Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga xalqaro stipendiya dasturi doirasida galdagi xorijlik tadqiqotchi – Turkiyaning nufuzli Dijla universiteti Ilohiyot fakulteti doktoranti Mustafo Alagoʻzoʻgʻli ilmiy amaliyot oʻtash uchun keldi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov qabulida amaliyotchi ilmiy rejalari va izlanishlaridan koʻzlagan asosiy maqsadlari bilan oʻrtoqlashdi.
Mustafo Alagoʻzoʻgʻlining ilmiy izlanishlari naqshbandiya taʼlimotining yirik namoyandasi, alloma, Xoja Muhammad Porso Buxoriyning hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissasini oʻrganishga qaratilgan. Toʻliq ismi Abul Fath Jaloliddin Muhammad Hofiziy boʻlgan allomaning “al-Fusulus sitta” (Olti fasl) asari tadqiqotning markazida turadi.

Markaz rahbari yosh olimning tadqiqot mavzusini yuqori baholab, Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan allomalar merosini oʻrganishda bu kabi izlanishlar katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi hamda uning kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Belgilangan dasturga muvofiq, turkiyalik tadqiqotchi Markaz fondidagi boy va nodir qoʻlyozma manbalarni tahlil qilishi, shuningdek, yurtimizning qadimiy ilm-fan va madaniyat markazlari boʻlgan tarixiy shaharlarida boʻlishi koʻzda tutilgan.

Mazkur loyiha doirasida yil oxiriga qadar xorijdan yana bir qator taniqli va yosh olimlarning kelishi va ilmiy izlanishlar olib borishi rejalashtirilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





