Home / MAQOLALAR / AZIM ZOTLAR YURTIGA MUAZZAMLIK YARASHADI

AZIM ZOTLAR YURTIGA MUAZZAMLIK YARASHADI

RAMAZON HAYITI ARAFASIDA SAMARQAND VILOYATINING POYARIQ TUMANIDAGI XOʻJA ISMOIL SHAHARCHASIDA IMOM BUXORIY MAJMUASINING OCHILISH MAROSIMI BOʻLIB OʻTDI.

Mavzuning muazzamlikdan belgilangani hech kimni taajjubga solmasin. Bu hargiz nokamtarlik emas. Oʻzimizni koʻkka koʻtarishni ham anglatmaydi. Bu oʻrinda ulugʻlik buyuk ajdodlarimizga nisbat bilan aytilayotir. Bugun biz yashayotgan saxovatli zamin oʻtmishda insoniyatga ne-ne allomalarni taqdim etganini yaxshi bilamiz, buni dunyo afkor ommasi ham eʼtirof etadi.

Hozirgi zamon kishisi uchun oddiy koʻringan koʻplab ashyo va tamoyillar negizida aslida katta kashfiyotlar, ilmiy jasorat yotishi ham haqiqatdir. Lekin ana shu ilmiy moʻjizalarni kashf etmoq uchun qancha koʻz nuri toʻkilgani, qancha-qancha uyqusiz tunlar oʻtkazilgani, ijodning qandayin ogʻir iztiroblari chekilgani, bir soʻz bilan aytganda, mislsiz aqliy riyozat sinovlaridan oʻtilganini faqat kashshoflarning – olimu allomalarimizning oʻzi biladi.

Misol uchun, Xorazmiy bobo jiddu jahd qilib arab raqamlarini ilmiy muomalaga kiritmaganida, bashariyat yana necha asr davomida rimliklarning raqamlari bilan aldanib-adashib, hisob-kitobga qiynalib, oqibatda taraqqiyotni ortga suraverib yurgan boʻlardi – buni Allohning oʻzi biladi. Kundalik hayotda koʻp ishlatiladi bu sanoq tizimi, shuning uchun aksar odamlar ahamiyatiga eʼtibor bermaydi. Vaholanki, Rim raqamlari bilan arifmetik amallarni, koʻpaytiruv va boʻluvni amalga oshirib koʻrish yetarli. Eng oqil kishining ham miyasini charchatadi bu. Endi oliy matematika yo kvant fizikasini olib qaraydigan boʻlsak, arab raqamlari boʻlmasa, bu fanlar sira ham shakllanmasdi. Axir Rim raqamlari bilan qanday qilib ham formula tuzib boʻlsin! Boshqa cheklov ham bor – bu raqamlar yordamida inson oqqa tushira olishi mumkin boʻlgan eng katta son (harflar ustiga chiziq tortmagan holda) – 3999! U bunday yoziladi: MMMCMXCIX.

Bu yerda MMM – 3000, CM – 900, XC – 90, IX – 9. Gap shundaki, bu tizimda I, X, C, M belgilarini uch martadan koʻp ishlatish mumkin emas. V, L, D belgilari esa umuman bittadan ortiq qaytarilmaydi. 3999dan katta sonni koʻrsatish uchun bu belgilar ustiga chiziq tortish kerak boʻladi, u raqamni ming karra oshiradi. Masalan, chiziqli V – besh mingni, chiziqli M – millionni anglatadi. Ochigʻini aytganda, bunday tizim jiddiy izlanishlar uchun yaroqsizdir.

Boshqa allomalarimizning ilmiy jasorati va fanning oliy peshtaxtasiga zarhal harflar bilan bitilgan kashfiyotlaridan ham koʻp misol keltirish mumkin. Lekin, oʻylaymizki, shuning oʻzi kifoya. Zero, aql egalari ularni allaqachon oʻz tafakkuri bilan qalbiga singdirib boʻlgan.

Mavzuga qaytib, muazzamlikdan soʻz ochilganiga keladigan boʻlsak, bundan murod alloma ajdodlarimiz jahon fani barobarida islomiy ilmlar rivojiga ham beqiyos hissa qoʻshganini taʼkidlamoq edi. Imom Buxoriyning shoh asari boʻlmish «Al-jomeʼ as-sahih» asrlar davomida musulmon olamida Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida eʼtirof etib kelinayotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Shuni ham bilamizki, dunyo musulmonlarining aksariyati muqaddas dinimizning aqidasini Imom Moturidiy maktabi, aniqrogʻi, uning «Taʼvilotul-Qurʼon» asari asosida oʻrganadi.

Shu ikki zalvorli misol bilan cheklanish mumkinmikan?!.

Axir islom fiqhi – yurisprudensiyasi hanuz Burhoniddin Margʻinoniyning «Hidoya» asari asosida yuritilishini, Bahovuddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy kabi tariqat ahlining qariyb barcha peshvolari shu muqaddas zamindan yetishib chiqqanini aytmaslik oʻzimizga xiyonatdek tuyuladi-da. Negaki, bu zaminning har qarichi muqaddas – qaysi viloyatning qaysi tumaniga bormang, albatta bir avliyo yo olimning ziyoratgohiga duch kelasiz. Boshqa xalqlar shu jihatdan bizga havas qilishi – bor gap. Musulmonlar istiqomat qiladigan har qanday diyorga borib, “Buxoriyning yurtdoshiman” desangiz oʻzgacha munosabat koʻrsatilishi – haqiqat.

Lekin biz ajdodlar bilan quruq faxrlanish yoʻlidan bormayotganimizni ham taʼkidlash kerak. Mamlakatimizda bu aziz zotlarning ilmiy-maʼnaviy merosini asrash, oʻrganish, jamoatchilikka yetkazish, yosh avlodni shu meros asosida tarbiyalash borasida bemisl ishlar qilinmoqda. Bir necha yildan buyon Samarqandda Imom Buxoriy, Termizda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat koʻrsatmoqda. Mana, muqaddas Ramazon oyida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi. Uning taʼrifini keltirib, oʻquvchining vaqtini olmaymiz – teleradio, matbuot va ijtimoiy tarmoqlar bu haqda batafsil maʼlumot berib boʻldi.

Mazkur muassasalar buyuk muhaddis va mufassirlar, kalom ilmi peshvolarining asarlarini, ularga boshqa nufuzli ulamolar bitgan sharhlarni oʻzbek tiliga tarjima qilib, nashrdan chiqarmoqda. Bu faqat islomiy ilmlarni emas, balki taʼlim-tarbiyani, vatanparvarlik, insonparvarlik, tinchliksevarlik, bagʻrikenglik, halollik kabi tuygʻu va fazilatlarni ham keng yoyish va rivojlantirishga yoʻl ochmoqda. Negaki, bu noyob meros hayotning hamma jabhalarini qamrab oladigan, shaxsiy kamolotdan fozil davlat va fozil jamiyat qurishgacha boʻlgan hamma bosqich va pogʻonalarda dasturulamal boʻladigan bebaho xazinadir.

Koʻplab donishlarning «bir yil ilm oʻrgangan boʻlsam, qirq yil odobni oʻrgandim» degan mazmundagi gapini hammamiz eshitganmiz, oʻqiganmiz. Yaʼni, tarbiya maʼnosidagi odob yaxshi boʻlsa, tarbiyadan shakllanuvchi axloq, dunyoqarash, intilishlar ezgu boʻlsa, ilm rivojlanib boraveradi.

Shu maʼnoda Imom Buxoriyning, boshqa allomalarimizning ilmiy merosi oʻz-oʻzidan katta maʼnaviy boylik boʻlsa, buning tarbiyaviy ahamiyati yana bir ulkan mulkdir. Misol keltiraylik. Yaxshi maʼlumki, Imom Buxoriy bolaligida otasidan yetim qolib, onasining tarbiyasi bilan voyaga yetgan. U ayol erkaklar bilan yonma-yon masjidga bora olmasdi, lekin oʻgʻlini ertalab ibodatga ketayotgan odamlar safiga qoʻshib yuborishdan hech ham tolmasdi. Uning duogoʻyligi sababli yosh Muhammadning koʻr koʻzlariga yana nur qaytgan. Uning jonkuyarligi tufayli yosh Muhammad hamma tan oladigan imom – hadis ilmining sultoni boʻlib yetishgan desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Axir ota umri uzoq boʻlgan taqdirda ham hamisha farzandning yonida boʻlavermaydi. U turmush tashvishlari bilan ertalab ketib, kechqurun qaytadigan rahnamo. Ona esa bola bilan doim birga. Mana shu misolning oʻzi yosh onalarimiz uchun katta saboq boʻlsa ajab emas.

Tomas Edison degan olimni hamma taniydi. Bir kuni u maktabdan qaytganida, onasiga oʻqituvchining xatini tutqazadi. Onasi xatni ochib, biroz termulib turadi-da, tabassum bilan jaranglatib oʻqiydi: «Oʻgʻlingiz – daho. Bu maktab juda mayda joy. Bu yerda oʻgʻlingizga taʼlim berishga qodir oʻqituvchi yoʻq.

Iltimos, unga oʻzingiz tahsil bersangiz». Oradan yillar oʻtib, Tomas oʻz asri va keyingi zamonlarning eng yirik kashfiyotchi olimlaridan biri sifatida tan olingan paytlar keladi. Bir kuni u oila arxivini koʻzdan kechirayotib, oʻsha maktubni topib oladi va oʻqiydi: «Oʻgʻlingiz – aqli noqis bola. Biz uni bu maktabda boshqa bolalar bilan birga oʻqita olmaymiz. Shuning uchun oʻgʻlingizga oʻzingiz uyda mustaqil taʼlim berishingizni tavsiya qilamiz». Tomas ancha vaqtgacha koʻz  yoshini tiyolmay oʻtiradi, keyin kundaligiga bunday deb yozadi: «Tomas Alva Edison aqli noqis bola edi. Lekin jonkuyar, fidoyi, qahramon onasi tufayli oʻz asrining eng buyuk dohiylaridan biri boʻlib yetishdi».

Biz Imom Buxoriy haqida, uning asarlari toʻgʻrisida soatlab gapirishimiz mumkin. Alloh taolo u zotga katta fazl va sharaf ato etgan. Ilm yoʻlida qilgan xizmatlarining samarasi oʻlaroq, shuhratini butun dunyoga qiyomatga yetadigan qilib tarqatgan. U zotning shaʼniga aytilgan gaplarni toʻliq keltirishning sira iloji yoʻq. Bu oʻrinda faqat hadis ilmining yetuk olimi Ibn Hajar Asqaloniyning «Keyingi asrda yashab oʻtgan ulamolarning Imom Buxoriy nomiga aytgan maqtovlari» nomli alohida bob ochsalar, varaqlar qolmay, siyohlar tugab bitar edi. Chunki u sohili yoʻq dengizdir» degan gapi kifoya.

Ha, muqaddas islom dini ravnaqini taʼminlashga xalqimizning eng iqtidorli buyuk allomalari beqiyos hissa qoʻshgan. Bir yarim ming yildan ziyod davrdagi islom tarixi va taraqqiyotini ularning ilmiy faoliyatisiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Shunday esa-da, bu qutlugʻ diyor dunyoga ulugʻlar ichra ulugʻlarni ham yetishtirib berdiki, bu daholar nomining oʻzi ilm va haqiqatni anglatadigan boʻlib qoldi. Tabiiyki, bu oʻrinda Imom Buxoriy nazarda tutilayapti. Istalgan musulmon mamlakatga borib, mahalliy aholi bilan muloqotga kirishing va gap orasida bir hadis aytib bering-a! Sizdan darhol «buni kim rivoyat qilgan?» deb soʻrashadi. «Bu Imom Buxoriy keltirgan hadislardan» desangiz shu bilan bu mavzu yopiladi. Siz aytgan rivoyatning sahihligiga hech kim shubha qilmaydi, hech qanday gumonga oʻrin qolmaydi.

Aytadilar-ku, avval martaba shaxsning nufuzini oshiradi. Lekin shu inson martabalarning hamma darajasidan ham yuksalib ketsa, u zot nomining oʻzi oliy martabaga aylanadi. Deylik, Albert Aynshtaynni fizika fanlari doktori yo akademik desak, olimning fandagi maqomini tushirib yuborgan boʻlib chiqamiz. Shuning uchun boʻlsa kerak, el orasida yosh iqtidor egalariga «Navoiy boʻlib ketgin», «Sen ikkinchi Aynshtayn boʻlasan» qabilidagi maqtovlar aytiladi.

Imom Buxoriy nomi ham shunday. U zotni «Imomul-muhaddisiyn» (barcha muhaddislar imomi), «Amirul-muʼminiyn fil hadis» (hadis ilmida moʻminlarning amiri), «Imomud-dunyo» (dunyo imomi) deb sharaflashgan. Qolaversa, Asqaloniyning yuqoridagi soʻzlari Imom Buxoriyni har qancha taʼriflasa ham qanoat hosil boʻlmasligini bildirib turipti.

Mana, nomining oʻzi har qanday martabani parchalab yuboradigan shu buyuk allomaning moʻtabar xoki abadiy qoʻnim topgan koʻhna Samarqandda – roʻyi zamin sayqali, Oʻzbekiston durdonasi boʻlgan goʻshada Imom Buxoriy majmuasi bunyod etildi.

Butun islom olamida islom ilmlari, xususan, hadisshunoslik haqida, uning shakllanishi va rivojlanishi toʻgʻrisida gap ketganda, hech shubhasiz, bizning yurtimiz allomalari birinchilar qatorida tilga olinadi. Chunki Imom Buxoriy, Imom Moturidiy (u ham ayrim taʼvil va tafsirlarga hadis bilan dalil keltirish orqali oliy darajadagi muhaddis maqomida boʻlgan), Abd ibn Humayd Keshiy, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Abdurahmon Dorimiy, Ibn Hibbon kabi buyuk olimlar aynan mana shu qutlugʻ zamin farzandlaridir.

Imom Buxoriy haqida oʻqib-oʻrganishni har bir yurtdoshimizning oʻziga havola qilgan holda, bu shonli voqea munosabati bilan u zot haqida bir-ikki jumla aytishga ijozat bergaysiz. Bolaligidan hadis ilmini oʻrganishga chuqur kirishgan, hali balogʻatga yetmay turib ustozlarining xato-kamchiliklarini toʻgʻrilash darajasiga koʻtarilgan bu ulugʻ alloma 600 mingdan ziyod – eʼtibor bering-a, 600 mingdan koʻproq – hadis toʻplagan. Toʻplash oʻz yoʻliga dersiz, hammasini yod bilgan, adashganlarga qayerda xato qilayotganini bildirib borish uchun sahih boʻlmagan, toʻqima hadislarni ham xotirasida saqlagan. Bundan tashqari, hadis rivoyat qiluvchilardan 80 mingtasining tarjimai holini yod bilgan. Yuz minglab hadis orasidan 7500 dan ziyodini oʻta sinchkovlik bilan saralab, «Sahihul-Buxoriy»ga kiritgan.

Xalq orasida, umuman, musulmon dunyosida ayni shu toʻplam mashhur. Aytish kerakki, bu mumtoz siymo 20 dan ziyod boshqa asar ham yozgan. Ularning har biri asrlar davomida islom dini poydevorini mustahkamlashga xizmat qilib kelayapti.

Taʼriflar bilan tanishishni ham hamyurtlarning oʻziga qoldiramiz, lekin umuman tavsifsiz oʻtish ham noqulay. Shu bois boshqa mashhur muhaddis Imom Muslimning soʻzlarini keltirib oʻtamiz: «Imom Buxoriy – ustozlarning ustozi, hadisshunoslar sayyidi, hadis illatlarining tabibidir. Guvohlik beramanki, dunyoda unga teng keladigan alloma yoʻq».

Jahonda qiyosi yoʻq ana shunday alloma bobokalonimizning yodgorlik majmuasini u zotning olamshumul shuhratiga munosib tarzda, muazzam bir shaklda barpo etish xalqimizning orzusi edi. Bugun uning oʻta goʻzal tarzda ushalganiga guvoh boʻlib turibmiz.

Fursatdan foydalanib, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi toʻgʻrisida ayrim maʼlumotlarni ham keltirib oʻtsak. Qurilish boshlanganini bildik, nihoyasiga yetganini bildik, majmua ochilganini bildik. Lekin bu ulkan bunyodkorlik jarayoni, bu yerdagi keng qamrovli ishlarning texnik jihatlaridan hozircha hamma ham boxabar emas.

Avvalo shuni aytish kerakki, yangi mahobatli bino qurilishi Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan 2021-yilda boshlandi. Qurilishning umumiy maydoni – 60 gektar. Shundan 45 gektari majmua uchun ajratilgan boʻlsa, qolgan 15 gektariga zamonaviy shinam mehmonxonalar qurildi.Majmuaning oʻzi 10 ming kishini sigʻdiradigan masjid, ichki hovlida 154 ustunli P shaklidagi ayvon, Innovatsion muzey va maqbaradan iborat.

Albatta, majmuada yuksak martabali mehmonlarni qabul qilishga moʻljallangan qismlar, maʼmuriyat boʻlimi, huquq-tartibot, yongʻin xavfsizligi va boshqa xizmatlar ham bor.

Majmua binosining fasadi turli mamlakatlardan keltirilgan oq marmar hamda moleanos toshlari bilan, ichki devorlar yorqin marmar bilan qoplangan. 14 gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora majmuaning salobati va haybatini yanada oshiradi.

Qolganini ziyoratga borganda yoʻl-yoʻlakay bilib olaverasiz.

Imom Buxoriy majmuasi faqat hashamatli bino va inshootlardan iborat maskan emas, balki insonlarning qalbini zabt etadigan, ayniqsa, yoshlarning hayotda adashmasdan, toʻgʻri yoʻlni topishiga xizmat qiladigan ilmiy dargoh, maʼrifat oʻchogʻi, shuning barobarida, buyuk muhaddisning ibratli hayoti va serqirra faoliyatini aks ettiruvchi muborak maskandir.

Islom olamida Imom Buxoriydek yuksak maqom tutgan allomalarning hayotini chuqur tadqiq etish, asarlarini targʻib qilish muhim vazifalardan sanaladi. Shu maqsaddan kelib chiqib, Imom Buxoriy majmuasida alloma hayoti va ilmiy faoliyatini yorituvchi innovatsion muzey tashkil qilindiki, bunga sal kengroq toʻxtalish kerak.

Davlatimiz rahbari 2022-yil 17-18-avgust kunlari Saudiya Arabistonida boʻlganida Muhammad alayhissalomning siyrati va Islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan yaqindan tanishgan edi. Oʻsha pallada ushbu tabarruk majmuada yurtimizda ham xuddi shunday muzey yaratishga qaror qilindi. Prezidentning bu tashabbusini jamoatchilik qoʻlladi. Shu asosda Imom Buxoriyning ilmiy shavkatiga, shaxs sifatidagi fazilatlariga, kuchli xotira, bugun biz masʼuliyat deb ataydigan qatʼiy omonatdorlik, safar va izlanish iztiroblariga sabrli boʻlish kabi noyob xislatlariga mos qilib, yaʼni shu jihatlarni toʻla-toʻkis aks ettiradigan muzey barpo etildi.

Endi boʻlimma-boʻlim yurib, qisqa-qisqa sharhlar berib oʻtsak. 1-pavilyon «Muhammad alayhissalom va nubuvvat tarixi» deb nomlangan. U yerda Qurʼoni karimda ismlari zikr qilingan paygʻambarlar haqida maʼlumot beriladi. Keyin Muhammad alayhissalomning shajarasi ekspozitsiyadan oʻrin olgan yirik hajmdagi daraxt shaklidagi interaktiv infokiosk yordamida namoyish etiladi. U zotning dunyoga kelishi va nubuvvatning boshlanishi (shahar maketi va proyeksion videofilm), Hujrai saodatning qayta tiklangan koʻrinishi, Hiro gʻorida ilk vahiy nozil boʻlishi aks ettirilgan. “Hadis ilmining paydo boʻlishi va rivojlanishi” nomli 2-pavilyonda eksponatlar, infografik, audio va vizual materiallar orqali hadis ilmining paydo boʻlish va rivojlanish tarixi bilan tanishish mumkin. Infografik pannoda eng koʻp hadis rivoyat qilgan sahobalar roʻyxati berilgan.

Sal yursangiz, katta xaritaga duch kelasiz. Unda ilk oʻrta asrlardagi Movarounnahr va Xuroson shaharlarining qadimgi nomlari hamda tarixiy-madaniy markazlar va viloyatlar ajratib koʻrsatilgan. Karvon yoʻllari va ular oʻrtasidagi masofalar sayohatlar mashaqqati haqida aniqroq tasavvur shakllantirish maqsadida kun oʻlchamlarida berilgan. Yon tomonlarda movarounnahrlik muhaddis ulamolarning tarjimayi holi va ilmiy merosi haqida maʼlumotlar, vitrinalarda ularning asarlaridan namunalar turipti.

3-pavilyon – «Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati». Bu qismni tashkil etishdan maqsad muzeyga keluvchilarning koʻz oʻngida alloma hayoti va ilmiy faoliyatini qayta tiklash, ilmiy merosi naqadar buyuk ahamiyatga ega ekanini koʻrsatib berish hamda yoshlarda ilm bilan shugʻullanishga mehr va ragʻbat paydo qilishdir.

Keyingi pavilyon “Imom Buxoriy: buyuk fenomen” deb nomlangan boʻlib, unda allomaning hayoti va faoliyati haqidagi film katta ekranda namoyish etiladi.

5-pavilyonga «Imom Buxoriy fazilatlari» degan nom berilgan. Unda Imom Buxoriyning buyuk ilmiy salohiyati, eng ishonchli hadislarni saralash va avlodlarga qoldirish yoʻlida chekkan zahmati, taqvosi, islom olamida Qurʼondan keyingi oʻrinda turuvchi asar muallifi ekani, uni butun dunyo eʼtirof etgani, yoshligidan zehni oʻtkir va xotirasi kuchli boʻlgani, ota-onasi va ustoz-shogirdlariga samimiy munosabati kabi jihatlari koʻrsatib berilgan. Ushbu qismda allomaning ilm yoʻlida chekkan mashaqqati va sinovlarni yengib oʻtishdagi jasorati haqidagi maʼlumotlar keltirilgan boʻlib, bu yoshlar qalbida ajdodlar bilan faxrlanish tuygʻusini kuchaytiradi.

Pavilyonning butun hududi boʻylab proyeksiya orqali mavzuni yoritadigan videolar uzluksiz koʻrsatib turiladi. Videofilmlar mavzularga boʻlingan holda ketma-ket davom etib, pavilyonga istalgan vaqtda kelgan tomoshabinga mavzuga tez kirishib ketish imkonini beradi.

Shuningdek, bu yerda Imom Buxoriyning Bogʻdod, Samarqand va Nishopurda imtihon qilinishi, ilm yoʻlidagi mashaqqatlarni matonat bilan yengib oʻtishi maketlar orqali koʻrsatilgan.

Imom Buxoriyning betakror xotira egasi boʻlgani haqida film namoyish etiladi.

“Imom Buxoriy avlodlari” deb atalgan 6-pavilyonda yosh tomoshabinlarga muzey konsepsiyasidan oʻrin olgan mavzular bilan oʻyinli interaktiv eksponatlar orqali tanishish, oʻrganish imkoniyati yaratilgan.

Uchar gilamda tarixga sayohat qildiruvchi 5D filmi oʻrta asrlardagi islom olami shaharlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Yosh Muhammad ibn Ismoil bilan birga xotira oʻyini (Interaktiv immersiv proyeksiya) ham yosh avlod uchun nihoyatda foydali.

7-pavilyon «”Al-jomeʼ as-sahih” – islom dinining ikkinchi manbasi» deb nomlangan. Bu yerda mazkur buyuk toʻplamning ilmiy, hayotiy ahamiyatini koʻrsatib berish maqsad qilingan. «Al-jomeʼ as-sahih»ga berilgan taʼriflar bilan tanishish mumkin. Matnli pannoda asar haqida maʼlumot bor. Yurishda davom etsangiz, asarning dunyo fondlaridagi nusxalari bilan tanishasiz.

Pavilyonning oʻrta qismiga ustun shaklidagi vitrinalar oʻrnatilgan. Ularga «Sahihul-Buxoriy»ning turli davlatlar kutubxonalaridagi nusxalaridan parchalar joylashtirilgan.

8-pavilyon «Imom Buxoriy merosi va bugungi kundagi ahamiyati» deb atalgan. Hozirgi yoshlar tarbiyasida alloma asarlari va hadislarining ahamiyati yuqori ekanini inobatga olib, muzeyning ushbu qismiga alohida eʼtibor qaratilgan. Pavilyon markazidagi yirik lavh ustida «Al-jomeʼ as-sahih» asarining katta maketi oʻrin olgan. Uning atrofidan yozuv qogʻozi shiftga tomon aylanib koʻtariladi. Qogʻozning boshlanish qismida toʻplamdagi birinchi hadis – “Albatta, amallar niyatlarga koʻradir” soʻzlari 22 tilda goʻzal xattotlik usulida yozilgan. Qogʻoz mato shaklida butun pavilyon boʻylab aylanishda davom etadi. Devordagi ekranlarda asardan
tanlangan hadislar uch tilda namoyish etiladi. Shu yerda hadislar kartotekasi ham bor. Foydalanuvchilar maxsus vitrina ustiga terilgan taxtachalarni koʻtarib, ichida yozilgan hadislarni oʻqishi mumkin.

9-pavilyon – «Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy islohotlar va Imom Buxoriy merosiga eʼtibor». Bu yerda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlar, xususan, Imom Buxoriyning vatan, millat manfaati va din yoʻlida qilgan xizmatlarini munosib baholash va ruhini shod etish maqsadida alloma maqbarasining obodonlashtirilishi, uning ulkan merosini ilmiy asosda oʻrganish va xalqimizga yetkazishga qaratilgan tarjima va nashr ishlari, alloma asarlarini yurtimiz va jahon jamoatchiligi orasida keng targʻib etish maqsadida qabul qilingan huquqiy-meʼyoriy hujjatlar haqida maʼlumot berilgan.

Pavilyonning alohida qismidan “Imom Buxoriy” ordeni vitrinasi oʻrin olgan. U orqali ordenning oʻzi, taʼsis hujjatlaridan nusxalar, taqdirlangan shaxslar bilan tanishish mumkin.

Devorlardan biriga Saudiya Arabistoni podshohi Fahd ibn Abdulaziz sovgʻa qilgan kisva – kaʼbapoʻsh osilgan boʻlsa, yana biriga turli mamlakatlar rahbarlari tomonidan Imom Buxoriy majmuasiga hadya qilingan Qurʼoni karim nusxalari joylashtirilgan.

Har qancha qisqa qilishga urinmaylik, kuchli hayajon tufayli baribir soʻzlar hajmi oshib borayapti. Shu bois Imom Buxoriy majmuasining betakror meʼmoriy yechimlari, texnik sifatlari, bu yerdagi mehmonxonalar, zangori hovuzlar, azim chinorlar haqida toʻxtalmaymiz. Illo, qolgan taassurotlarni ziyoratga kelganda, Imom Buxoriy innovatsion muzeyi bilan tanishganda oʻzingiz olganingiz maʼqul.

Faqat bir jihatni taʼkidlab oʻtamiz: rivoyatlarga koʻra Imom Buxoriy dafn etilganda qabridan yuqoriga nur koʻtarilib, atrofga juda yoqimli hid taralgan ekan. Shu darajadaki, odamlar u yerdan uyiga tuproq olib keta boshlagan. Yaʼni, ulugʻ insonlarning ulugʻvorligi vafotidan keyin ham muazzamligicha qolaveradi. Ana shunday buyuk inson nomidagi majmua ochilgan ushbu saodatli kunlarda ulugʻlarning hamma narsasi ulugʻvor boʻlaverishini tasdiqlab, bunga yana bir marta amin boʻlib turibmiz!

Anvar BOBOYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: “MAʼNAVIY HAYOT” jurnali №2/2026

Check Also

SUV – ULUGʻ NEʼMAT!

Suv – tiriklik manbalaridan biri va tabiatning ajralmas qismidir. Alloh taolo Yerni yashashga qulay qilib, …