Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy merosi – zamonlar va ilmlarni tutashtiruvchi robita

Imom Buxoriy merosi – zamonlar va ilmlarni tutashtiruvchi robita

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Xalqaro akademik hadis tarixi anjumanlari” loyihasi doirasida “Imom Buxoriyni qayta kashf etish” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi. Markaz, Hadis ilmi maktabi hamda Turkiyaning Anqara va Anqara Yildirim Boyazid universitetlari hamkorligida tashkil etilgan anjuman hadisshunoslik sohasidagi zamonaviy tadqiqotlarni muhokama qilish uchun xalqaro akademik platforma vazifasini oʻtadi.

Forumning ochilish marosimida Imom Buxoriy ilmiy merosining islom tamaddunidagi alohida oʻrni va uning bugungi kun ilm-fan oldidagi yuksak ahamiyati alohida eʼtirof etildi.

Ilmiy anjuman Oʻzbekiston va Turkiya ilmiy doiralari vakillari ishtirokida olti shoʻbada tashkil etildi.

Konferensiya davomida “Sahihul Buxoriy” asarining tarixiy konteksti, ilk islom davri siyosiy voqealarining hadislardagi inʼikosi hamda Samarqand va Buxoro hadis maktablarining shakllanish tarixi ilmiy dalillar asosida tahlil qilindi. Munozaralarda asardagi “Fitan” (“Fitnalar”) bobining tadqiqi, dunyo fondlarida, xususan, Istanbulning Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma nusxalar matnlarining qiyosiy tahlili hamda “Fathul Boriy” va “Umdatul qoriy” kabi sharhlarning metodologik xususiyatlari asosiy oʻrin oldi. Shuningdek, mutaxassislar Imom Buxoriyning roviylarni baholashdagi oʻziga xos tamoyillari, “Sahih”da qoʻllangan “injoz” (asarga anʼanaviy hadis toʻplamlarida mavjud boʻlmagan yangicha boblarni qoʻshish) va “sulosiyot” (uch roviyli hadislar) uslublarining mohiyati hamda alloma asarlarini zamonaviy islomshunoslik va fiqhiy-lugʻaviy mezonlar asosida oʻrganishning dolzarb masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Anjuman yakunida tadqiqotchilar tomonidan Imom Buxoriy merosining axloqiy-tarbiyaviy ahamiyati, “Al-Adab al-mufrad” (“Odobnoma”) asarining mazmuniy tahlili va jahon kutubxonalaridagi manbalarning bibliografik tavsifi yuzasidan ilmiy xulosalar bayon etildi. Tadbir soʻnggida faol ishtirokchilarga xalqaro darajadagi sertifikatlar topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

MARKAZDA “YOSHLAR BILAN BIR KUN”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida yoshlar bilan ochiq muloqot, tajribani oʻrtoqlashish va ustoz-shogird anʼanalarini mustahkamlashga …