Home / FOTO LAVHALAR / Hikmatdan taraqqiyot sari

Hikmatdan taraqqiyot sari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston va Malayziya hamkorligida Islom sivilizatsiyasi mutafakkirlari ilmiy merosiga bagʻishlab  “Ilm, hikmat va taraqqiyot: Islom sivilizatsiyasining insoniyat tarixi va kelajagidagi oʻrni” mavzusida tashkil etilgan 6-xalqaro seminar 18-iyun kuni ham davom etdi. Kun davomida islom sivilizatsiyasi merosining zamonaviy taraqqiyot jarayonlaridagi ahamiyati, inson kamoloti va jamiyat farovonligiga xizmat qiluvchi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar, shuningdek, iqtisodiy, ijtimoiy va maʼrifiy sohalardagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Xususan, maʼruzachilar raqamlashtirilgan zamonaviy dunyoda islom intellektual anʼanalarining oʻrni, inson taraqqiyotiga xizmat qiluvchi sivilizatsion qadriyatlar, barqaror energetika, jamoatchilik rivojiga islomiy yondashuvlar, islom moliyasidagi huquqiy munosabatlar xususida fikr almashdi.

Shuningdek, taʼlim tizimidagi islohotlar, ayollar maʼnaviy-maʼrifiy faolligining tarixiy ildizlari, musulmon jamiyatlarida ijtimoiy hamjihatlikni taʼminlash omillari, diniy bagʻrikenglik va raqamli makonda moʻtadillik madaniyatini qaror toptirish masalalariga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi.

Oʻzbekiston olimlari islom sivilizatsiyasi tarixi va madaniyatiga oid muhim tadqiqotlar natijalarini taqdim etdi. Jumladan, musulmon Sharqidagi ilmiy-madaniy aloqalar, Buxoro va boshqa ilmiy markazlarning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasi, shuningdek, milliy ilmiy meros namoyandalarining hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan maʼruzalar katta qiziqish uygʻotdi.

Onlayn tarzda qilingan maʼruzalar va oʻtkazilgan munozaralar davomida bugungi global oʻzgarishlar sharoitida maʼnaviy qadriyatlarni asrash, fan-texnika va texnologiyalar taraqqiyoti bilan axloq uygʻunligini taʼminlash, islom sivilizatsiyasi merosini yangi ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganish va uning insoniyat rivojiga qoʻshgan hissasini keng jamoatchilikka yetkazish dolzarb vazifalardan biri ekani taʼkidlandi.

Anjuman yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Ikki kun davom etgan xalqaro seminar Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, islom sivilizatsiyasi mutafakkirlarining boy merosini chuqur oʻrganish va bu boradagi qoʻshma xalqaro tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim muloqot maydoni boʻldi. Eng muhimi, ishtirokchilar ilm, hikmat va maʼnaviy meros insoniyatning barqaror taraqqiyoti uchun muhim asos boʻlib qolishi xususida yakdil fikr bildirib, tarixiy tajriba va zamonaviy bilimlarni uygʻunlashtirish kelajak taraqqiyotining muhim shartidir, degan xulosaga keldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Imomlik – ulugʻ masʼuliyat”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi huzuridagi Diniy-maʼrifiy sohada malaka …