Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari uchun tashkil etilgan maxsus oʻquv kursi doirasida navbatdagi mashgʻulot boʻlib oʻtdi. Unda Markaz katta ilmiy xodimi Mexrojiddin Amonov “Imom Buxoriy majmuasi: kecha va bugun” mavzusida maʼruza qildi.

Tadqiqotchi muqaddas qadamjoning tarixiy shakllanish bosqichlari, mustaqillik yillaridagi ilk tiklanish davri va ayniqsa soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan majmuada amalga oshirilgan keng koʻlamli qayta qurish va obodonlashtirish ishlarining mazmun-mohiyatiga alohida toʻxtaldi. Taʼkidlanganidek, majmua nafaqat meʼmoriy obida, balki islom olamining yirik maʼrifat va maʼnaviyat markazlaridan biri sifatida dunyo hamjamiyati diqqat markazida turibdi. Majmua tarixi va bugungi yuksak maqomini chuqur bilish xizmat hududida faoliyat olib borayotgan xodimlar uchun yuksak masʼuliyat bagʻishlaydi.

Tinglovchilar qadamjoning diniy-maʼrifiy sohadagi oʻrni va ziyorat turizmini rivojlantirishdagi ahamiyati xususida batafsil maʼlumotga ega boʻldi.
Mashgʻulot yakunida mavzu yuzasidan fikr almashilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





