Mahbubiylar oilasi Buxoroda faoliyat yuritgan yirik oilaviy faqihlar sulolasi hisoblanadi. Bu oila vakillari tomonidan Hanafiy fiqhi borasida bir qator asarlar yozilgan. Ular hozirgi kunda ham katta qiziqish bilan oʻrganiladi. Ushbu asarlarga koʻplab sharh, hoshiya va qisqartmalar yozilgan.
Buxorodagi bu oila vakillari va boshqa koʻp diyorlardagi faqihlar oʻz darslari, fatvolari va toʻplamlarida murojaat qilgan eng muhim asarlardan biri Burhoniddin Margʻinoniy (vaf. 593/1197)ning “Al-Hidoya” asaridir. Oʻrta Osiyo huquqiy bilimlari mahsuli sanalgan bu asar koʻplab tadqiqotlar manbai boʻlib, hanafiy mazhabi rivojiga katta hissa qoʻshgan. Mahbubiylar oilasi vakillari asarlaridagi asosiy manbalardan biri ham “Al-Hidoya”dir. Burhonushsharia (vaf. VII-VIII/XIII-XIV asr) “Al-Hidoya” haqida ixcham asar “Viqoyatur rivoya fi masailil Hidoya” va Tajushsharia (vaf. 709/1309) “Sharhul-Hidoya”ni yozgan. Sadrushsharia Soniy (vaf.747/1346) “Viqoya”ning qisqartmasi boʻlgan “An-Nuqoya”ni va “Sharhul viqoya” asarini yozgan.
Bu asarlar Hanafiy adabiyotida muhim mavqega ega boʻlib, ulardan yillar davomida taʼlim va fatvo manbai sifatida foydalanilgan. Bundan tashqari, bu asarlarning bir qismi faqihlar tomonidan asos qilib olingan va podshohlar farmoni bilan darsliklar roʻyxatiga kiritilgan. Quyida Mahbubiylar oilasiga mansub faqihlar asarlarini oʻrganib chiqamiz.
Mahbubiylar sulolasining ilk vakili, Burhonushsharianing bobosi Jaloliddin Ubaydulloh ibn Ibrohim ibn Ahmad Ubodiy Mahbubiy Buxoriy Hanafiyning tarjimayi holi keltirilgan kitoblarda uning “Sharhu Jomiʼis sagʻir” va “Al-Furuq” asarlari borligi aytilgan. “Sharhu Jomiʼis sagʻir” asari Jamoliddin Mahbubiyga mansub ekaniga uning tarjimayi holini keltirgan barcha olimlar ittifoq qilgan. “Al-Furuq” asarini esa Kafaviy va Laknaviy unga nisbat bergan [10:36,37].
Burhonushsharianing otasi Ahmad ibn Ubaydulloh Sodrushsharia Akbar ham yetuk faqih boʻlgan. U “Tanqihul uqul fi furuqil manqul” asarini yozgan. “Tojut tarojim” va “Favoidul bahiya” kitoblarida “Talqihul uqul fil furuq” deb keltirilgan [2:25; 8:115]. “Moʻjamul muallifin” sohibi esa kitob nomini “Talqihul uqud fil furuqi bayna ahlin nuqud” deb keltirgan [12:1/191]. “Kashfuz zunun”da “Talqihul Mahbubiy” deb keltirilgan [13:2/1258].
Mahbubiylar sulolasining yana bir vakili Umar ibn Ahmad boʻlib, Tojushsharia laqabi bilan mashhur. Olim “Hidoya”ning sharhi “Nihayatul kifaya fi diroyatil Hidoya” asarini yozgan. Ushbu sharh “Hidoya”ning ilk sharhlaridan biri hisoblanadi. Kitobning avvali:
نَصْرٌ مِنَ اللهِ وَ فَتْحٌ قَرِيْبٌ
[Nasrun minallohi va fathun qorib] – “Allohdan yordam va yaqin zafar”, deb boshlanadi.
Bundan tashqari, olimning “Maosirul iqbol fi mafaxirish shol” asari mavjud boʻlib, u tarixga oid forscha kitobdir. Unda Paygʻambarlikdan to Ali roziyallohu anhuning xalifalik yillarigacha boʻlgan davr yoritilgan [5:1/787; 10:31].
Shirinbuloliy “Al-kifaya sharhul Hidoya” asarini Tojushshariaga nisbat bergan. Bu xato. Ushbu kitob Jaloliddin Kirloniy qalamiga mansubdir [10:36].
Burhonushsharianing “Viqoya”, “Voqiʼot”, va “Fatovo” nomli asarlari bor. Kafaviy “Sharhul Hidoya”ni Burhonushshariaga nisbat bergan. Lekin bu nisbat xato boʻlib, ushbu sharh Buhonushsharianing ukasi Tojushsharia Umar Mahbubiy qalamiga mansubdir [10:31].
Ibnul Hanoiy esa “Meʼrojud diroya sharhul Hidoya” asarini Burhonushshariaga nisbat bergan. Bu ham notoʻgʻri. Chunki bu asar Qivomuddin Kokiyga tegishli [13:2/2033; 10:31].
Burhonushsharianing “Viqoya” asari toʻliq nomi “Viqoyatur rivoya fi masailil Hidoya”dir. U hanafiy mazhabining eng mashhur fiqh asarlaridan biri hisoblanadi. Burhonushsharianing faqat bitta asari “Viqoya” hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Manbalarda tilga olingan boshqa asarlarining mavjudligi haqida aniq maʼlumot yoʻq. Maʼlumki, “Viqoya” hanafiy mazhabida “mutuni salasa”, “mutuni arbaʼa”, “mutuni sitta” deb nomlangan moʻtabar matnlar qatoriga kiritilgan. Yozilgan paytdan beri yuksak hurmatga sazovor boʻlgan asar hanafiy mazhabi keng tarqalgan diyorlar – Hindiston yarimoroli, Usmoniylar davlati va Oʻrta Osiyo madrasalarida oʻqitilgan.
Hanafiy mazhabining muhim asarlaridan biri boʻlgan Burhonushsharia Mahmudning “Viqoyatur rivoya fi masailil Hidoya” kitobi sharh, muxtasar, taʼliq, risola va raddiya kabi turli tadqiqot mavzusi boʻlib, turk va fors tillariga ham tarjima qilingan.
Tadqiqotlarga koʻra, “Viqoya” kitobi haqida bir-biridan farq qiladigan 60 ta mustaqil asar yozilgan. Bular 35 ta sharh, 14 ta risola, 6 ta tarjima, 3 ta taʼliq, 1 ta raddiya va 1 ta muxtasar asardan iborat [7:83,84].
“Viqoya” asari hanafiy fiqhi moʻtabar matnlari ichida yuqori darajada boʻlgani uchun koʻplab olimlar unga sharh yozishga eʼtibor bergan. Sababi tolibi ilm uni yodlab olganidan keyin kitobni yanada kengroq tushunishi uchun uning sharhiga ehtiyoj sezadi. Quyida olimlar tomonidan asarga yozilgan sharhlar bilan tanishib chiqamiz.
- “Sharhul viqoya”. Sayyid Sharif Jurjoniy (vaf. 816 h).
- “Sharhul viqoya”. Ibn Xalifa.
- “Sharhul viqoya”. Musannifak (vaf. 875 h).
- “Sharhul viqoya”. Ibn Qutlubgʻo (vaf. 789 h).
- “Sharhul viqoya”. Alouddin Asvad (vaf. 800 h). Toshkoʻpirzoda shunday degan: “U (turli masalalarga) toʻla, “Viqoya” mushkulotlarini yechishga kafil boʻlgan kitobdir. Uni ikki mujalladda koʻrdim. Oʻqib chiqib, foydasini sezdim” [11:9].
- “Sharhul viqoya”. Ibn Malak (vaf. 801 h).
- “Al-himoya ala sharhil viqoya”. Kirmosiniy. (vaf. 900 h. atrofida).
- “Ar-romzu ila tahqiqil viqoya”. Ibn Shihna. (vaf. 921 h).
- “Sharhul viqoya”. Shayxzoda. (vaf. 950 h).
- “Sharhul viqoya”. Fasihuddin Hiraviy. Laknaviy: “Uning ikki mujalladli sharhini oʻqidim. U mugʻlaq joylarni yechib beradigan sharhdir. Asarda uning Sodrushsharia bilan boʻlgan bir nechta munoqashalari bor”, degan [1:1/112].
- “At-tatbiq sharhul viqoya”. Qosim ibn Sulaymon Nikandiy. (vaf. 970 h). Olim ushbu kitobida Ibn Kamolning bir qator eʼrodlariga javob keltirgan [1:1/112].
- “Sharhul viqoya”. Temirtoshiy (vaf. 1004 h).
- “Sharhul viqoya”. Shirinbuloliy (vaf. 1069 h).
- “Sharhu nazmil viqoya”. Kavokibiy (vaf. 1096 h).
- “Al-istigʻno sharhul viqoya”. Alouddin Ali Taroblusiy.
- “Al-istigʻno fil istiyfo sharhul viqoyat”. Husomuddin Kavsaj.
- “Al-inoya sharhul viqoya”. Tumnotiy. Hijriy VIII asr oxirlarida vafot etgan. Toshkubrozoda shunday degan: “Uning “Viqoya”ga yozgan sharhi olimning fazilatli ekaniga dalolat qiladi. Bu uning sharafli ekaniga kifoya qiladi” [11:63]. “Maktabatul avqof al-iroqiya”da 4071 raqam ostida qoʻlyozma nusxasi mavjud [10:73].
- “Tavfiqul inoya sharhul viqoya”. Zayniddin Junayd ibn Sandal. Hoji Xalifa: “U foydali sharhdir”, degan [13:2/2020].
- “Tavsiqul inoya bayna shuruhil viqoya”. Avqoful iroqiya maktabasida 4115 raqam ostida qoʻlyozma nusxasi mavjud [10:74].
- “Tavjihul inoya li jamʼi shuruhil viqoya”. Abulyaman Muhammad ibn Muhib.
- “At-taysir shurhul viqoya”.
- “Sharhul viqoya”. Izzuddin Tohir Shofeiy [13:2/2038; 1:1/112].
- “Sharhul viqoya”. Ibn Shayx.
- “Sharhul viqoya”. Muhammad Ali Haskafiy.
- “Kashful viqoya”. Laknaviy [1:1/112].
- “Al-atoya fi sharhil viqoya”. Muhammad Tabib Muhtadiy Musiliy.
- “Rioyatul viqoya sharhu viqoyatir rivoya”. Qora Sinon.
- “Ar-riʼoya sharhul viqoya” [13:2/2022].
-
“Nazmul viqoya”. Vazir Shams Posho Rumiy (vaf. 988 h). Bu nazm turk tilida.
-
“Nazmul viqoya”. Kavokibiy (vaf. 1096 h).
- “Nazmul viqoya”. Yusuf ibn Davlat oʻgʻli. Turk tilida. Hijriy 867-yilda tarjima qilingan [13:2/2023].
- Vazir Posho Rumiy (vaf. 988/1580) asarni turkiy tilda nazm shaklida tarjima qilgan.
Sulolaning eng oxirgi vakili Ubaydulloh ibn Masʼud Mahbubiy oila vakillari ichida eng koʻp kitob taʼlif qilgan olim. Uning qalamiga mansub asarlar keyingi asr olimlari tomonidan chiroyli tarzda qabul qilingan, koʻplab sharh va hoshiya bitilgan. Bunga sabab uning sharʼiy ilmlarda yuqori darajada yetganidir. Uning bu darajaga yetishiga asosiy sababchi bu bobosi – “Viqoya” kitobi sohibi Mahmud ibn Ubaydulloh Mahbubiydir. U bobosi tarbiyasida hatto olimlar ham murojaat qiladigan yetuklikka erishdi. Uning asarlari shariat ilmlarining bir turigagina xos emas. Balki oʻz zamonining asosiy fan va ilmlariga bagʻishlangan edi. Uning barcha asarlari oʻz yoʻnalishi boʻyicha moʻtamad boʻlgan. Laknaviy bu haqda shunday degan: “Sodursharianing barcha tasnifotlari olimlar nazdida maqbul va faqihlar nazdida moʻtabardir” [2:189].
Olimning kitoblari bunday yuqori eʼtirof bilan qabul qilinishiga ikki sabab bor:
- Olimning ilmdagi matonati, mushkul masalalarni kuchli tahrir qilishi, ilmning moʻtabar masalalarini ajrata olishi, oldin hech kim keltirmagan nukta (foyda) va bahslarni keltira olishidir. Undan keyingi olimlar uni ilmdagi qobiliyati va mustahkamligini eʼtirof qilgan.
- Alloh taologa boʻlgan ixlos va sidqi. Bu qalb ishi boʻlib, uni Alloh taolodan boshqasi bilmaydi. Lekin Alloh taolo olimning koʻp kitoblariga maqbuliyatni berganidan buni kuzatishimiz mumkin [1:1/44].
Olimning asarlari quyidagilar:
- “Tanqihul usul”. “Tanqih” nomi bilan mashhur. U hanafiy fiqhi usuli boʻyicha ishonchli matn.
Sodrushsharia kitobning yozilish sababi haqida shunday degan: “Buyuk olimlarning har doim Faxrul Islom Ali Pazdaviyning (Alloh u kishini Dorus salomga joylasin) “Usuli fiqh” asarini muhokama qilayotganlarini koʻrdim… Ularning baʼzilarini asarni ahamiyat bilan qarash kerak boʻlgan joylariga qosirlik bilan nazar solgani sababli lafzlarining zohiriga asosan unga taʼna yetkazayotganini koʻrdim. Shunda uni qayta koʻrib chiqish va tartiblashga qaror qildim. Muallifning murodini ochiqlash va uni tushuntirishga harakat qildim…” [1:1/45].
Qurashiy kitob haqida bunday degan: “Muallif unda Pazdaviy va Ibn Hojibning soʻzlarini jamlagan hamda chiroyli tarzda tartiblagan. Xuddi Ibn Soʼotiy “Al-Badiʼ” kitobida Omidiy va Faxrul Islom Pazdaviyning soʻzlarini jamlagani kabi…”[9:4/369,370].
- “At-tavzih fi halli gʻavomizit tanqih”. Muallifning usuli fiqh borasidagi yuqorida zikr qilingan kitobi sharhi.
Sodrushsharia asarni yozish sababini shunday izohlaydi: “Alloh meni “Tanqihul usul” kitobini yozishga muvaffaq qilgach, uning mushkul joylarini sharhlash va mugʻlaq yerlarini ochib berishni xohladim… “Tanqih”ni qoralamasini yozganimdan keyin baʼzi asʼhoblarim undan nusxa koʻchirib, uning ustida bahs qilishga shoshildi. Uning nusxalari baʼzi joylarga tarqalib ketdi. Shunday keyin ayrim oʻzgartirish, biroz oʻchirish va qoʻshishlar boʻldi. Shuning uchun bu sharhga matning iboralarini ham oʻzimda bor boʻlgan matn uslubida yozdim. Sababi bu uslubdan oldin, yaʼni oʻzgartirishlardan oldin yozilgan nusxalar turlicha boʻlib ketgan edi. Soʻng kitob oxiriga yetkazildi. Turli taʼriflarni, aqliy qoida va taʼriflarga asos boʻlgan hujjatlarni oʻz ichiga olgan holda tugatildi. Usullar aniqlanib, nafis uslubda tartiblandi. Biror kishi bunga oʻxshashini oldin qilmagan edi. Bu ilmning mohir bilimdonlari ham chegarasiga yeta olmagan noaniq tadqiqotlar ham qamrab olindi” [10:48,49].
Taftazoniy ham kitob haqida oʻzining iliq fikrlarini bildirgan. U kitob keng masalalar xulosasi va koʻplab saralangan maʼlumotlarni oʻzida mujassam qilganini aytib oʻtgan [10:49].
Qurashiy va Kafaviylar uni nafis sharh deb sifatlagan [9:4/370: 6:287].
Bu sharh va uning matni olimlarning yuksak eʼtiboriga sazovor boʻlgan. Unga koʻplab sharh, hoshiya va taʼliq bitilgan. Chunki u hanafiy mazhabi usullarini bilishda ishonchli asar hisoblanadi.
- “Al-muqaddimatul arbaʼ”. Kafaviy va Laknaviylar Sodrushsharianing shu nomdagi alohida kitobi bor degan. Lekin Hoji Xalifa esa bu mustaqil bir kitob emasligi, balki “Tavzih” kitobining ichidagi bir qism ekanini aytgan [10:54]. Olimlar kitobning mana shu qismida noaniqlik koʻp boʻlgani uchun uni alohida ajratib sharhlagan va taʼliq yozgan.
- “An-nuqoya muxtasarul viqoya”. Muallif ushbu asar debochasida va “Sharhul viqoya”ning bir qancha joylarida kitobni oʻziga nisbat bergan. Asar xalq orasida “Muxtasar” va “Muxtasarul viqoya” nomlari bilan mashhur. Hanafiy fiqh kitoblari va asar sharhlarida “An-nuqoya” nomi ham kelgan.
Olim asarda “Viqoyatur rivoya”ning koʻp masalalarini ixchamlashtirgan. Baʼzi jumlalarni moʻjaz va ravshan koʻrinishga keltirgan. Mavzularni tartiblashda “Viqoyatur rivoya” tartibiga ergashmagan. Balki baʼzi mavzularni oldin va baʼzilarini esa keyin keltirgan. Kitobga koʻplab sharhlar bitilgan.
- “Ash-shurut val-mahozir”. Kafaviy va Laknaviy kitobni mana shu nom bilan muallifga nisbat bergan boʻlsa, Hoji Xalifa esa “Shuruti Sodrushsharia” nomi bilan nisbat bergan.
Kafaviy kitob haqida: “Uni fiqh kitoblari va boblari tartibida tartiblagan”, degan [6:287].
- “Taʼdilul ulum”. Mantiq fani boʻyicha yozilgan kitob. Hoji Xalifa kitob haqida bunday degan: “Uni ikki qism qilgan. Birinchisi mezon, yaʼni mantiq haqida. Ikkinchisi kalom haqida. Keyin uni aralash holda sharhlagan. Unda buyuk olimlar hayratda qolgan noaniq bahslarni ham ochib bergan…” [13:1/419].
- “Sharhul fusulil xomsiyn”. Yahyo ibn Abdulmuʼtiyning navh borasidagi “Al-fusulul xomsun” kitobi sharhi. Hoji Xalifa va Umar Kahola kitobni shu nom bilan muallifga nisbat bergan.
- “Al-vishoh fil maʼoniy val bayon”. Maoniy ilmi boʻyicha yozilgan. Zayniddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr (vaf. 893 h) uni sharhlagan.
- “Qirq hadis”.
- “Sharhul viqoya”.
“Viqoya” kitobining toʻliq nomi “Viqoyatur rivoya fi masailil Hidaya” boʻlib, olimlar uni “Viqoya” deb qisqartirib ishlatgan. Asar mana shu nom bilan tanilgan. Doktor Salo Abulhojning taʼkidlashicha, asarning boshqa nomlari ham keltiriladi. Jumladan: “Sharhul mavoziʼil mugʻlaqa min viqoyatir rivoya”, “Hallul mavoziʼil mugʻlaqa min viqoyatir rivoya fi masailil Hidaya” va “Al-inoya sharhu viqoyatir rivoya”.
“Sharhul viqoya” asarining debochasida bu kitobning yozilishiga uchta sabab boʻlganini bilish mumkin.
- “Viqoya”ning nusxalari turli mamlakatlarga va odamlar orasida tarqalib ketgan va ularda bir qancha oʻzgarishlar sodir boʻlgan. Shuning uchun muallif bu sharhni yozgan.
- “Viqoya” asarini qisqartirib, unga “An-Nuqoya” nomini bergan. Keyin bu sharhda undagi chigal joylarni ochib berishga qaror qilgan.
- Oʻgʻli Mahmud “Viqoya”ni sharh qilib berishini soʻrab, qattiq turib olgan [10:61-63].
“Sharhul viqoya” asari Ubaydulloh ibn Masʼudga tegishli ekani borasida olimlar oʻrtasida hech qanday ixtilof yoʻq. “Viqoya”ni uning bobosi qalamiga mansub ekanida ham ixtilof yoʻq. Faqat bobosining ota tomonidan boʻlgan bobosi yoki ona tomonidan boʻlgan bobosi ekanida turli fikrlar mavjud [10:64].
Ubaydulloh ibn Masʼudning “Sharhul viqoya” asari “Viqoya”ning eng mashhur sharhlaridan boʻlgani bois keng tarqaldi. “Sharhul viqoya” deyilsa, mana shu kitob nazarda tutiladigan boʻldi. Olimlar ham unga katta eʼtibor qaratgan. Koʻplab madrasalarda darsliklar qatoridan joy olgan. Bir qancha olimlar unga hoshiya yozgan. Jumladan:
- “Hoshiyatu sharhil viqoya”. Musannifak nomi bilan mashhur boʻlgan olim Ali ibn Majdiddin (1426-1470) qalamiga mansub hoshiya [1:1/114; 3:206; 10:72].
- “Zaxiratul uqbo”. Yusuf ibn Junay Tuqotiy Chalabiy (vaf. 905/1499) qalamiga mansub. Bu hoshiya talabalar oʻrtasida keng tarqalgan. Baʼzi hanafiy olimlar ushbu hoshiyani “Sharhul viqoya”ning barcha hoshiyalarini oʻzida jamlagan, deb aytgan [3:206]. Asar oxirida muallif bu hoshiyani 891 hijriy yildan boshlab, 901-yil Zulhijja oyining oxirida tamomlaganini zikr qilgan [1:1/114].
- Hasan Chalabiy ibn Shamsiddin Muhammad Shoh Fanoriy (1436-1481) yozgan hoshiya [1:1/115; 3:206; 10:73].
- Mavlo Muhyiddin Muhammad (vaf. 901/1495) hoshiyasi. Xatibzoda Rumiy nomi bilan mashhur boʻlgan. Hoshiya oxiriga yetmagan [1:1/116; 3:206; 10:73].
- Muhyiddin Muhammad ibn Husayn Rumiy (vaf. 901/1495) hoshiyasi [1:1/116,117; 10:73].
- Yusuf ibn Husayn Kirmosiniy (vaf.900 hijriy yil atrofi) hoshiyasi.
- Muhyiddin Ahmad ibn Muhammad Ajamiy hoshiyasi.
- Muslihiddin Mustafo ibn Husomiddin (vaf.1010/1601) hoshiyasi. Olim Husomzoda nomi bilan mashhur.
- Muhyiddin Muhammad Shoh ibn Ali ibn Yusuf Boliy ibn Shamsiddin Muhammad ibn Hamza Fannoriy (vaf.929/1522) hoshiyasi.
- Nojiyzoda nomi bilan mashhur boʻlgan olim Saʼdiy ibn Nojiy Bek (vaf.922/1515) hoshiyasi.
- Muhyiddin Chalabiy Muhammad ibn Ali ibn Yusuf Boliy Fannoriy (vaf.954/1547) hoshiyasi. Hoshiya toʻliq emas. Faqat asarning avvalgi qismlarigagina yozilgan.
- Kamoliddin Ismoil Faromoniy hoshiyasi. Olim Qora Kamol nomi bilan mashhur.
- Yaʼqub Poshsho ibn Huzariybek ibn Jaloliddin Rumiy (vaf.891/1486) hoshiyasi.
- Sinoniddin Yusuf Rumiy hoshiyasi.
- Mavlo Xusravning shogirdi Sinoniddin Yusuf Shoʼir hoshiyasi.
- Mavlo Ahmad Xayoliy hoshiyasi.
- Mavlo Xusrav va Mulla Xusrav nomi bilan mashhur boʻlgan olim Muhammad ibn Faromuz (vaf.885/1480) hoshiyasi.
- Arabzoda Rumiy nomi bilan mashhur boʻlgan olim Muhammad ibn Muhammad (vaf.969/1561) hoshiyasi.
- Mavlo Tojiddin Ibrohim ibn Ubaydulloh Humaydiy (vaf.973/1565) hoshiyasi.
- Mavlo Solih ibn Jalol (vaf.973/1565) hoshiyasi.
- Shayxzoda nomi bilan mashhur olim Muslihiddin Qujaviy hoshiyasi.
- Husomiddin Husayn ibn Abdurrahmon (vaf.926/1519) hoshiyasi.
- Mustafo ibn Xalil (857-935/1452-1528) hoshiyasi. “Shaqoiqun noʻmoniya” asari muallifining otasi.
- Qozizoda Rumiy nomi bilan mashhur Mavlo Shamsiddin Ahmad ibn Mavlo Badriddin (vaf.988/1580) hoshiyasi.
- Shayxulislom Ahmad ibn Yahyo ibn Muhammad ibn Saʼdiddin Taftazoniy Masʼudi ibn Umar (vaf.916/1510) hoshiyasi.
- Mavlo Isomiddin Ibrohim ibn Muhammad Isfiroiniy (vaf.944/1537) hoshiyasi.
- Qutbiddin Marzifuniy Rumiy (vaf.935/1528) hoshiyasi.
- Abdulhay Laknaviy (vaf.1304/1885) hoshiyasi. Abdulhay Laknaviy “Sharhul viqoya” asariga dastlab “Husnul viloya fi tahshiyati sharhil Viqoya” nomli hoshiya yozadi. Lekin u oxiriga yetmaydi. Keyin “As-siʼoya fi kashfi ma fi sharhil Viqoya” nomli hoshiya yozadi. Soʻng “Umdatur rioya” nomli uchinchi hoshiyasini yozadi. Lekin u ham tugallanmay qoladi. Allomaning ukasi Abdulhamid Laknaviy (vaf.1353/1934) uni oxiriga yetkazadi [3:207].
Abdulhay Laknaviy “Umdatur riʼoya” kitobida asarning yuqorida zikr qilingan va boshqa jami ellikdan oshiq hoshiyalarini sanab oʻtgan [1:1/107-140].
Muhokama. Mahbubiylar oilasi vakillari ichida Burhonushsharianing ismi va nasabi borasida turli qarashlar bor. Tabaqot kitoblarida olimning nasabi ikki xil shaklda keltirilgani aytiladi.
- U (Mahmud) ibn Sodrushsharia Akbar Ahmad ibn Ubaydulloh ibn Ibrohim ibn Ahmad ibn Abdulmalik ibn Umar ibn Abdulaziz ibn Muhammad ibn Jaʼfar ibn Marvon ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Mahbub ibn Valid ibn Uboda ibn Somit Ubodiy Mahbubiy Buxoriy Hanafiy.
- U (Mahmud) ibn Sodrushsharia Akbar Ahmad ibn Jamoliddin Abulmakorim Ubaydulloh ibn Ibrohim ibn Ahmad ibn Abdulmalik ibn Umayr ibn Abdulaziz ibn Muhammad ibn Jaʼfar ibn Xolaf ibn Horun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mahbub ibn Valid ibn Uboda ibn Somit sahobiy Ansoriy Mahbubiy [10:24].
Olimning laqabi Tojushsharia yoki Burhonushsharia ekani borasida bir qator ixtiloflar bor. Ayrim olimlar uni Tojushsharia, “Hidoya” sharhi sohibi desa, boshqa bir guruh olimlar uning laqabi Burhonushsharia, Tojushsharia laqabi esa uning tugʻishgani “Hidoya”ning shorihi Umar ibn Ahmadga tegishli degan.
Olimning nabirasi bobosi haqida “An-Nuqoya”ning debochasida bunday keltiradi:
و بعد، فإن العبد المتوسل إلى الله تعالى بأقوى الذريعة عبيد الله صدر الشريعة بن مسعود بن تاج الشريعة سعد جده، يقول قد ألف جدي و مولاي العالم الرباني والعامل الصمداني برهان الشريعة و الحق والدين محمود بن صدر الشريعة جزاه الله عني و عن سائر المسلمين خير الجزاء، لأجل حفظي كتاب “وقاية الرواية فى مسائل الهداية”…
“Albatta Alloh taologa kuchli vasila ila vasila qiluvchi banda Ubaydulloh Sodrushsharia ibn Masʼud ibn Tojushsharia, bobosi saodatli boʻlsin, aytadi: “Bobom va mavloyim Rabboniy olim, Samadoniy omil shariat, haq va dinning burhoni Mahmud ibn Sodrushsharia, Alloh uni men va boshqa musulmonlar tarafidan yaxshilik bilan mukofotlasin, mening yod olishim uchun “Viqoyatur rivoya fi masailil Hidaya” kitobini yozdi” [10:18].
“Tavzih” va “Sharhul viqoya”ning debochasida ham shunday soʻzlarni keltirgan.
Natija. Sodrushsharianing soʻzlaridan ham ochiq-oydin koʻrinib turibdiki, Tojushsharia uning ota tarafidan bobosi. Uning boshqa, yaʼni ona tarafidan boʻlgan bobosi esa Burhonushsharia boʻlib, u nabirasi Ubaydulloh ibn Masʼud uchun “Viqoya” kitobini yozgan. Uning ismi Mahmud.
Tabaqot kitoblarida keltirilgan olimning ismi va nasabi haqida maʼlumotlar ikkita ehtimolni yuzaga keltiradi.
Birinchi ehtimol. Tojushsharia va Burhonushsharia bir kishi boʻlib, uning ismi Mahmuddir. “Hidoya”ni sharhlovchisi ham shu kishi. Kafaviy “Katoibi aʼlomil axyor”da bergan maʼlumot shu. Tojushsharia va Sodrushsharianing tarjimayi hollarida ham mana shu fikr mavjud [6:265]. Ibn Qutlubgʻo, Ibn Hanoiy, Toshkoʻpirzoda va Zirikliy ham shu fikrni ilgari surgan [10:19].
Ikkinchi ehtimol. Tojushsharia Sodrushsharianing ona tarafidan boʻlgan bobosi. “Hidoya”ning shorihi. Burhonushsharia esa uning ota tarafidan boʻlgan bobosi. Uning ismi Mahmud. Tojushsharia va Burhonushsharia Sodrushsharia Akbarning oʻgʻillari. Doktor Saloh Abulhoj ham shuni aytgan. Sababi “Kashfuz zunun” sohibi “Hidoya” kitobining sharhlarini zikr qilish asnosida Tojushshariadan bir naql keltirib, uning ismini Abu Abdulloh Umar ibn Sodrushsharia ekanini va u 673-yilda vafot etganini aytgan [10:20].
Bundan ravshan boʻladiki, Tojushsharianing ismi Umar, Mahmud emas. U ham Sodrushsharia Akbarning oʻgʻli. Koʻhistoniy, Hoji Xalifa, Laknaviy, Ismoil Posho va Umar Kahola va boshqalarning fikri ham shundaydir [10:20,21].
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Sodrushsharialar sulolasi vakillari fiqh ilmi borasida qimmatli asarlar yozib qoldirgan. Bundan tashqari, Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya” asariga turli sharh va qisqartmalar yozib, bu asarni yanada keng tarqalishiga katta xizmat qilgan. Ular yozib qoldirgan asarlarning qanchalik ahamiyatga ega ekanini keyingi asr olimlari bu asarlarga koʻplab sharh, hoshiya, nazm va qisqartmalar yozib, ulardan keng foydalanganidan ham bilish mumkin. Qisqa qilib aytganda, Sodrushsharialar oilasi nafaqat Buxoro fiqh ilmi rivojiga balki, Hanafiy fiqhi rivojiga katta hissa qoʻshgan. Hozirgi kungacha “Viqoya”, “Sharhul viqoya”, “Muxtasarul viqoya” nomi bilan mashhur boʻlgan “An-Nuqoya” va boshqalar diniy bilim yurtlarida hamda fiqh ilmiga qiziqqan kishilar tomonidan oʻrganib kelinmoqda.
-
Abdulhay Laknaviy. Umdatur riʼoya. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya. 2009.
-
Abdulhay Laknaviy. Favoidul bahiya. – Qohira: Dorul kitob islomiya.
-
Aminov Hamidulla, Primov Soatmurod. Hanafiy fiqhi tarix, manbalari va istilohlari. – T.: Movarounnahr, 2017.
-
Ibn Obidin. Raddul muxtor.
-
Ismoil Bogʻdodiy. Hadiyatul orifin. – Dorul fikr, 1402 h.
-
Mahmud ibn Sulaymon Kafaviy. Katoib aʼlomil axyor. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 2018.
-
Orazsahet. “Vikâyetüʻr-rivâye fî mesâiliʻl-Hidâye Bağlamında Oluşan Fıkıh Edebiyatı”. Uludağ Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi 29/1. – Haziran, 2020.
-
Qosim ibn Qutlubgʻo. Tojut tarojim. – Damashq: Dorul qalam, 1992.
-
Javohirul muziya. – Hijr, 1993.
-
Saloh Abulhoj. At-tuhfatul badiʼa bi axbori Sodrish shariʼa. Markazu anvoril ulamo liddirosa. – Urdun, 2020.
-
Shaqoiqun noʻmoniya. – Bayrut: Dorul kitabul arabiy, 1975.
-
Umar Kuhola. Moʻjamul muallifin. – Bayrut: Muassasatur risala, 1414 h.
-
Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. – Bayrut: Doru ihyout turosil arabiy.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





