Home / MAQOLALAR / SUV – ULUGʻ NEʼMAT!

SUV – ULUGʻ NEʼMAT!

Suv – tiriklik manbalaridan biri va tabiatning ajralmas qismidir.

Alloh taolo Yerni yashashga qulay qilib, suvlarni oqizib qoʻydi. Suv Alloh taoloning mavjudotlariga bergan ulkan neʼmatidir. Rangsiz, taʼmsiz, hidsiz suyuqlik tanamizni tetiklashtiradi, liboslarini poklaydi, tashnalikni qondiradi, hayot davom etishiga sabab boʻladi. Suv “Obihayot”dir.

Inson suvsiz uch kunga ham chiday olmaydi. Tanadagi suv agar oʻn besh foizga kamaysa, u halok boʻladi. Mutaxassislar fikricha, inson tanasining aksar qismi suvdan iborat.

Suv – insonning hayot kechirishi uchun asosiy quvvat manbaidir. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “…va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni koʻrmadilarmi?!” (Anbiyo surasi, 30-oyat).

Suvni, ayniqsa, toza ichimlik suvini ehtiyojdan tashqari ishlatish va behuda oqizib qoʻyish isrofdir. Baʼzi davlatlarda toza ichimlik suvi oltinga teng boʻlib turgan, minglab kishilar ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekayotgan bir sharoitda, Alloh ato etgan shunday buyuk neʼmatning qadriga yetmaslik noshukrlikdir.

 Suvni tejash haqida Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalardan Saʼd tahorat qilayotganida: “Ey Saʼd, bu isrof nimasi?” dedilar. Saʼd: “Tahoratda ham isrof qilish bormi?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha, agarchi oqib turgan daryoning boʻyida turgan boʻlsang ham”, dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati). Tahoratda ortiqcha suv ishlatish isrof va mumkin boʻlmaganidan keyin qolgan narsalarni qiyoslab olavering. Ekinga ham ehtiyojdan ortigʻini ishlatish isrofdir.

Salmon ibn Omirdan rivoyat qilingan hadisda: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz iftorlik qilsa, roʻzasini xurmo bilan ochsin. Kim topolmasa, toza suv bilan ochsin. Chunki suv poklovchidir”, dedilar”. Darhaqiqat, suv – poklovchi, tozalovchi, salqinlantiruvchi, chanqoqni qondiruvchi – ulugʻ neʼmatdir.

Tarixiy manbalarda «Saqqo» (Saqqo – arab tilida «Soqa» – «suv beruvchi, suv tashuvchi») nomi bilan atalgan bir qancha shaxslar nomi qayd etilgan. Mana shunday shaxslardan biri Shayx Saqqo Samarqandiydir. U ustozi Bahouddin Naqshbandning huzurida suv tashigani sababli shunday nom olgan. Yaʼni kasbi saqqo (suv tashuvchi)lik boʻlgan. Bu ulugʻ kasblardan biri boʻlib, uzoq choʻl hududlarida suv olib borib, karvondagi yoʻlovchilarga suv ulashilgan va ulkan savobga ega boʻlishgan.

Sayhun (Sirdaryo), Jayhun (Amudaryo), Frot va Nil – “jannat daryo”laridan ekani taʼkidlangan.  Albatta shunday muqaddas zaminda, jannat anhorlaridan boʻlmish Amudaryo va Sirdaryo oqib turar ekan, bu oʻlkadagi kishilar har bir tomchi suvning qadriga yetmogʻi saodatdir.

Insoniyat suv va suv manbalari, avvalo, chuchuk suvdan tejamkorlik asosida foydalanishi hamda ularni muhofaza qilishni taqozo etadi. Bugungi kundagi tabiiy ofatlar, suv toshqinlari, suv yetishmovchiligi, suv resurslarining ifloslanishi va transchegaraviy suv muammolari dunyo xalqlarini yana bir bor suv resurslariga nisbatan jiddiy eʼtibor berishga undamoqda. Shu sababdan, ota-bobolarimiz suvga tupurmaslik, turli chiqindilarni tashlamaslik, isrof qilmaslik, suvni toza saqlash va muhofaza qilish, undan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor berishga undagan.

Zero, “Yer – xazina, suv – gavhar”, “Suv – bu hayot”, “Suv – zar, suvchi – zargar”dir.

Mexrojiddin AMONOV,
IBXITM katta ilmiy xodimi

Check Also

DUONING INSON RUHIYATIDAGI TAʼSIRI (3-qism)

Inson hayoti turli sinov, tashvish, quvonch va umidlar bilan toʻla. Inson oʻz hayoti davomida baʼzan …