Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida taʼlim, amaliyot va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida innovatsion aloqalarni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash maqsadida Toshkent shahridagi “Peshqadamlar Karvoni” muassasasi bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda mazkur kelishuv ikki tomon uchun ham manfaatli ekani, ikkala muassasaning ham diniy-maʼrifiy sohadagi, ayniqsa, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, allomalarimizning ilmiy merosini keng yoyish borasidagi xayrli faoliyati alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, Markaz xodimlari ham aholi, ayniqsa yoshlarda mutolaa koʻnikmasini yanada oshirish ishlariga ulkan hissa qoʻshib kelayotgani, xususan, Markaz nashrlar bӯlimi mutaxassisi Muhammadiqbol Shukurov oʻz xonadonida 2000 dan ziyod kitob fondiga ega kutubxona tashkil qilib, mahalla ahliga xizmat koʻrsatayotgani ibratli namuna sifatida tilga olindi.
Markaz direktori Sh.Ziyodov muassasa bilan koʻp yillik aloqalari noshirlik va ilmiy anjumanlar yoʻnalishidagi sheriklik asnosida izchil rivojlanib kelayotganini alohida taʼkidladi. Markaz rahbari istiqboldagi loyihalarda keng xodimlar tarkibi, xususan, tadqiqotchi xotin-qizlar ishtirokini ham faollashtirish lozimligini qayd etdi. Shuningdek, xalqaro miqyosdagi tadbirlar va Toqi Zargaron madrasasi kabi tarixiy maskanlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish taklifi ilgari surildi.
Maʼlumot oʻrnida, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ilmiy-maʼrifiy faoliyatini davom ettirish maqsadida tashkil etilgan “Peshqadamlar Karvoni” muassasasi tarkibida yirik media loyihalar (muslimaat.uz sayti, “Omina” jurnali), “Peshqadam ilmiy markazi”, “Kitobqand” bepul kutubxonasi hamda xotin-qizlar uchun ijtimoiy-ruhiy koʻmak loyihalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Imzolangan memorandumga binoan tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish, ekspertlar hamjamiyati bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish va oʻzaro media kontent almashish kabi yoʻnalishlarda sheriklikni tizimli davom ettiradi. Hamkorlik doirasida birgalikda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, oʻzaro maqolalar almashish, hamkorlikda jurnallar chiqarish va tarjima ishlarini jadallashtirish kabi muhim istiqbolli vazifalar ham belgilab olindi.
Tadbir yakunida anʼanaga koʻra ikki tomonlama kitoblar taqdim etildi. “Peshqadamlar Karvoni” jamoasi Markazimiz fondiga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining mashhur “Hadis va Hayot” hamda “Oltin silsila” turkum kitoblari jamlanmasini taqdim etdi. Markaz tomonidan esa mehmonlarga nashrlar toʻplami tuhfa qilindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





