Home / MAQOLALAR / ABU HOTIM MUHAMMAD IBN HIBBONNING “SAHIH”IDAGI FIQHIY QARASHLARI

ABU HOTIM MUHAMMAD IBN HIBBONNING “SAHIH”IDAGI FIQHIY QARASHLARI

X asrda Xuroson va Movarounnahrda yashab ijod qilgan, hadis ilmi rivojiga katta hissa qoʻshgan muhaddis, faqih Ibn Hibbon Bustiydir. U hadis va fiqh ilmining oltin davridan keyin voyaga yetib, davom ettirgan allomalardan biri hisoblanadi. Allomaning hayoti, ijodi va faoliyati buni tasdiqlaydi. Uning “Sahih”i boshqa hadis asarlari qatorida islom olamida moʻtabar manba hisoblanadi. Shu asarda keltirilgan fiqhiy qarashlari hadislarni tushunishda keyingi faqihlarga qoʻllanma sifatida yordam beradi. Hadislardan hukm olishda nimalarga eʼtibor qaratish lozimligini koʻrsatadi.

Mavzu boʻyicha bir qator arab olimlarining risola va ilmiy tadqiqotlarida maʼlumotlar berilgan. Jumladan, iordaniyalik hadisshunos olim doktor Bosim ibn Faysal Javobira “Muhozaratun fi manohijil muhaddisin” (“Muhaddislarning uslubi haqida maʼruza”) risolasida Ibn Hibbonning hadislarga foydali sharh bergan, xulosasi va usulini yoritishga urgʻu bergan [3] boʻlsa, misrlik faqih va hadisshunos olim, doktor Abdulmajid Mahmud Abdulmajid “Maolimul fiqh Ibn Hibbon” (“Ibn Hibbon fiqhining xususiyatlari”) nomli risolasida allomaning hadis fiqhi haqidagi yondashuvi, hadislardan hukm olish, taʼvil qilishga oid masalalarga ahamiyat qaratgan [1].

Jazoirning Batna shahridagi Haj Laxzar universitetida Ali Shaykush Kamol esa “Oroul imom Ibn Hibbon al-hadisiya” nomli magistrlik ishida Ibn Hibbonning maʼlum shartlarga koʻra hadisni rivoyat qilishda maʼnosini bayon qilish, bob va hadislarni tartib bilan keltirib, idroj (lafz hadisnikimi yoki roviynikimi ajratib boʻlmaydigan) hadislarga aniqlik kiritganini ochib berishga harakat qilgan [2]. Yuqorida nomlari keltirilgan asarlarda mavzuning turli jihatlari yoritilgan boʻlsa-da, ammo Ibn Hibbonning fiqhiy qarashlari yurtimiz olimlari tomonidan alohida tadqiq qilinmagan. Shu sababdan ushbu mavzuni tadqiq etish bugungi kundagi dolzarb ilmiy masalalardan biri hisoblanadi.

Yoqut Hamaviy “Moʻjamul buldon” asarida “… ibn Maʼbad ibn Said ibn Shahid ibn Hudba ibn Murra ibn Saʼd ibn Yazid ibn Murra ibn Zayd ibn Abdulloh ibn Dorim ibn Hanzala ibn Molik ibn Zayd Manot ibn Tamim ibn Muru ibn Udd ibn Tobixa ibn Ilyos ibn Muzar” [4: 415], deb butun nasabini Adnonga bogʻlab (yaʼni, Ilyos ibn Muzar ibn Adnon Nabiy sollallohu alayhi vasallamning nasablariga yetkazib), baʼzi nomlarni qoʻshgan va joyini almashtirib keltirgan.

Alloma Ibn Hibbon nomi bilan tanilgan. Kunyasi Abu Hotim.

Muhammad ibn Hibbonning tarjimayi holi haqida yozgan allomalarning hech biri uning tavallud yilini zikr etmagan. Faqat tarixchi olim Jamoliddin Abu Mahosin Hanafiy (vaf. 874/1469-y.) allomaning 260/874-yil [5: 343] tugʻilganini aytsa, Shamsiddin Zahabiy 273-279/886-892-yil oraligʻida [16: 93] tugʻilganini aytgan.

Ibn Hibbon oʻsha vaqtdagi Sijiston viloyatiga qarashli Bust shahrida tavallud topgan. Bust hozirgi Hilmand provinsiyasi markazi Lashkargoh shahridir.

Muhammad ibn Hibbon ona shahrida mufassir, muhaddis, qozi Abu Muhammad Isʼhoq ibn Ibrohim Bustiy (vaf. tax. 300/913-307/919-y.) [4: 415; 15:140]dan hadis tinglagan. U haqda Ibn Hibbon: “Undan chiroyli nusxalarni yozib olganmiz. 303/917 yoki 304/918-yili vafot etgan. Solih ustoz edi” [8:156], degan. Yana Bustdagi ustozlaridan biri Abu Hasan Muhammad ibn Abdulloh ibn Junayd Bustiy (vaf. 304/917-y.) [4: 415]dir. Ibn Hibbon u haqda: “Muhaddislarning ulugʻlaridan va taqvodorlarning donolaridan biri”[7:122], degan. Bu oʻsha davrda Bustda ham allomalar gavjum boʻlgani va turli fanlarni oʻzlashtirgan bir qancha olimlar yetishib chiqqanidan dalolat beradi.

Ibn Hibbon Bustdagi olimlardan taʼlim olib, ilmini yanada boyitish maqsadida oʻsha davrdagi olimlar odatiga koʻra, turli mamlakat va viloyatlarga safar qilgan. Manbalarda keltirilishicha, Ibn Hibbonning ilm safari Sijistondan boshlangan. Undan Xuroson va Movarounnahr, keyin Eron, Iroq, Hijoz, Shom va Misr oʻlkalariga safar qilgan.

Bu safarlardagi ustozlari ikki mingdan oshgan. Alloma “Sahih”ining muqaddimasida “Ehtimol biz Isbijobdan Iskandariyagacha ikki mingdan ziyod ustozdan hadis yozib olgandirmiz” [10:109], degan. Ibn Hibbon bu gapi bilan oʻz davrida ilm safari uchun imkon qadar uzoqlarga chiqqanini aytmoqchi boʻlgandir. Ibn Hibbon ilm talabida safar qilgan shaharlar soni sakson beshtacha boʻlib, ularda besh yuzdan ziyod ustozlaridan rivoyat qilgan hadis va xabarlarni asarlariga kiritgan.

Baʼzi ustozlarining nomini aytib oʻtamiz: Ahmad ibn Muhammad ibn Azhar ibn Haris Sijziy (vaf.312/924-y.), Abdulloh ibn Sulaymon ibn Ashʼas Abu Bakr ibn Abu Dovud Sijistoniy (vaf. 316/928-y.), Abu Amr Muhammad ibn Mahmud ibn Adiy ibn Xolid Xurosoniy Marvaziy Nasaviy, Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Avn Rayyoniy (vaf. 313/925-y.), Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdurahmon Somiy (vaf. taxm. 301/914-y.), Abu Ali Husayn ibn Idris Xurramiy (vaf. 301/914-y.), Abu Bakr Muhammad ibn Usmon ibn Said Dorimiy (vaf.303/916-y.), Abu Quraysh Muhammad ibn Jumua Quhustoniy (vaf. 323/935-y.), Imron ibn Muso ibn Mushojiʼ Saxtayoniy (vaf.305/918-y.), Abu Nuaym Abdulmalik ibn Muhammad ibn Adiy Jurjoniy (vaf.322/934-y.), Abu Bakr Qaffol Shoshiyning shogirdi Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma (vaf.311/923-y.) boʻlib, bu ustozidan fiqhni oʻrgangan, Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad – Ibn Shiravayh (vaf. 305/918-y.), Buxoriy va Muslim “Sahih”laridan boshqa asarlarida hadis rivoyat qilgan Muhammad ibn Abu Isʼhoq Saqafiy Siroj (vaf.313/925-y.), Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr Samarqandiy (vaf.311/923-y.), Abu Zar Muhammad ibn Muhammad ibn Yusuf Adaviy (vaf.314/926-y.), Abu Fazl Yoqub ibn Yusuf ibn Osim Osimiy Buxoriy (vaf.325/926-y.), Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobi roviysi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Matar ibn Solih ibn Bashar Firabriy (vaf.320/926-y.), Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ibn Husayn Yazdoniy Nasafiy (vaf.344/956-y.), Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Xuzaym ibn Qumayr ibn Xoqon Shoshiy, Imom Dorimiyning shogirdlaridan biri Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Nasr ibn Anbar Samarqandiy Kabuzanjakasiy (vaf.315/928-y.), Abu Qosim Abduljabbor ibn Ahmad ibn Muhammad (vaf.319/932-y.), Abu Abdulloh Muhammad ibn Fazl ibn Abbos ibn Hafs Balxiy (vaf.317/930-y.); Nasr ibn Fath ibn Solim Murabbaiy Samrqandiy (vaf.316/929-y.) va boshqa allomalar.

 Ibn Hibbonning mashhur shogirdlari quyidagilardir:

Abulhasan Muhammad ibn Ahmad ibn Horun Zuzaniy (vaf.369/979-y.), Abu Amr Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad Nuqotiy (vaf.382/992-y.), Abulhasan Ali ibn Amr Doraqutniy (vaf.385/995-y.), Abu Abdulloh Muhammad ibn Isʼhoq Abdiy Asbahoniy (vaf.395/1005-y.), Abu Ali Mansur ibn Abdulloh ibn Xolid Xolidiy Zuhaliy Haraviy (vaf.402/1011-y.), Abu Muoz Abdurahmon ibn Muhammad Sijistoniy (vaf.426/1035-y.) va boshqalar.

Manbalarda alloma yuzga yaqin asar tasnif etgani aytiladi. Bizgacha saqlanib qolganlari quyidagilardir: “Sahih Ibn Hibbon” nomi bilan tanilgan “Al-Musnadus sahihu alat taqosimi val anvoʼi”, roviylar tarixi haqidagi “As-Siqot”, roviylarning adolati va illati haqidagi “Al-Majruhin”, odob-axloqqa tegishli “Ravzatul uqalo va nahzatul fuzalo”, mashhur alloma haqidagi “Mashohirul ulamoil amsor” va “Tarixus sahoba”. Muhammad ibn Hibbon sakson yoshdan oshib, 354/965-yilda vafot etgan [16: 102].

Abu Hotim ibn Hibbon “Sahih Ibn Hibbon” asarida hadislarni ajoyib soʻzlar bilan izohlagan. Ana shular orasida hadisning fiqhi haqidagi fikrini aytish mumkin. Asarni fiqh kitobi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Samarqandlik muhaddis Abu Said Idrisiy alloma haqida bunday degan: “Abu Hotim Bustiy faqihlardan biri va mintaqa-yu mamlakatlardagi mashhur hadis hofizi boʻlgan. Tabobat, falakiyot va turli ilmlar olimi boʻlib, “Al-Musnadus sahih”, “At-Tarix”, “Az-Zuafo” va boshqa turli fanlarga oid asarlar taʼlif etgan. Samarqandda odamlarga fiqhdan taʼlim bergan” [6:99]. Ana shundan uning faqihlardan biri boʻlganini bilish mumkin.

Misrlik hadisshunos olim, faqih, tadqiqotchi, adabiyotshunos va munaqqid Ahmad Muhammad Shokir (1892-1958) “Bu sarlavhalarda Ibn Hibbonning fiqhi va sunnatni mukammal tarzda anglagani va bilgani oʻz aksini topgan” [9: 17], deb “Sahih Ibn Hibbon” asarining bob nomlariga qarata allomaga taʼrif bergan.

Asarni oʻqigan kishi allomaning hadislardan keyin fiqhiy xulosa berganiga guvoh boʻladi. Kitobda shunday oʻrinlar koʻp uchraydi. Baʼzilari roviylar haqidagi gaplar boʻlsa, baʼzilari hadis maʼnosining batafsil sharhi, hadisning fiqhi yoki usuli sabablarini zikr qilish orqali maʼnolarni izohlashdan iboratdir. Shuningdek, hadis ilmi nuqtayi nazaridan qaraganda kasbiy mahorat bilan berilgan izohlar va shu kabi bebaho hamda saralangan maʼlumotlarni keltirgan. Quyida baʼzi misollarni keltirib oʻtamiz.

Ibn Abbosdan rivoyat qilingan Abu Bakr roziyallohu anhuning fazilati haqidagi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Masjiddagi Abu Bakrning darchasidan boshqa barcha darchalarni mendan toʻsib tashlanglar”, degan hadislari haqida Ibn Hibbon bunday degan: “U zotning: “Masjiddagi Abu Bakrning darchasidan boshqa barcha darchalarni mendan toʻsib tashlanglar”, degan soʻzlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyingi xalifa Abu Bakr ekaniga dalil bor. Chunki Mustafo sollallohu alayhi vasallam Abu Bakrdan boshqa barcha odamlarning oʻzlaridan keyin xalifa boʻlish niyatini yoʻq qilgan [13:144].

Abdulloh ibn Umar rivoyat qilgan tunda junub boʻlib qolish haqidagi hadisda bunday keltiriladi: “Umar ibn Xattob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tunda oʻziga junublik yetib qolishini aytdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zakaringni yuvib, tahorat qilgin-da, uxlayver”, dedilar”. Ushbu hadisga Abu Hotim bunday izoh bergan: “U zotning: “Zakaringni yuvib, tahorat qilgin”, degan soʻzlari mustahab buyruq boʻlib, “soʻng uxlayver” deganlari muboh amrdir. U zot sollallohu alayhi vasallamning ushbu soʻzlarida maniyning najas ekaniga dalil yoʻq. Bu yerdagi buyruq jinsiy aʼzoni yuvish haqida ketmoqda. Chunki kishi jimoʼ qilganda jinsiy aʼzosiga najas tegadi, bu ishdan boʻshaganda, gʻusl qilishidan oldin bavl qilishi kerak boʻladi. Jinsiy aʼzoga najosatning tegishi sabab, uni yuvishga buyurilgan. Maniyning najas ekani uchun emas. Chunki Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kiyimlaridan (maniyni) ishqab tashlar edi. Soʻng u zot oʻsha kiyimda namoz oʻqirdilar” [11:181]. Imom Ibn Hibbon bu fiqhiy xulosani shofeiy mazhabi usulida sharhlagan. Hanafiy mazhabi usuliga koʻra, maniy yengil najosat hisoblanadi.

U zotning bir tushlari haqida Abu Hurayra aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: “Uyquda ekanman, oʻzimni bir quduq tepasida koʻrdim. Uning ustida chelak bor ekan. Men undan xohlaganimcha suv tortib oldim. Keyin uni mendan Abu Quhofa olib, u bilan bir chelak [yoki ikki chelak] suv tortib oldi. Uning tortishida zaiflik bor edi. Alloh uning zaifligini kechirsin. Keyin (chelak) katta bir chelakka aylandi-da, uni Umar ibn Xattob oldi. Men odamlar orasida Ibn Xattob tortib olganchalik suv tortib oladigan ustasini koʻrmaganman, hatto odamlar atan (suv atrofida tuyalarni sugʻorib, dam oldiradigan joy)lar qurib olishdi”. Ibn Hibbon ushbu hadisni quyidagicha izohlagan: Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tushlari ham vahiydir. Alloh azza va jalla Mustafo sollallohu alayhi vasallamga tushlarida bir quduq tepasida turganlarini koʻrsatdi. Quduq musulmonlarning ishi boʻlib, undan manfaat olish haqidadir. U zot: “Men undan xohlaganimcha suv tortib oldim. Keyin uni mendan Abu Quhofa olib, u bilan bir chelak [yoki ikki chelak] suv tortib oldi”, dedilar. Bu bilan musulmonlarning ishini nazarda tutmoqdalar. “Ikki chelak” degani, Abu Bakr roziyallohu anhuning xalifaligi ikki yilu bir qancha kun boʻlgan, maʼnoni bildiradi. Soʻng u zot: “Keyin uni Umar ibn Xattob oldi”, dedilar. Demak, Umar roziyallohu anhuning Abu Bakr roziyallohu anhudan keyingi xalifaligi biz aytib oʻtgan aniq sunnat asosida toʻgʻri boʻlib chiqdi [13:166-167]. Tarixdan maʼlumki, voqealar shunday rivoj topgan.

Ibn Hibbonning baʼzi xulosalari gʻalati tuyuladi. Bunga misol Anas ibn Molikning Nabiy sollallohu alayhi vasallamning roʻzani uzluksiz tutishlari haqidagi rivoyatini aytish mumkin. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uzluksiz roʻza tutmanglar!” dedilar. Odamlar: “Oʻzingiz uzluksiz roʻza tutasiz-ku?!” dedi. U zot: “Men sizlarning birortangizdek emasman. Albatta, men yedirib-ichirilaman”, dedilar”. U zot uzluksiz (yaʼni, iftorlik va saharlik qilmay bir kundan ortiq) roʻza tutardilar. Ibn Hibbon Nabiy alayhissalomning ochlikdan qorinlariga tosh bogʻlaganlari haqidagi hadisni inkor etib, bunday xulosa chiqargan: “Bu xabar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qorinlariga tosh bogʻlash haqidagi xabarlarning hammasi botil ekaniga dalildir. Buning maʼnosi الْحَجَرُ [al-hajaru] tosh emas, balki الْحُجَزُ [al-hujazu]dir. الْحُجَزُ [al-hujazu] izorning boylaydigan tarafidir. Alloh azza va jalla Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uzluksiz roʻza tutganlarida yedirib-ichirar ekan, qanday qilib, uzluksiz roʻza tutmaganda qorinlariga toshni bogʻlashga muhtoj boʻladigan darajada och qoldirardi. Tosh ochlikni toʻsmaydi” [12:66].

Shuning uchun Shamsiddin Zahabiy “As-Siyar” asarida Ibn Hibbonga raddiya berib, “Sahih”ida oʻzi keltirgan, Ibn Abbosdan rivoyat qilingan Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumoning ochlik tufayli uylaridan chiqqanlari haqidagi bir hadisni dalil qilgan. Ular Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashib qolib, hollari haqida xabar bergan. Shunda u zot: “Men ham, nafsim “Qoʻli”da boʻlgan Zotga qasam, meni ham shu olib chiqdi” [11:488], deganlar. Bu u zotning faqat uzluksiz roʻza tutganlarida yedirib ichirilganidan dalolat beradi [14:98]. Nabiy alayhissalom ochqaganlar ham, toʻyganlar ham, turganlar ham, uxlaganlar ham va boshqa hayotiy zarurat masalalarida qolgan odamlardek boʻlganlar.

Buyruqlarning qay darajada ekani haqida Ummu Qays binti Mihsondan bunday rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kiyimga tegadigan hayz qoni haqida soʻradim. U zot: “Uni choʻp bilan ishqalab tashlab, suv va sidr (sovun vazifasini oʻtovchi oʻsimlik) bilan yuvgin”, dedilar”. Abu Hotim bunday izoh bergan: “U zot sollallohu alayhi vasallamning: “U suv bilan yuvgin”, deganlari farz boʻlib, sidr bilan yuvish va choʻp bilan ishqalash mustahab va koʻrsatma buyruqdir” [11:182].

Soʻng Asmodan rivoyat qilingan xabarni keltirgan: “Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hayz qoni haqida soʻradi. U zot: “Uni qirtishlab tashla, keyin suv bilan ishqalab, ustidan suv sep va unda namoz oʻqiyver”, dedilar”. Abu Hotim aytadi: “Qirtishlash va ustidan suv sepish mustahab buyruq boʻlib, qilinishi muqarrar ish emas. Suv bilan ishqalab yuvish buyrugʻi shartiga bogʻliqdir, yaʼni ayni oʻzini ketkazishdir. Aynini ketkazish esa farzdir. Ishqalamasdan ketkaza olsa, suv bilan ishqalab yuvish nafl ish boʻladi. Yuvganidan keyin oʻsha kiyimda namoz oʻqish muboh buyruq hisoblanadi. U qatʼiy buyruq emas” [11:184]. Alloma shu kabi hadis va xabarlarga oʻz xulosalarini keltirgan. Bundan tashqari, lugʻatlar, hadis sharhlash, nosix, mansux va boshqa mavzularga oid masalalarning fiqhiy izohlarini berib oʻtgan.

Xulosa va takliflar. Xulosa sifatida aytish mumkinki, hadislar hukm olishda ikkinchi manba hisoblanadi. Zamonaviy fiqhiy masalalarni tahlil etishda hadislarni atroflicha oʻrganib, muhaddis va faqihlar usulida xulosa qilinadi. Muhammad ibn Hibbonning hadislardan masala olish usuli oʻziga xos hisoblangan. Barcha muhaddislarning hadislardan xulosa chiqarishda oʻz fikri boʻlgan. Ibn Hibbonning ham bu boradagi fikrlarini qisqacha bayon qildik. Hadis ilmini kitobga tushirish asosan hijriy birinchi asrdan boshlangan boʻlsa, uchinchi asrga kelib oʻz choʻqqisiga yetgan. Shuningdek, fiqh ilmi ham takomillashib kelgan.

Bunga Abdulloh ibn Muborak Marvaziy, Imom Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy kabi mashhur muhaddislar katta hissa qoʻshgan. Mazkur oltin davrning davomchilaridan biri Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon ham muhaddislar ilmiy merosini tadqiq etish, hadis va fiqh ilmlarida yangi qirralarni kashf etishda katta xizmat qildi.

Mashhur muhaddis va faqih ulamolarning qoldirgan boy ilmiy merosi biz va kelajak avlod uchun katta hayot maktabi vazifasini oʻtaydi. Shuni eʼtirof etish kerakki, shariat hadis va fiqh bilan chambarchas bogʻliqdir. Bugungi kunda ham baʼzi zamonaviy masalalarga fatvo hayʼati shu kabi asarlardan javob topib, odamlar ehtiyojini qondirib kelmoqda. Bu borada Ibn Hibbonning hadis va fiqhga, umuman, islom ilmlariga qoʻshgan hissasi haqida risolalar yozish, asarlarini izohli tarjima qilib, kitobxonlarga yetkazish maqsadga muvofiqdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Abdulmajid Mahmud Abdulmajid. Maolimul fiqh Ibn Hibbon. – Toif. Maktabutul bayon, 1995.
  2. Ali Shaykush Kamol. Oroul imom Ibn Hibbon al-hadisiya (magistrlik diplom ishi). – Batna: Assanatul jomiʼiya, 2007.
  3. Bosim ibn Faysal Javobira. Muhozaratun fi manohijil muhaddisin. – Ammon (Nashriyoti koʻrsatilmagan), 2015.
  4. Yoqut Hamaviy. Moʻjamul buldon. J.1. – Bayrut: Doru sodr, 1977.
  5. Jamoliddin Abu Mahosin Yusuf ibn Tagʻriy Bardiy Hanafiy. An-Nujumuz zohira. J.3. –Qohira: Dorul kutub, 1971.
  6. Muhammad ibn Hibbon. Al-Ihson fi taqribi Sahih ibn Hibbon. J.1. Amir Alouddin Forisiy muqaddimasi. – Bayrut: Muassasatur risola, 1988.
  7. Muhammad ibn Hibbon. As-Siqot. J.8. Muhammad Abdulmuidxon rahbarligida. – Haydarobod: Doiratul maorifil Usmoniya, 1973.
  8. Muhammad ibn Hibbon. As-Siqot. J.9. Muhammad Abdulmuidxon rahbarligida. – Haydarobod: Doiratul maorifil Usmoniya, 1973.
  9. Muhammad ibn Hibbon. Sahih Ibn Hibbon. (Amir Alouddin Ali ibn Balbon Forisiy. Sahih Ibn Hibbon bi tartib Amir Alouddin Forisiy). 1. Ahmad Muhammad Shokir tadqiqi. – Qohira: Dorul maorif, 1952.
  10. Muhammad ibn Hibbon. Sahih Ibn Hibbon. Al-Musnadus sahihu alat taqosimi val anvoʼi min gʻayri vujudi qatʼin fi sanadiho vala subuti jarhin fi noqiliho. J.1. Muhammad Ali Soʻnmez va Xolis Oydemir tadqiqi. – Bayrut: Dor Ibn Hazm, 2012.
  11. Muhammad ibn Hibbon. Sahih Ibn Hibbon. Al-Musnadus sahihu alat taqosimi val anvoʼi min gʻayri vujudi qatʼin fi sanadiho vala subuti jarhin fi noqiliho. J.2. Muhammad Ali Soʻnmez va Xolis Oydemir tadqiqi. – Bayrut: Dor Ibn Hazm, 2012.
  12. Muhammad ibn Hibbon. Sahih Ibn Hibbon. Al-Musnadus sahihu alat taqosimi val anvoʼi min gʻayri vujudi qatʼin fi sanadiho vala subuti jarhin fi noqiliho. J.3. Muhammad Ali Soʻnmez va Xolis Oydemir tadqiqi. – Bayrut. Dor Ibn Hazm, 2012.
  13. Muhammad ibn Hibbon. Sahih Ibn Hibbon. Al-Musnadus sahihu alat taqosimi val anvoʼi min gʻayri vujudi qatʼin fi sanadiho vala subuti jarhin fi noqiliho. J.4. Muhammad Ali Soʻnmez va Xolis Oydemir tadqiqi. – Bayrut: Dor Ibn Hazm, 2012.
  14. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyar aʼlomin nubalo. J.11. – Bayrut: Muassasatur risola, 1996.
  15. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyar aʼlomin nubalo. J.14. Shuayb Arnaut va Akram Bushiy tadqiqi. – Bayrut: Muassasatur risola, 1996.
  16. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyar aʼlomin nubalo. J.16. Shuayb Arnaut va Akram Bushiy tadqiqi. – Bayrut: Muassasatur risola, 1996.

Qodirxon MAHMUDOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

YANGI QIYOFADAGI IMOM BUXORIY MAJMUASI: YETUKLIK RAMZI VA BUNYODKORLIK SALOHIYATI TIMSOLI

Tamaddun tafakkuri El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz roʻyobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy …