Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) professori Rahmon Chishtiy tashrif buyurdi.

Oʻz davrida Buyuk Britaniya parlamentining aʼzosi, Din va eʼtiqod erkinligi boʻyicha maxsus vakil boʻlgan mehmon Markaz muzeyi va kutubxonasi faoliyati bilan tanishib, Imom Buxoriy va Movarounnahrning boshqa allomalari merosini oʻrganish, saqlash va targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot oldi.

Tashrif doirasida Rahmon Chishtiy ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda zamonaviy dunyoda diniy savodxonlikni oshirish, islomning insonparvarlik va bagʻrikenglik tamoyillarini keng targʻib qilish, atrof-muhit muhofazasi, sunʼiy intellektning axloqiy jihatlari hamda konfessiyalararo muloqot masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mehmon Oʻzbekistonda islomiy ilm-fan va maʼnaviy merosni asrab-avaylash va tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy va maʼrifiy faoliyati xalqaro miqyosda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, u diplomatlar va davlat xizmatchilari uchun diniy savodxonlikni oshirish, zamonaviy global muammolarga diniy-maʼrifiy yondashuvlarni ishlab chiqish hamda turli madaniyat va konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro anglashuvni mustahkamlashda ilmiy markazlarning oʻrni muhim ekanini qayd etdi.
Davra suhbati davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi huzuridagi Global jamiyatda imon markazi (Centre for Faith in Global Society) oʻrtasida ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tajriba va bilim almashish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv savol-javoblarga boy va samimiy ruhda oʻtdi.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





