Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining Markazda amaliyot oʻtayotgan sovrindori, Turkiyadagi Dijla universiteti doktoranti Mustafo Alagoʻzoʻgʻli oʻz tadqiqotlarining taqdimotini oʻtkazdi.

Tadqiqotchi XIV-XV asrlarda Movarounnahrda yashab ijod qilgan yirik mutasavvif, muhaddis va faqih, Bahouddin Naqshbandning eng yaqin shogirdlaridan biri – Xoja Muhammad Porsoning hayoti va ilmiy faoliyatiga toʻxtalib oʻtdi. Allomaning oʻttizga yaqin asari maʼlum boʻlib, ular orasida “Faslul xitob”, “Risolai Qudsiya” va “Tahqiqot” kabi asarlar naqshbandiya taʼlimoti va islom ilmlari rivojida alohida ahamiyatga ega.

Taqdimotda allomaning hali nashr etilmagan va bugungi kunda faqat Turkiya kutubxonalarida qoʻlyozma nusxalari saqlanayotgan “ Fusulus sitta” (“Olti fasl”) asarining ilmiy qimmati atroflicha tahlil qilindi. Mazkur asar hadislardan sharʼiy hukmlar chiqarish metodologiyasiga bagʻishlangan boʻlib, unda fiqhni sahih hadislar asosida qurish va fiqhiy masalalarni hadislar bilan dalillash yoʻllari koʻrsatib berilgan. Muallif hadis ilmini islomiy ilmlarning eng sharaflisi deb biladi va uning shariat ahkomlarining asl manbalarini bayon qilishi tufayli shariatni saqlashdagi oʻrnini yuqori baholaydi. Asarning asosiy maqsadi – keyingi davr ulamolari asarlarida tarqoq holda uchraydigan masalalarni jamlash, fatvolarning usuliy asoslarini yoritish hamda usul va furuʼga oid qoidalar orasidagi bogʻliqlikni ochib berishdan iborat.

Kitobda hadislarni mazhabga qarshi dalil sifatida qoʻllash masalasi, Imomi Aʼzam Abu Hanifaning hayoti va ilmiy merosi, sahih hadislardan fiqhiy hukmlar chiqarish usullari hamda ushbu metodologiyaning amaliy namunalari batafsil bayon etilgan. Bundan tashqari, manbada hadis va fiqh usullari bilan birga ijtihod, taqlid, tahorat kabi masalalar, shuningdek, tasavvuf tarixi, soʻfiylar tabaqalari va hadis rivoyatidagi “ijoza” tushunchasining ahamiyati oʻzaro uygʻunlikda tahlil qilingan.

Eʼtiborli jihati shuki, asar hali toʻliq oʻrganilmagan boʻlib, undagi ayrim fasllarning mazmun-mohiyati tadqiqotchilar tomonidan hanuzgacha batafsil yoritilmagan.
Seminar yakunida ishtirokchilar mazkur taqdimot Xoja Muhammad Porsoning muhaddislik va faqihlik faoliyatini yangicha ilmiy mezonlar asosida baholashda, shuningdek, Movarounnahr ilmiy maktablarining boy qoʻlyozma merosini chuqur oʻrganishda muhim qadam boʻlganini taʼkidladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





