Jazoirda oʻtayotgan XII Xalqaro soʻfiylik taronalari madaniy festivali va xalqaro ilmiy simpozium doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi delegatsiyasi xorijlik olimlar va ilmiy doiralar vakillari bilan qator uchrashuv va muloqotlar oʻtkazmoqda.
Anjumanning shoʻba majlislari va boshqa tadbirlari asnosida Italiyaning Neapol universiteti rektori Roberto Tottoli, iroqlik taniqli yozuvchi va jurnalist Ahmad Jasim Zubaydiy hamda turkiyalik taniqli manbashunos olim Bakir Shahin kabi qator davlatlardan kelgan nufuzli islomshunoslar va professor-tadqiqotchilar bilan ilmiy muloqotlar tashkil etildi. Muloqotlar davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan xorijdagi turdosh muassasalar oʻrtasida ilmiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari, islom sivilizatsiyasi tarixi va manbashunoslik yoʻnalishida oʻzaro tajriba almashish imkoniyatlari xususida fikrlashildi. Xorijlik mutaxassislar Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar mazmuni bilan yaqindan tanishtirildi.
Shuningdek, Markaz vakillari festival doirasida Agʻvot shahridagi Islom ilmlari va sivilizatsiyasini tadqiq qilish markazida tashkil etilgan maxsus xalqaro koʻrgazmada ishtirok etdi. Bu forumda Jazoir va umuman arab dunyosiga xos boʻlgan qadimiy nodir qoʻlyozmalar, tarixiy manbalar va xattotlik sanʼati (kalligrafiya) namunalari namoyish etildi. Markaz olimlari koʻrgazma eksponatlari bilan yaqindan tanishib, qoʻlyozmalarni asrash, raqamlashtirish, ularning kodikologik xususiyatlarini oʻrganish boʻyicha jazoirlik mutaxassislar bilan oʻzaro tajriba almashdi.
Markaz olimlarining Jazoirga ilmiy safari davom etmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





