Home / MAQOLALAR / DUO – IBODAT MAGʻZIDIR (2-qism)

DUO – IBODAT MAGʻZIDIR (2-qism)

Duo paygʻambarlar hayotida ham muhim oʻrin tutgan. Qurʼoni karimda paygʻambarlarning duolari koʻplab zikr qilingan. Bu esa, duoning har qanday holatda zarur ekanini koʻrsatadi.

Odam alayhissalom xatolaridan keyin tavba-tazarru qilib, duo qildi, xatolari kechirildi. Nuh alayhissalom qavmlari haqida duo qildi. Ibrohim alayhissalom oʻz zurriyotlari uchun duo qildi. Zakariyo alayhissalom qarilik chogʻida farzand soʻrab duo qildi va Alloh taolo unga Yahyo alayhissalomni ato etdi. Yunus alayhissalom baliq qornida qolganida: “La ilaha illa anta subhanaka inniy kuntu minazzolimiyn”, deb duo qildi va Alloh taolo uni mushkuldan xalos qildi. Bu voqealar bizga har qanday vaziyatda ham duodan ajralmaslikni oʻrgatadi.

Duoning inson hayotida ruhiy va maʼnaviy foydalari juda koʻp boʻlib, ayrimlarini yuqorida zikr qilib oʻtdik. Duo insonga koʻplab maʼnaviy va ruhiy manfaat keltiradi.

Birinchidan, duo qalbga xotirjamlik baxsh etadi. Duo qilgan inson yolgʻiz emasligini, uni eshituvchi va yordam beruvchi Zot borligini his qiladi.

Ikkinchidan, duo insonda sabr va umidni kuchaytiradi. Qiyinchilik qancha ogʻir boʻlmasin, moʻmin Allohning rahmatidan noumid boʻlmaydi.

Uchinchidan, duo insonni takabburlikdan saqlaydi. Chunki duo qilgan odam oʻzining muhtojligini tan oladi.

Toʻrtinchidan, duo insonning Alloh bilan bogʻlanishini mustahkamlaydi. Shu bois, ulamolar duoni moʻminning quroli deb taʼriflagan.

Inson chin ixlos bilan, sidqidildan, qabul boʻlishiga ishongan holda duo qilishi zarur. Bu duoning ijobat boʻlishi shartlaridir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga ijobat boʻlishiga ishongan holda duo qilinglar”, deganlar.

Jumladan, duo ijobat boʻlishi uchun quyidagi odoblarga rioya qilish lozim. Ular:

  • ixlos bilan duo qilish;
  • halol rizq bilan yashash;
  • Allohga hamdu sano va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish bilan boshlash;
  • Qiblaga yuzlanish;
  • qoʻllarni koʻtarish;
  • duoda sobitqadam boʻlish;
  • shoshqaloqlik qilmaslik;
  • yaxshi gumonda boʻlish;
  • duodan soʻng Allohga tavakkul qilib harakat qilish.

Ixlos qilmagan holda, gʻofil qalb bilan qilingan duoning ijobat boʻlishi gumondir. Duo ijobati mavzusidagi hadislarda uch toifa insonlar duosi mustajob ekani aytilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ:ثَلَاثُ دَعَوَاتٍ مُسْتَجَابَاتٌ لَا شَكَّ فِيهِنَّ: دَعْوَةُ الْمَظْلُومِ، وَدَعْوَةُ الْمُسَافِرِ، وَدَعْوَةُ الْوَالِدِ عَلَى وَلَدِهِ.

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Ota-onaning duosi, musofirning duosi va mazlumning duosi”, dedilar. Yaʼni, ota-onaning farzandi haqiga qilgan duosi, musofirning mezbon haqiga qilgan duosi va mazlumning zolimning haqiga (zarariga) qilgan duosi bilan Alloh taolo oʻrtasini toʻsuvchi parda yoʻq.

Jumladan, boshqa hadisda: Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir odam gunoh aralashtirmasdan, qarindoshlik aloqasini uzmasdan turib duo qilsa, albatta, Alloh taolo unga buning uchun uch xil neʼmatdan birini ato etadi. Yo soʻraganini tezda beradi, yo oʻshaning mislicha yaxshilikni uning uchun saqlab qoʻyadi, yoki oʻshaning mislicha yomonlikni undan burib qoʻyadi”, deganlar. Shunda odamlar: “Ey Allohning Rasuli, undoq boʻlsa (duoni) koʻpaytiramiz”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Alloh koʻpaytiruvchiroqdir”, dedilar (Imom Muslim, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyat qilgan).

Yuqoridagilardan maʼlum boʻladiki, chin ixlos va ishonch bilan qilingan duo Alloh huzurida ijobat ekan. Darhaqiqat, kimgaki Yaratganga yuzlangan qalb va chiroyli duo qilish neʼmati berilgan boʻlsa, unga koʻp yaxshiliklar berilibdi.

Xulosa qilganda, duo – moʻminning eng katta boyligi, qalb ozuqasi va uni Robbi bilan bogʻlovchi mustahkam rishtadir. Duo orqali inson oʻz muhtojligini anglaydi, Alloh taoloning rahmatiga suyanadi va hayotidan baraka topadi.

Shuning uchun har birimiz duoni kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylantiraylik. Quvonchli kunlarda ham, musibatli damlarda ham Allohni eslab, Unga iltijo qilib yashaylik.

Alloh taolo barchamizni duosi qabul boʻladigan solih bandalaridan qilsin. Yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik, xonadonlarimizga baraka ato etsin.

Nodir QOBILOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU HOTIM MUHAMMAD IBN HIBBONNING “SAHIH”IDAGI FIQHIY QARASHLARI

X asrda Xuroson va Movarounnahrda yashab ijod qilgan, hadis ilmi rivojiga katta hissa qoʻshgan muhaddis, …