Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Imom Buxoriy majmuasida xizmat vazifasini bajarish uchun biriktirilgan xodimlar uchun tashkil etilgan maxsus oʻquv kursi tizimli davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida oʻtkazilgan navbatdagi mashgʻulotda ilmiy xodim Nodir Qobilov “Sahihul Buxoriy” asarining hadis ilmidagi oʻrni va nufuzi” mavzusida maʼruza qildi.
Mashgʻulot davomida tinglovchilarga buyuk muhaddis Imom Buxoriyning hadis ilmini tizimlashtirish va rivojlantirishdagi beqiyos xizmatlari, ushbu shoh asarning islom tamadduni hamda jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi ilmiy asoslar bilan tushuntirib berildi. Taʼkidlanganidek, allomaning toʻplami islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida eʼtirof etilishi bejiz emas, chunki undagi har bir hadis qatʼiy va oʻta mukammal ilmiy mezonlar asosida saralangan.

Maʼruzada xodimlarning xizmat hududi hisoblangan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga alloma merosining nufuzini toʻgʻri va sodda tilda yetkaza olish koʻnikmasini shakllantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Tinglovchilar asarning mazmun-mohiyati, uning inson kamoloti va axloq-odobga oid gʻoyalari xususida atroflicha maʼlumotga ega boʻldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





