Jazoir Xalq Demokratik Respublikasida ilmiy safarda boʻlib turgan Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari ikki mamlakat ilmiy-akademik doiralari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Qasantina (Konstantina) shahrida joylashgan Amir Abdulqodir nomidagi Islom ilmlari universitetiga tashrif buyurdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, ilmiy xodim Saʼdulloxon Boboxoʻjayev, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi masʼul xodimi Hikmatullo Abiyev, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Ahmad Jasim Zubaydiy mazkur nufuzli oliy taʼlim dargohining Xalqaro aloqalar va hamkorlik boʻyicha prorektori, professor Muxtor Amir Nasira va Din asoslari fakulteti dekani, professor Muhammad Bashir bin Tabba bilan uchrashuv oʻtkazdi. Suhbatda Agʻvot Islom ilmlari va sivilizatsiyasini tadqiq qilish markazi direktorining oʻrinbosari Ali Gʻaribiy ham ishtirok etdi.
Mezbonlar oʻzbekistonlik olimlarni universitetning koʻp yillik tarixi, bugungi taʼlim tizimi hamda fundamental islomiy fanlar yoʻnalishida olib borilayotgan tadqiqotlar bilan tanishtirdi.
Shovosil Ziyodov universitet rahbariyati va professor-oʻqituvchilariga bugungi kunda Oʻzbekistonda fundamental islomshunoslik, hadisshunoslik va moturidiylik maktabini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan davlat ahamiyatiga molik islohotlar haqida soʻzlab berib, Markaz nashrlari taqdimotini oʻtkazdi.
Muloqot davomida taʼlim va ilm-fan sohasida oʻzaro tajriba almashish va istiqbolli qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiyamiz aʼzolari universitetning boy va noyob fondga ega Qoʻlyozmalar markazi faoliyati bilan tanishdi. Oʻzbekistonlik manbashunos olimlar kutubxonadagi 1800 ga yaqin nodir qoʻlyozmani jamlagan katalogni koʻzdan kechirish jarayonida Movarounnahr ulamolari merosiga oid gʻoyat qimmatli asarlar sirasida Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” va Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiyya” kitoblari ham mavjudligini aniqladi.

Tomonlar bu qadim qoʻlyozmalarni birgalikda qiyosiy-tanqidiy tadqiq etish, matnlarini nashrga tayyorlash va ikki muassasa oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirishga kelishib oldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





