Home / FOTO LAVHALAR / “Imom Buxoriy majmuasi – maʼrifat va tarbiya oʻchogʻi”

“Imom Buxoriy majmuasi – maʼrifat va tarbiya oʻchogʻi”

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Imom Buxoriy majmuasida xizmat vazifasini bajarish uchun biriktirilgan xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini yuksaltirish, diniy va milliy merosimiz haqidagi bilimlarini boyitish maqsadida tashkil etilgan maxsus oʻquv kursining ilk mashgʻuloti boʻlib oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida oʻtkazilgan mazkur tadbirda Markaz katta ilmiy xodimi Jonibek Jumayevning “Imom Buxoriy majmuasi – maʼrifat va tarbiya oʻchogʻi” nomli maʼruzasi tinglandi.

Maʼruzada ushbu muqaddas qadamjoning nafaqat yurtimiz, balki butun musulmon olami uchun yuksak maʼnaviy ahamiyatga ega ekanini ilmiy asoslar bilan bayon qilindi. Xizmat vazifasini bajaruvchi xodimlar uchun majmuaning tarixiy va maʼrifiy qiymatini chuqur anglash ziyoratchilar bilan oʻzaro muloqot madaniyatini yuksaltirishda bosh poydevor boʻlib xizmat qilishi alohida qayd etildi. Taʼkidlanganidek, bugungi kunda butunlay yangidan, ulugʻvor qiyofada barpo etilgan ushbu muazzam maskan xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishda, ziyoratchilar va yoshlar qalbida milliy hamda diniy qadriyatlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhini singdirishda yirik maʼrifat markazi vazifasini oʻtamoqda.

Mashgʻulot davomida Imom Buxoriyning ibratli hayot yoʻli, ilmga boʻlgan sadoqati va inson kamolotiga oid umuminsoniy qarashlari majmuaning bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati bilan oʻzaro uygʻunlikda tahlil qilindi. Tinglovchilar nafaqat majmuaning tarixiy maqomi, balki uning jamiyat maʼnaviy hayotiga koʻrsatayotgan tizimli taʼsiri xususida ham keng tushunchalarga ega boʻldi.

Yakunda tinglovchilarni qiziqtirgan savollar yuzasidan atroflicha fikr almashildi va batafsil izohlar berildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Xorazm ilmiy muhiti yopiq boʻlmagan, aksincha faol muloqot maydoni vazifasini oʻtagan

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan …