Home / FOTO LAVHALAR / “Devoni hikmat” qoʻlyozmalari — xalqlarimiz maʼnaviy birligi va ilmiy tafakkuri koʻzgusi

“Devoni hikmat” qoʻlyozmalari — xalqlarimiz maʼnaviy birligi va ilmiy tafakkuri koʻzgusi

Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati “Azret Sultan” (“Hazrati Sulton”) milliy tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasi huzuridagi Yassaviyshunoslik markazida 19-may kuni “Ahmad Yassaviyning qoʻlyozma merosi” mavzusida xalqaro vebinar tashkil etildi. Anjumanda Qozogʻiston vakillari qatorida Oʻzbekiston, Turkiya, Qirgʻiziston va Tojikiston olimlari ishtirok etib, Xoja Ahmad Yassaviy asarlari qoʻlyozmalarini tadqiq etish masalalarini muhokama qildi.

Vebinarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mustaqil izlanuvchisi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Mexrojiddin Amonov ““Devoni hikmat”ning Oʻzbekiston qoʻlyozma fondlarida mavjud nusxalari” mavzusida maʼruza qildi.

Maʼlum qilinganidek, Oʻzbekistondagi 11 fondda “Devon”ning jami 82 nusxasi, jumladan, 20 tasi – Samarqand davlat universitetida, 17 tasi – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida, 13 tasi – Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida va 12 tasi – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda.

Tadqiqot natijasida Islom sivilizatsiyasi markazi fondidagi 1220/1805 yilgi qoʻlyozma hamda Komilxon Kattayev shaxsiy fondida saqlanayotgan (1808 yildan oldin koʻchirilgan) nusxa Oʻzbekistondagi eng qadimgi manbalar ekani aniqlangan. Shuningdek, M.Amonov 1313/1894 yili Samarqandda xattot Mulla Obidjon Samarqandiy tomonidan koʻchirilgan, 83 ta hikmatni oʻz ichiga olgan va yaxshi saqlangan 301 varaqli noyob qoʻlyozma nusxasi haqida maʼlumot berdi.

Markaz vakili Yassaviy merosini tizimli oʻrganish samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro miqyosdagi hamkorlik orqali qoʻlyozmalar toʻgʻrisida maʼlumot jamlash, nodir nusxalarni saralash va ular asosida asarning asl va mukammal matnini tiklash loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.

Vebinar yakunida Ahmad Yassaviy merosiga oid qoʻlyozmalarning yagona xalqaro ilmiy katalogini tayyorlash, raqamli nusxalar bazasini shakllantirish va qiyosiy-matnshunoslik tadqiqotlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflar maʼqullandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Islom – insoniylik, bilim va maʼrifat falsafasi: Jazoirda yangi kitob taqdimoti

Jazoirning Agʻvot shahrida oʻtkazilayotgan XII Xalqaro soʻfiylik taronalari madaniy festivali va xalqaro ilmiy simpozium doirasida …