Movarounnahr diyoridan jahon sivilizatsiyasi va islom tamadduni rivojiga katta hissa qoʻshgan mufassir, muhaddis, mutakallim va faqih allomalar yetishib chiqqan. Manbalarda keltirilishicha, birgina hadis ilmi boʻyicha uch mingdan ziyod muhaddis yurtimizda faoliyat olib borgan. Islom olamida hadis ilmi ustozlari sanalgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Abdulhamid Keshiy, Haysam Shoshiy va Muhammad ibn Hibbon kabi muhaddislarning buyuk xizmatlari tufayli bu oʻlka “Buyuk muhaddislar yurti” deb eʼtirof etilgan va ularning noyob asarlari keng oʻrganilgan.
Bu zamindan yetishib chiqqan buyuk ulamolardan hadis ilmi sohasida eng mashhurlaridan biri, shubhasiz, Imom Buxoriydir. Alloma oʻzining nodir zehni, ijtihodi, aql bovar qilmas xotirasi, noyob isteʼdodi bilan oʻz zamonasida ham, keyingi davrlarda ham katta hurmatga sazovor boʻlgan. Islom dunyosida muhaddislar sultoni deya shuhrat topgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi davrlar osha oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmay, katta qiziqish bilan mutolaa qilinib, tadqiq etilib kelmoqda.
Maʼlumki, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh qirq yil mobaynida ilmiy safarda boʻlib, ijodiy faoliyati davomida yigirmadan ziyod asar yozgan. Uning ilmiy merosi hajmi, zamonasining ijtimoiy-maʼnaviy ilmlarini toʻla-toʻkis qamrab olgani bilan kishini hayratga soladi. Imom Buxoriyning juda yosh paytidayoq kitob yozishni boshlagani va ilmning bir necha yoʻnalishlarida koʻplab kitob yozgani maʼlum.
“Al-Jomeʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) Imom Buxoriyning shoh asari hisoblanib, u oʻn olti yil mobaynida yozilgan. Asarning qoʻlyozma nusxalari butun dunyoning mashhur kutubxonalarida saqlanmoqda. Bugungi kunda bu toʻplam oʻzbekchaga tarjima qilingan boʻlib, undan yoshu keksalar mutolaa qilib, maʼnaviy-ruhiy quvvat olmoqda.
“Al-Jomeʼ as-sahih”ga koʻplab sharhlar yozilganidan ham asarning qiymati nechogʻlik yuksak ekanini anglab olish mumkin. Imom Buxoriyning bu asari Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sanaladi. Koʻpchilik bu toʻplam va unga oid maʼlumotlarni bilishga intiladi. “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplami xorijlik olimlar tomonidan juda mukammal oʻrganilgan va bu haqda kitob, risola va bahslar yozilgan. Bizning yurtimizda ham oʻrganilgan. Lekin mukammal deb boʻlmaydi. Bu toʻplamni oʻrganish, tadqiq qilish va u haqidagi qiziqarli maʼlumotlarni xalqimizga yetkazish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri sanaladi. Xususan, bu toʻplam haqidagi maʼlumotlarni oʻrganish xalqimiz uchun juda qiziq. Demak, biz kelajakda bu ishlarni amalga oshirishga masʼulmiz. Buni oʻrganishdan maqsad, “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplami haqidagi maʼlumotlarni xalqimizga yetkazishdir.
“Al-Jomeʼ as-sahih”ga oid maʼlumotlar har xil manbalarda turlicha keltirilgan. Baʼzi manbalarda toʻplamning nusxalari bayon etilgan boʻlsa, boshqalarida sharh, hoshiya va tarjimalariga urgʻu berilgan. Hoji Xalifaning “Kashfuz zunun” asarida “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplamiga bagʻishlab yozilgan sharhlar bayon etilgan. Muhammad Isom Husaniy va doktor Abdugʻani Abduxoliq oʻz asarlarida “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplamiga yozilgan sharh, hoshiya va muxtasarlarga koʻproq eʼtibor qaratgan. Yana bu asar qanday niyatda oʻqilsa, koʻzlagan maqsadi hosil boʻlishini ham bayon etgan. Shamsiddin Zahabiy “Tarixul islom”da “Al-Jomeʼ as-sahih” asari Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba ekaniga eʼtibor qaratgan. Turkiyalik olim doktor Fuad Sezgin “Tarixi turosil arabiy” (“Arabiy meroslar tarixi”) asarida “Al-Jomeʼ as-sahih”ga bagʻishlab yozilgan sharh, muxtasar va qoʻlyozma nusxalarini keltirgan.
Manbalarda bu asarning yozilishiga Imom Buxoriyning ustozi Isʼhoq ibn Rohavayhning soʻzlari sabab boʻlgan, deb koʻrsatilgan. Xususan, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy (vaf. 854/1450)dan bunday rivoyat qilinadi: “Imom Buxoriy: “Isʼhoq ibn Rohavayh bir kuni: “Qaniydi sizlardan biringiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan sahihlarini toʻplab, bir asar taʼlif etsangiz”, dedi. Mana shu soʻz mening qalbimga qattiq oʻrnashib qoldi. Natijada “Al-Jomeʼ as-sahih”ni jamlashga kirishdim”, deb aytadi” [5:7].
Turkiyalik olim doktor Fuad Sezgin baʼzi rivoyatlardan “Tarixi turosil arabiy” kitobida Imom Buxoriy rahimahulloh (194-256/810-870) “Al-Jomeʼ as-sahih” asarini vafotidan 23-yil oldin yozib tugatganini aytadi. Imom Buxoriy “Al-Jomeʼ as-sahih” asarini 16-yil davomida yozganini zikr qilgan. Uni taxminan 217/832-yili boshlab, 233/848-yilda tugatgan [3:16-17].
Shamsiddin Zahabiy (vaf.748/1347) “Tarixul islom” kitobida: “Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” asari Qurʼoni karimdan keyingi eng ulugʻ va afzal kitob boʻlib, hozirgi kunda odamlar uchun eng oliy sanaddir”, deb yozgan [11:274].
Imom Buxoriy “Al-Jomeʼ as-sahih”ni yozib boʻlib, uni odamlarga yetkazish uchun dars halqalari tashkil qilgan. Ushbu darslarda uning atrofida “Al-Jomeʼ as-sahih”ni eshitishga mushtoq boʻlgan va rivoyat qilishga katta qiziqish bilan qaraydigan koʻp odam toʻplangan.
“Al-Jomeʼ as-sahih”ni Imom Buxoriyning oʻzidan eshitgan bu jamoani orasidan kitobni boshqalardan koʻra koʻproq eshitgan roviylar toifasi mashhur boʻlgan. Ular kitobni mukammal oʻrgangan. Oʻzidan keyingi roviylarga bu kitobni yetkazgan. Ular ham oʻzidan keyingilarga yetkazgan. Natijada dunyoda kitobning qadri baland boʻlgan va nomi keng tarqalgan.
Imom Buxoriy “Al-Jomeʼ as-sahih”dan dars beradigan majlislarda rivoyatlarni toʻgʻrilash, eshitgan narsalarini yozib olish va lafzlarni tuzatish uchun himmatlarini sarflaydigan roviylar toʻplangan. Bu haqda Imom Buxoriyning eng mashhur shogirdi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy (231-320/846-932): “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi eshitgan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa biror kishi qolmadi”, deb aytadi [7:28]. Haqiqatan, “Al-Jomeʼ as-sahih” nusxalari orasida Imom Firabriyning rivoyati juda mashhur boʻlib ketgan. Buning sababi uning uzoq umr koʻrgani va kitobining nusxasi toʻliq boʻlganidir.
Ibn Rushayd Sabtiy bunday degan: “Bugun Mashriq va Magʻribda “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobini eshitishda sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan yoʻl Abu Abdulloh Firabriyning yoʻlidir. Rivoyati komilligi, muallifga yaqinligi va roviylarining mashhurligi uchun odamlar unga suyanadi. Uning qoʻlida “Al-Jomeʼ as-sahih”ning asl nusxasi boʻlgan va undan Abu Abdulloh Firabriyning shogirdlari koʻchirib olgan. Bu esa Abu Abdulloh Firabriyni qoʻllab-quvvatlaydigan hujjat va uning toʻgʻriligiga shahodatdir. Soʻngra “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobi Abu Abdulloh Firabriydan mutavotir yoʻl bilan naql qilingan. Musulmonlar buni mahkam ushlagan va unga ijmoʻ bogʻlangan. Natijada aniq hujjat boʻlgan” [2:18-19].
Bu haqda Ibn Hajar Asqaloniy (vaf. 1448): “Bu asrda va bundan oldingi asrlarda “Al-852/Jomeʼ as-sahih” kitobini eshitishda sanadi bogʻlangan rivoyat Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator ibn Solih ibn Bishr Firabriyning rivoyatidir”, degan [10:491-492].
Imom Buxoriy “Al-Jomeʼ as-sahih”ni Firabrda dars berib boʻlgach, 255/869-yilda Nasafga kelgan va shu yerda bir muddat yashagan. Buyuk muhaddis ushbu shaharga kelib, yashaganida nasafliklar “Al-Jomeʼ as-sahih”ni Imom Buxoriyning oʻzidan taʼlim olgan. Ular: Hammod ibn Shokir Nasafiy, Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Abu Fazl Tohir ibn Husayn ibn Maxlad, Abu Talha Mansur ibn Muhammad ibn Ali Pazdaviy, Tuban qishlogʻining boshligʻi Abu Fazl Jaʼfar ibn Muhammad ibn Abbos Tubaniy va Xalaf ibn Shohid ibn Hasan ibn Hoshim va boshqalar.
Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplamiga koʻplab sharh yozilganidan ham asarning qiymati nechogʻlik yuksak ekanini anglab olish mumkin. Boshqa asarlar kabi “Al-Jomeʼ as-sahih”ga ham koʻpdan-koʻp sharhlar bitilgan boʻlib, u muhim manba sifatida qayta-qayta nashr qilingan. Arab tilidagi sharh va hoshiyalar juda koʻp boʻlib, hajm va ahamiyati jihatidan xilma-xildir. Qator manbalarda ularning soni yuzga yaqin ekani aytib oʻtilgan. Xususan, Muhammad Isom Husaniy “Ithoful qoriy bi-maʼrifati juhud va aʼmolil ulamo ala Sahihil Buxoriy” asarida bu asarga bagʻishlab uch yuz yetmishga yaqin muxtasar va toʻliq kitob yozilganini taʼkidlaydi. “Kashfuz zunun” muallifi Hoji Xalifa ellikka yaqin sharh yozilgan, deydi.
Doktor Fuad Sezgin (1342-1439/1964-2018) “Al-Jomeʼ as-sahih”ga bagʻishlab yozilgan ellik oltita sharhni sanab oʻtgan. U yana “Al-Jomeʼ as-sahih”ning oʻn toʻrtta muxtasarini ham keltirgan.
“Al-Jomeʼ as-sahih”ning atrofida juda koʻp kitob va risola bitilgan. Doktor Fuad Sezgin “Tarixi turosil arabiy” asarida ularni quyidagi tartibda keltirgan:
Birinchisi: Sulosiyot (“Al-Jomeʼ as-sahih”dagi uch roviyli oliy sanadli hadislar) kitoblari boʻlib, bir nechta ulamolar shunday asarlar yozgan. Yana Sulosiyotga bagʻishlab yozilgan kitob va sharhlar bor.
Ikkinchisi: “Al-Jomeʼ as-sahih”ning boblari haqida yozilgan kitoblar boʻlib, bu borada bir nechta asarlar bitilgan.
Uchinchisi: “Al-Jomeʼ as-sahih”ni oʻqish odoblari va unga bogʻliq masalalar haqida yozilgan kitoblar.
Toʻrtinchisi: Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplamidagi hadislarni rivoyat qilgan ustozlari va asarning manbalari haqidagi kitoblar.
Beshinchisi: Imom Buxoriy va Imom Muslim birgalikda hadis rivoyat qilgan roviylar va ularning hadislari haqidagi kitoblar.
Oltinchisi: “Al-Jomeʼ as-sahih” va “Sahihi Muslim”da bir xil kelgan matnlarni jamlovchi sharhlar.
Yettinchisi: “Al-Jomeʼ as-sahih” va “Sahihi Muslim”da mushtarak (oʻxshash) boʻlgan rivoyatlarni jamlovchi va mukammal qiluvchi kitoblar [4:255].
Doktor Fuad Sezgin “Tarixi turosil arabiy” asarining “Al-Jomeʼ as-sahih” asari qoʻlyozma nusxalari boʻlimida quyidagilarni keltiradi: “Al-Jomeʼ as-sahih” asari qoʻlyozma nusxalari arab olamidagi deyarli barcha kutubxonalarda uchraydi. Nusxalar orasida biz bilgan eng qadimiy qoʻlyozma – 370-390/980-999-yillarda Marvaziy rivoyatiga koʻra koʻchirilgan “Minjana” nusxasi ham bor. Mazkur nusxa 1936-yil Kembrij universitetiga olib ketilgan” [4:228].
Zamondosh ulamolardan doktor Abdugʻani Abduxoliq oʻzining “Imom Buxoriy va uning sahihi” asarida “Al-Jomeʼ as-sahih”ga bogʻliq sharh, hoshiya va muxtasarlardan bir yuz oʻttiz bittasini keltirgan. Hadisshunos olim Ubaydulla Uvatovning tadqiqotlarida 80 dan ziyod sharh va ularning mualliflari haqida maʼlumot keltirilgan.
Bu asarni oʻrganish dastavval xattotlar tomonidan koʻchirishdan boshlangan. Jumladan, Quddusda yashagan Abu Nasr Moʻtaman Sojiy milodiy 1053-1113-yillarda asarni olti marta toʻliq koʻchirgan. Ushbu asar islom olamida oʻta ahamiyatli boʻlgani uchun yozib tugatilganidan hozirga qadar unga sharh va hoshiyalar bitilib, tadqiqotlar olib borilmoqda.
Hozirga qadar asarning bir yuz ellikka yaqin sharhi bor ekani aniqlangan. Hindistonlik mashhur olim Abdusalom Muborakfuriy (1289-1342/1872-1924)ning “Siyratul Imom Buxoriy sayyidil fuqaho va imomil muhaddisin” (“Faqihlar peshvosi va muhaddislar yetakchisi Imom Buxoriyning tarjimayi holi”) kitobida “Al-Jomeʼ as-sahih”ga yozilgan bir yuz qirq ikkita sharhni sanab, ular haqida qisqacha maʼlumot keltirgan [1:452]. Bu borada olim kitobining “Al-Jomeʼ as-sahih” asariga yozilgan sharh va izohlar, deb nomlangan toʻrtinchi bobida bunday deydi: “Asarning ulugʻvorligi va qadri buyuk ekaniga isbot sifatida unga yozilgan sharh va izohlarni keltirish mumkin. “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplamiga sharh yozgan olimlar qaysi mazhab va yoʻnalishda boʻlishidan qatʼi nazar, asar rivojiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Sharh bitganlarning baʼzilari asarning umumiy holatiga sharh yozgan boʻlsa, boshqasi hadis rivoyat qilgan insonlar kitobda keltirilgan fiqh ilmiga oid mavzularni oʻrganib, tadqiq qilgan. Sharh yozganlardan baʼzilari oʻz sharhini mufassal yozgan boʻlsa, ayrimlari umumlashtirib, yana baʼzilari oʻzidan oldin yozilgan sharhlarni muxtasar – ixcham holatga keltirib, jamlagan. “Al-Jomeʼ as-sahih”ga oid sharhlarning hammasini yoki u haqda yozilgan kitoblarni tadqiq qilish juda qiyin ish. Ammo qoʻlimdan kelganicha, oʻsha izoh va mulohazalarni hurmatli oʻquvchiga havola etaman. Hadis olimlari oʻz asarida ishora qilgan baʼzi sharhlar haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish imkoni yoʻq boʻlgani uchun ularning nomi yoki tafsilotini keltirmasdan, batafsil maʼlumot bera olmaganimizdan chuqur afsusdaman” [1:363]. Ushbu maʼlumotlardan “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining nechogʻlik muhim ahamiyatga ega ekanini anglash mumkin.
Asarning ilk sharhi sifatida Imom Xattobiy nomi bilan mashhur Abu Sulaymon Ahmad ibn Muhammad (319/931-388/998)ning “Aʼlomus sunan” kitobini keltirish mumkin. Bu kitob haqida mashhur tarixchi olim Hoji Xalifa (vaf. 1068/1657) quyidagilarni aytib oʻtadi: “Aʼlomus sunan” asari oʻta nodir sharh boʻlib, u “Neʼmatlarni beminnat tortiq qiluvchi Allohga hamd boʻlsin” deb boshlanadi. Imom Xattobiy “Maolimus sunan” kitobini tugatganidan soʻng, ushbu asarni bir jildda yozib qoldirdi. Bu asar Balx ahli iltimosiga binoan yozilgan” [9: J: 1. – B: 545]. Imom Xattobiyning “Maolimus sunan” kitobi olti sahih hadis asarlari orasidagi Imom Abu Dovud (202-275/889-817-y.)ning “Sunan”iga yozilgan sharhdir.
Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” asariga ilk sharh deb qaraladigan “Aʼlomus sunan” asarining nomi borasida bir qancha qarash bor. Yaʼni asar nomi aslida “Aʼlomus sunan” boʻlganmi yoki boshqami degan savol tadqiqotchilar orasida uchraydi. Chunki uning bir qancha qoʻlyozma nusxalarida “Aʼlomus sunan” nomidan tashqari “Al-Iʼlomus sunan”, “Al-Iʼlomul Buxoriy”, “Aʼlamul hadis” kabi oʻnga yaqin koʻrinishlarni uchratish mumkin. Asar ustida tadqiqot olib borgan doktor Muhammad ibn Saʼd soʻnggi xulosa oʻrnida uning nomini “Aʼlomus sunan” ekanini toʻgʻri deb qayd etgan [6:67].
Imom Xattobiy oʻzining “Al-Jomeʼ as-sahih”ga yozilgan “Aʼlomus sunan” nomli sharhida: “Men kitobning koʻproq qismini Xalaf ibn Muhammad Xayyomdan, u Imom Buxoriyning oʻzidan “Al-Jomeʼ as-sahih”ni eshitgan mashhur shogirdi Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan Imom Firabriyning yoʻlidan boshqa yoʻl bilan eshitdim”, degan. Demak, Imom Xattobiy “Al-Jomeʼ as-sahih”ni Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning yoʻli orqali rivoyat qilgan roviylardan biri sanaladi. U kitobning koʻproq qismini Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning yoʻli orqali, faqat kitobning oxiridagi hadislarni esa Firabriyning yoʻli orqali eshitgan.
Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning rivoyati Abu Solih Xalaf ibn Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning yoʻli orqali tarqalgan. U movarounnahrlik muhaddis boʻlib, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy va boshqa muhaddislardan hadis rivoyat qilgan. Boshqa shaharlarga safar qilmagan. Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiyning rivoyati Yer yuzida keng tarqalgan.
Ibn Xaldun: “Imom Buxoriy asarining sharhi islom ummatiga qarzdir”, degan. “Fathul boriy” nomli sharh yozilganidan keyin alloma Imom Saxoviy “Umdatus sameʼ val qoriy” asarida: “Ehtimol, oʻsha qarzdan butun islom ummati endi qutuldi”, deb taʼkidlagan.
“Al-Jomeʼ as-sahih”ga yozilgan sharhlar orasida eng koʻp mutolaa qilinadiganlari Ibn Hajar Asqaloniy (773/1372-852/1449) qalamiga mansub “Fathul boriy sharhu Sahihil Buxoriy” va Badriddin Ayniyning (762/1361-855/1451) “Umdatul qoriy fi-sharhi Sahihil Buxoriy” asarlaridir. Oʻz davrida hech kim kitob yozishda bu ikki allomaga tenglasha olmagan.
“Al-Jomeʼ as-sahih”ga hanafiy yoʻnalishida yozilgan sharhlar orasida eng mashhuri 21 jildli “Umdatul qoriy fi-sharhi Sahihil Buxoriy” boʻlib, muxtasar holatda “Umdatul qoriy” nomi bilan tanilgan. Bu esa eng mukammal sharhlardan biri hisoblanadi. Unda Badriddin Ayniy “Al-Jomeʼ as-sahih”da hanafiy mazhabiga mos kelmagan hadislar muqobiliga moslarini keltirib sharhlagan va afzal jihatlarini yoritib bergan. Oʻquvchi tez va oson fahmlashi uchun qiyin tushuniladigan oyat va hadislarga izohlar yozgan. Jumladan, oʻquvchi kerakli manbani tez topishi uchun har bir juz avvalida mundarija keltirgan.
Badriddin Ayniy bu sharhni hijriy 821-yili boshlab, 847-yilda, yaʼni 26-yil deganda, Ibn Hajar Asqaloniy “Al-Jomeʼ as-sahih”ga “Fathul boriy” nomli sharhni yozib tugatganiga 5-yil boʻlganda tamomlagan. Koʻplab ulamolarning nuqtayi nazari va bildirgan fikrlariga qarasak, “Umdatul qoriy” afzalroq ekani ravshan boʻladi.
“Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplami har jihatdan maqbul va ming yildan buyon matlub boʻlganiga hech kim shubha qilmaydi. Zero, bu asar hadis ilmida yozilgan kitoblar orasida eng buyugi va eng mashhuri hisoblanadi. Bu asarni Ahli sunna val jamoa ulamolari va musulmonlarning katta qismi Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba, deb bilgan. Asrlar davomida dunyo ulamolari “Al-Jomeʼ as-sahih”ni oʻqishga, oʻqitishga katta ahamiyat berib kelgan. Uni oʻrganib, tadqiq va tahlil qilishga diqqat qaratgan. Unga turli davrlarda sharhlar, hoshiyalar, mustaxraj va mustadrak asarlar, tanqidiy va himoyaviy mazmundagi kitoblar tasnif etilgan.
Shayx Abdulhaq Dehlaviy “Ashʼatul lamʼot”da bunday deydi: “Koʻplab ustozlar va ishonchli ulamolar “Al-Jomeʼ as-sahih”ni maqsadlari hosil boʻlishi, muhim ishlariga erishishi, hojatlari ravo boʻlishi, balo (baxtsizlik)larni ketkazish, gʻam-gʻussalarni aritish, kasalliklarni muolaja qilish, kasallarni davolash uchun mushkul va qiyin vaziyatlarda oʻqigan. Shunda ularning maqsadlari hosil boʻlgan, ular oʻz maqsadiga erishgan va uni sinalgan (tekshirib koʻrilgan) zaharga qarshi dori kabi (foydali) deb topgan. Darhaqiqat, bu maʼno muhaddislarning nazdida mashhur boʻlgan va keng tarqalgan” [8:33].
Muhaddis Sayyid Jamoliddin ustozi Sayyid Asliddindan bunday naql qiladi: “Men “Al-Jomeʼ as-sahih”ni turli xil voqea va muhim ishlarda oʻzim va boshqa odamlar uchun bir yuz yigirma necha marta oʻqidim. Uni nima niyatda oʻqigan boʻlsam, koʻzlagan maqsadim hosil boʻldi va istagan narsam yetdi” [8:33-34].
Mazkur maʼlumotlarga xulosa va taklif tarzida quyidagilarni keltirish maqsadga muvofiq:
- Imom Buxoriy hadis ilmida moʻminlar amiri boʻlishi bilan birga, islom ilmlarining boshqa sohalarini ham mukammal egallagan. U islom ilmlarining deyarli har bir sohasiga oid kitob yozgan. Kitoblarining baʼzisi oʻsha ilm boʻyicha yozilgan asarlarning eng avvali hisoblanadi. Asarlarining ayrimlari bizgacha yetib kelgan boʻlsa, afsuski, ayrimlari yetib kelmagan. Bizgacha yetib kelgan asarlari ulamolar tomonidan toʻliq tahqiq etilgan, oʻrganilgan va dunyoning koʻplab shaharlarida qayta-qayta nashr qilingan;
- Birgina kitobning atrofida bu qadar koʻp sharh, risola va kitobning yozilishi, bizga kitobning ahamiyati va qiymati naqadar buyukligini bildiradi. Demak, bu asar bu qadar koʻp sharh, bahs, risola va kitobning yozilishiga sababchi boʻlgan. Shuning oʻzi islom ilm-fanining rivojiga katta hissa qoʻshganini anglatadi;
- Shubhasiz, “Al-Jomeʼ as-sahih” buyuk muhaddisning shoh asari boʻlib, Qurʼoni karimdan keyingi manba sanaladi. Bugungi kunda bu toʻplam oʻzbekchaga tarjima qilingan boʻlib, undan yoshu keksalar mutolaa qilib, maʼnaviy-ruhiy quvvat olmoqda;
- Buyuk muhaddisning bu asari hojatlar ravo boʻlishi, balolarni ketkazish, gʻam-gʻussalarni aritish va kasalliklarni daf qilish uchun mushkul va qiyin vaziyatlarda oʻqiladi. Chunki bu nima niyatda oʻqilsa, koʻzlangan maqsad hosil boʻladi;
- Imom Buxoriyning oʻzidan “Al-Jomeʼ as-sahih”ni rivoyat qilgan roviylarning hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish maqsadga muvofiq;
- “Al-Jomeʼ as-sahih”ning islom ilm-fani rivojiga qoʻshgan hissasini oʻrganish orqali, Imom Buxoriy Movarounnahrning qaysi shaharlarida yashagan, taʼlim bergani va qaysi mashhur muhaddislar bilan uchrashganini oʻrganish maqsadga muvofiqdir;
- Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati hamda qoldirgan boy ilmiy merosini oʻrganish gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Chunki bunday tadqiqotlar Imom Buxoriy hayoti va faoliyati, hadisshunoslik ilmi va tarixiga oid yangi maʼlumotlarni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
- Abdusalom Muborakfuriy. Siyratul Imom Buxoriy sayyidil fuqaho va imomil muhaddisin. – Makka: Doru olimil favoid, 2001.
- Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Rushayd Sabtiy Fihriy Andalusiy. Ifodatun nasiyh fit taʼrif bi-sanad Al-Jomeʼ as-sahih. – Tunis: Dorut Tunisiya, 2019.
- Abu Jaʼfar Varroq Buxoriy. Shamoili Buxoriy. Abu Muoviya Bayrutiy tahqiqi. Abduvosi Shonazarov tarjimasi. – Samarqand: “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” nashriyoti, 2023.
- Doktor Fuad Sezgin. Tarixi turosil arabiy. – Saudiya Arabistoni: Imom Muhammad ibn Saud universiteti, 1411/1991.
- Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul boriy. – Bayrut. Dorul maʼrifa, 1959.
- Imom Xattobiy. Aʼlomus sunan. Muhammad ibn Saʼdi tahqiqi. – Makka: Ummul Quro universiteti, 1988.
- Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Al-Bidoya van nihoya: 15 jildli. Ustozlar jamoasining tahqiqi. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1407/1987.
- Muhammad Isom Husaniy. Ithoful qoriy bi-maʼrifati juhud va aʼmolil ulamo ala Sahihil Buxoriy. – Bayrut: Al-Yamoma. 1407/1987.
- Hoji Xalifa. Kashfuz zunun an-asomil kutub val funun. – Bayrut: Dor ihya at-turos, 1941.
- Hofiz Ahmad ibn Ali ibn Hajar Asqaloniy. Hadyus soriy muqaddimatu Fathil boriy: 2 jildli. – Ar-Riyod: Doru Toyba, 1426/2005.
- Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Tarixul islom va vafoyotil mashayir val aʼlom. – Bayrut: Dorul kitobil arabiy, 1990.
- Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlomin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasatir risola, 1992.
Abduvosi SHONAZAROV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





