Home / MAQOLALAR / DUONING INSON RUHIYATIDAGI TAʼSIRI (3-qism)

DUONING INSON RUHIYATIDAGI TAʼSIRI (3-qism)

Inson hayoti turli sinov, tashvish, quvonch va umidlar bilan toʻla. Inson oʻz hayoti davomida baʼzan ojizligini his qiladi, baʼzida esa qalbida qoʻrquv, xavotir va tushkunlik paydo boʻladi. Ana shunday damlarda insonning maʼnaviy tayanchi, ruhiy taskin manbai sifatida duo muhim ahamiyat kasb etadi. Duo – bandaning Robbi bilan muloqoti, Unga muhtojligini izhor qilishi va qalbini Yaratganga bogʻlashidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Duo – ibodat magʻzidir”, deganlar.

Islom taʼlimotida duoga nafaqat ibodat, balki inson ruhiyatini poklovchi, unga kuch-quvvat va umid bagʻishlovchi muhim vosita sifatida ham qaraladi. Chunki duo insonga xotirjamlik bagʻishlaydi

Inson ruhiyatining eng muhim ehtiyojlaridan biri xotirjamlikdir. Moddiy neʼmatlar qanchalik koʻp boʻlmasin, qalb osoyishtaligi boʻlmasa, inson haqiqiy baxtni his eta olmaydi. Duo insonni Alloh taologa yaqinlashtiradi va qalbiga taskin beradi.

Qurʼoni karimda:

Ogoh boʻlingizkim, qalblar faqat Allohning zikri bilan orom topadi” (Raʼd surasi, 28-oyat), deb marhamat qilingan.

Duo qilgan inson oʻz dardi, tashvishi va orzu-umidlarini Allohga havola qiladi. Bu esa, qalbdagi ogʻirlikni yengillashtirib, ruhiy muvozanatni tiklaydi.

Duo insonda umid tuygʻusini kuchaytiradi. Tushkunlik va noumidlik inson ruhiyati uchun eng xavfli holatlardan hisoblanadi. Duo esa inson qalbida umid uchqunini yoqadi. Chunki moʻmin kishi duo qilar ekan, Allohning rahmati va yordamiga ishonadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

Menga duo qilinglar, sizlarga ijobat qilaman” (Gʻofir surasi, 60-oyat).

Ushbu ilohiy vaʼda insonni har qanday ogʻir vaziyatda ham noumid boʻlmaslikka undaydi. Duo qiluvchi kishi muammolar vaqtinchalik ekanini, Allohning qudrati esa cheksizligini his qiladi. Jumladan, duo insonni sabr va matonatga oʻrgatadi. Hayotda har bir inson turli qiyinchiliklarga duch keladi. Duo insonning sabr-bardoshini mustahkamlaydi va uni sinovlarga toʻgʻri munosabatda boʻlishga oʻrgatadi. Paygʻambarlar hayotiga nazar tashlasak, ular ogʻir sinovlarda ham Allohga duo qilishdan toʻxtamagan. Masalan, Ayyub alayhissalom uzoq davom etgan kasallik paytida ham Robbiga munojot qilib, sabr namunasini koʻrsatgan. Natijada, Alloh taolo unga shifo bergan va najot ato etgan.

Bu holat har bir moʻminga qiyinchiliklarga sabr bilan qarash va Allohdan madad soʻrashni oʻrgatadi.

Zamonaviy hayot shiddati insonlarda turli ruhiy bosimlarni keltirib chiqarmoqda. Stress, xavotir, qoʻrquv va yolgʻizlik hissi koʻpchilikni bezovta qiladi. Insonning mana shunday tushkun holatida Robbiga duo qilishi undagi turli ruhiy bosim va xavotirlarni kamaytiradi.

Bundan tashqari, duo insonga oʻz his-tuygʻularini erkin ifoda etish imkonini beradi. Duo paytida inson oʻzini Allohning huzurida deb his qiladi va Uning rahmatiga suyanadi. Bu holat ruhiy yengillik va ichki xotirjamlikni taʼminlaydi. Shu bois koʻplab ulamolar duoni qalb kasalliklarining davosi deb taʼriflagan.

Duo insonning axloqiy kamolotga erishmogʻida ham muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Duo insonni kamtarlikka, shukr qilishga va oʻz ayblarini tan olishga oʻrgatadi. Duo qiluvchi kishi oʻzining ojiz banda ekanini anglaydi va Allohning neʼmatlarini qadrlay boshlaydi.

Shuningdek, inson boshqalar haqiga ham duo qilar ekan, uning qalbida mehr-oqibat, bagʻrikenglik va yaxshilik tuygʻulari kuchayadi. Bu esa, jamiyatda oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlaydi.

Duoning oila va yoshlar tarbiyasida ham oʻrni beqiyosdir. Duoga odatlangan farzand Allohga tayangan holda ulgʻayadi, hayotning turli sinovlariga bardoshli boʻladi. Ota-onaning farzand haqidagi duolari esa tarbiyaning eng taʼsirchan vositalaridan biri hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam farzandlar haqiga yaxshi duo qilishni targʻib etganlar. Bu esa, oilada mehr-muhabbat va maʼnaviy muhitni mustahkamlaydi.

Xulosa qilib aytganda duo inson ruhiyati uchun bebaho neʼmatdir. U qalbga xotirjamlik, ruhga kuch-quvvat, hayotga umid va maʼnaviy barqarorlik baxsh etadi. Duo insonni Alloh taologa yaqinlashtirib, uning sabr-toqati, shukri va tavakkulini mustahkamlaydi. Shuning uchun har bir musulmon duoni hayotining ajralmas qismiga aylantirishi, quvonchda ham, qiyinchilikda ham Allohga munojot qilishni odat qilishi lozim.

Zero, duo qiluvchi inson hech qachon yolgʻiz emas. Uning qalbi doimo Robbi bilan bogʻlangan boʻladi.

Nodir QOBILOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Hadislar ham Alloh muhofazasidadir

Hadislarning islomdagi yuksak ahamiyati va asosiy yoʻriqnoma ekani, muqaddas dinimizning barcha jihatlari Sunnatga bogʻliqligi xuddi …