Home / FOTO LAVHALAR / Indoneziyaning nufuzli delegatsiyasi tashrifi

Indoneziyaning nufuzli delegatsiyasi tashrifi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziya Respublikasi Xalq maslahati kengashi raisi Ahmad Muzani boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Indoneziyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Siti Ruxayni Juhayatin xonim hamrohlik qildi.

Mehmonlar Markaz faoliyati, buyuk muhaddis Imom Buxoriyning hayoti va boy ilmiy merosini oʻrganish, asrash va xalqaro miqyosda targʻib etish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, delegatsiya aʼzolariga qoʻlyozmalar fondi va Markazning xalqaro ilmiy hamkorlik yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi.

Tashrif doirasida “Imom Buxoriy merosi: Oʻzbekiston – Indoneziya munosabatlarini rivojlantirishning maʼnaviy asoslari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Unda ikki mamlakatni asrlar davomida bogʻlab kelayotgan maʼnaviy rishtalar, Imom Buxoriy merosining musulmon olami, xususan, Indoneziya jamiyati hayotidagi oʻrni va ilmiy diplomatiyani yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Imom Buxoriyning boy ilmiy merosi Oʻzbekiston va Indoneziya xalqlarini birlashtiruvchi umumiy maʼnaviy va intellektual boylik ekanini taʼkidladi. Qayd etilganidek, allomaning ilmga intilish, bagʻrikenglik, adolat va haqiqatga sodiqlik kabi umuminsoniy gʻoyalari bugun ham ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, muloqot davomida qoʻlyozmalarni oʻrganish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, akademik almashuv dasturlarini kengaytirish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish va ilmiy diplomatiyani yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Ahmad Muzani Imom Buxoriy nomi barcha musulmonlar singari Indoneziya xalqi uchun ham yuksak ehtirom obyekti ekanini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, “Sahihul Buxoriy” asari yuzlab yillardan buyon Indoneziyadagi madrasa va islomiy taʼlim muassasalarida asosiy manbalardan biri sifatida oʻqitib kelinmoqda. Shu bois Samarqandga kelib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish indoneziyalik musulmonlar uchun yuksak maʼnaviy ahamiyatga ega.

Mehmonlar mazkur tashrif Oʻzbekiston bilan Indoneziya oʻrtasidagi maʼnaviy, ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, Imom Buxoriy merosini birgalikda oʻrganish va targʻib qilish yoʻlidagi muhim qadam boʻlishini alohida taʼkidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Qalam ahliga ehtirom

27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …