Tarixdan maʼlumki, har qanday jamiyat taraqqiyotiga tahdid soluvchi omillardan biri aqidaviy boʻlinish va fikriy parokandalik hisoblanadi. Islom tarixida ham turli davrlarda musulmonlar orasida ixtilof keltirib chiqargan botil firqa va adashgan oqimlar paydo boʻlgan. Bunday vaziyatlarda ulamolar sogʻlom eʼtiqodni himoya qilish, diniy qarashlarni mustahkamlash va jamiyat birligini saqlash yoʻlida katta xizmat qilgan.
Shunday buyuk mutafakkirlardan biri Imom Moturidiy boʻlib, u yashagan davr siyosiy jihatdan nisbatan barqaror boʻlsa-da, aqidaviy qarama-qarshilik va mazhablar oʻrtasidagi ixtilof keng tarqalgan edi. Shu sababli Imom Moturidiy oʻz hayotini ahli sunna val jamoa aqidasini himoya qilishga bagʻishladi.
Imom Moturidiy kurashgan botil toifalarning eng asosiysi, shubhasiz, moʻtaziliylar edi. Bu davrda moʻtaziliylik aqidasi keng yoyilib, uning tarafdorlari koʻpayib borayotgan edi.
Bunga bir qator omillar sabab boʻlgan. Tarixdan maʼlumki, xalifa Mutavakkil dastlab moʻtaziliylar taʼsiriga tushib, ularni qoʻllab-quvvatlagan. Keyinchalik esa ularning qarashlari ahli sunna eʼtiqodiga zid ekanini anglab yetgach, sunniy aqidaga qaytgan va moʻtaziliylar targʻib qilgan eng xavfli gʻoyalardan biri – “Qurʼoni karim maxluq” degan eʼtiqod botil ekanini eʼlon qilgan. Shundan soʻng moʻtaziliylar xalifalik markazidan chetlashtirilgan. Ularning aksariyati sharqiy mintaqalarga koʻchib oʻtgan. Xususan, ularning mashhur peshvolaridan Abulqosim Kaʼbiy (vaf. 929-y.) va Abu Zayd Balxiy (vaf. 934-y.) Balx shahriga kelib joylashgan. Balx esa Movarounnahrga aqidaviy taʼsir oʻtkazish uchun muhim markaz hisoblangan.
Moʻtaziliylarning xavfli jihati shunda ediki, ular aqida masalalarida Qurʼon va sunnat mavqeini pasaytirib, salafi solihlar yoʻlidan ogʻgan holda aqlni mutlaq mezon sifatida qabul qilgan. Ayrim hollarda naqliy dalillarni rad etib, ularning hujjat ekanini inkor qilgan. Natijada, koʻplab botil aqidaviy qarashlar yuzaga kelgan.
Imom Moturidiy esa bu kabi yondashuvlarni ilmiy asosda rad etib, naql va aql oʻrtasidagi muvozanatni tikladi. Uning taʼlimotiga koʻra, naql asosiy manba boʻlib, aql esa uni anglash va tushunish vositasi hisoblanadi.
Moturidiylik taʼlimoti aynan aqidaviy kurashlar kuchaygan, musulmon jamiyati yakdilligi xavf ostida qolgan bir davrda shakllandi va u sogʻlom eʼtiqodning mustahkamlanishiga xizmat qildi. Imom Moturidiy Samarqandda mavjud turli botil firqalar bilan maʼrifat va ilm vositasida kurash olib borib, ularning qarashlari nima uchun xato va hatto xavfli ekanini asoslab bergan.
Ajdodlarimiz barcha sohalarda ilmning yuksak choʻqqisiga erishgan va mavjud muammolarga yechim topishda doimo ilm-maʼrifatga tayangan. Shu bois, islomning ilk davrlarida paydo boʻlgan aqidaviy ixtiloflarga ulamolar tomonidan ilmiy bahs-munozaralar orqali munosib javob berilgan.
Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyili ham ana shu boy ilmiy va maʼrifiy meros bilan uygʻundir. Chunki moturidiylik taʼlimoti ham jaholat va botil gʻoyalarga qarshi kurashda maʼrifatni eng samarali qurol sifatida qoʻllagan.
Moturidiya taʼlimotining ahamiyati bugungi kunda yanada ortib bormoqda. Zero, aqidaviy ziddiyatlar jamiyat tanazzuliga olib keluvchi eng xavfli omillardan biridir. Buzgʻunchi kuchlar oʻz maqsadiga erishish uchun xalqlar va millatlar oʻrtasida eʼtiqodiy qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarishga harakat qiladi.
Ayniqsa, bugungi kunda ekstremizm va terrorizm koʻrinishida namoyon boʻlayotgan tahdidlar bunga yaqqol misol boʻla oladi. «Jihod», “hijrat”, «takfir», “xalifalik” kabi tushunchalardan oʻzining gʻarazli maqsadida foydalanayotgan kuchlar jamiyat barqarorligiga raxna solishga urinmoqda. Natijada, diniy ilmi yetarli boʻlmagan ayrim kishilar ularning aldoviga uchib, oʻzlari va boshqalar hayotiga xavf tugʻdirmoqdalar.
Eʼtiqodiy birdamlikning naqadar muhim ekanini chuqur anglagan Imom Moturidiy oʻz asarlarida toʻgʻri aqida mezonlarini belgilab berdi. Uning ilmiy merosi bugun ham insonlarni bagʻrikenglikka, oʻzaro hurmat va hamjihatlikda yashashga chorlab kelmoqda.
Usmonxon MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





