI

Mahbubiylar oilasi Buxoroda faoliyat yuritgan yirik oilaviy faqihlar sulolasi hisoblanadi. Bu oila vakillari tomonidan Hanafiy …