Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Xoja Buxoriy oʻrta-maxsus islom taʼlim muassasasi ustoz va talabalari mehmon boʻldi. Tashrif asnosida mehmonlar va ilmiy xodimlar ishtirokida tom maʼnoda ilm, maʼrifatga, qizgʻin muloqot, motivatsiya va istiqbolli rejalarga yoʻgʻrilgan davra suhbati tashkil etildi.

Muloqotda Markaz direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov diniy va dunyoviy bilimlarni uygʻunlashtirish, yoshlarni zamon talablariga mos holda tarbiyalash, ilm-fan va innovatsiyalar bilan hamnafas boʻlib yashash hamda zamonaviy texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali va maqsadli foydalanish zarurligini taʼkidladi.

Davra suhbatida Markaz direktorining oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev taʼlim muassasasi rahbariyati va ustozlarining ilmiy salohiyatni oshirish borasidagi harakatlarini alohida eʼtirof etdi. Markaz tomonidan toʻqqiz yil davomida erishilgan ilmiy natijalar, xususan, Imom Buxoriyning hozirgacha yetib kelgan 12 ta asari ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilinib, nashrga tayyorlangani haqida axborot berar ekan, zamonaviy jamiyatdagi dolzarb masalalar, xususan, radikalizm va diniy ekstremizmning oldini olish, hadis va sunnat atrofidagi shubhalarga raddiya berish yoʻnalishida nashr etilgan yangi kitob va risolalarning mazmun-mohiyatiga alohida toʻxtaldi. Diniy soha xodimlari xalqaro minbarlarda turib xorijiy tillarda ravon maʼruza qila olishlari uchun chet tillarini hamda axborot texnologiyalarini chuqur oʻrganishlari davr talabi ekani qayd etildi.
Xoja Buxoriy oʻrta-maxsus taʼlim muassasasi direktori, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Oʻtkir Gʻuzorov Markazda shakllangan ilmiy muhit va jamoaviy hamkorlikni eʼtirof etdi. Kitob yozish va ajdodlar merosini xalqqa yetkazishning ulugʻ ajriga toʻxtalib, Markaz faoliyati bu borada ulkan mayoq boʻlayotganini taʼkidladi.
Markaz katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov taʼlim muassasasining tashkil topish tarixi, oʻtgan davr mobaynida erishilgan natijalar va bugungi kunda talabalar uchun yaratilgan sharoitlarga eʼtibor qaratdi. Qayd etilganidek, hozirda ushbu madrasani bitirgan bir qator olimlar Markazda va Hadis ilmi maktabida samarali faoliyat olib bormoqda.

Tadbir davomida diniy taʼlim muassasalari bilan “tadqiqot – taʼlim – amaliyot” yoʻnalishida oʻzaro hamkorlik tadbirlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Qoʻshma tadbirlar tashkil etish va Markazning OAK roʻyxatidagi “Imom Buxoriy saboqlari” ilmiy jurnalida maqolalar taqdim etish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida madrasa talabalarini Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan kitoblar tarjimasi jarayoniga jalb etish hamda bitiruv malakaviy ishlari mavzularini Markaz olimlari bilan hamkorlikda tanlash takliflari ilgari surildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining mazmun-mohiyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir doirasida Markaz tomonidan taʼlim muassasasi kutubxonasi, ustoz va talabalari uchun ilmiy kitoblar tuhfa qilindi.
Davra suhbati soʻnggida tinchlik-omonlik, yurt ravnaqi va yoshlarning ilm yoʻlidagi rivojini tilab duo qilindi.

Uchrashuv yakunida mehmonlar Markaz muzeyi ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





