Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga 21-may kuni Indoneziyaning Sunan Kalijaga davlat islom universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.
XV-XVI asrlarda Yava orolida yashab oʻtgan, mamlakat xalqi alohida eʼzozlaydigan “Toʻqqiz valiy”dan biri sanalmish Sunan Kalijaga mahalliy aholi orasida islomni keng yoygan, diniy taʼlim barobarida mahalliy anʼana va qadriyatlarni targʻib etishga, madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan. Uning nomi bilan atalgan universitetning maqsad va vazifalari ham shu asosda belgilangan.

Mehmonlar muzey ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya aʼzolariga Markazda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, nashr etilgan yangi adabiyotlar hamda buyuk muhaddis bobomizning boy maʼnaviy merosini xalqaro miqyosda keng targʻib etish borasidagi loyihalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tashrif asnosida “Imom Buxoriy qarashlarida diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo hamjihatlik” mavzusida xalqaro ilmiy seminar oʻtkazildi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand viloyati hokimligi hamda Sunan Kalijaga davlat islom universiteti va Indoneziyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir avvalida Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev, viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov va elchixona vakili Sintia Sayeh xalqaro hamkorlik va diniy bagʻrikenglik tamoyillarining bugungi globallashuv davridagi ahamiyatiga toʻxtaldi.

Anjuman doirasida Sunan Kalijaga davlat islom universiteti rektori, professor Nurhaydi Hasan hamda ushbu ilmiy muassasa professori Ema Marhumaning maʼruzalari tinglandi va atroflicha muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarida nafaqat ibodat masalalari, balki insoniyatning oʻzaro totuvligi, oʻzga eʼtiqod va madaniyat vakillariga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish sof islomiy qadriyat ekani ham bayon etilgan. Seminarda indoneziyalik olimlar buyuk muhaddis merosi shunchaki tarixiy matn emas, balki bugungi jamiyatlardagi ekstremizm, yovuzlik va adovatga qarshi kurashishda amaliy foyda beradigan ijtimoiy axloq manbai ekanini alohida qayd etdi. Xususan, bugungi kunda Indoneziya jamiyatida dinlararo bagʻrikenglikni, ijtimoiy gʻamxoʻrlik va koʻp madaniyatli muhitda el-yurtga muhabbat tuygʻularini mustahkamlashda aynan Imom Buxoriy hadislari dasturulamal boʻlib xizmat qilayotganini ilmiy jihatdan asoslab berdi.

Shuningdek, maʼruzachilar tomonidan “Sahihul Buxoriy”dagi ilm-fan va ijtimoiy hayotga oid hadislar asosida islom dunyosida xotin-qizlarning taʼlim olishini hamda jamiyat boshqaruvidagi faol ishtirokini taʼminlash imkoniyatlari tahlil qilindi. Olimlar buyuk muhaddisning qarashlari asrlar davomida Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy koʻprik boʻlib kelayotganini taʼkidladi.


Ushbu tashrif ikki mamlakat ilmiy muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini birgalikda keng tadqiq etish yoʻlida navbatdagi muhim qadam boʻldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





