Hayotda oʻrnini topmagan, odamlardan norozi, xorijdan “panoh tilagan” ayrim shaxslar “chetga chiqib bildimki, yurtimizda amal qilinayotgan koʻplab hadislar zaif yoki toʻqima ekan, hozir bizda hadis ilmi rivojlanmaganmi!?” degan savol bilan fitnali daʼvolarni ilgari surmoqda. Bunday qarashlar koʻpincha hadis ilmining tarixi va metodologiyasini yetarlicha bilmaslik natijasida paydo boʻladi. Bu savolga “din dushmanlari odamlarni botil bilan chalgʻitish uchun hadislar toʻqib chiqargan”, deb javob berish masalaga yuzaki qarashdir.
“Hadis ilmi rivojlanmagan” degan iddao tarixiy haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Aksincha, hadis ilmi islom ilmlari ichida eng erta shakllangan va eng mukammal metodologiyaga ega sohalardan biri hisoblanadi. Hijriy I asr oxiri – II asr boshlaridanoq rivoyatlarni yozish, sanadlarni qayd qilish va roviylarni baholash amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan, rivoyatlarni tekshirish uchun sanad (rivoyat zanjiri) va matn tanqidi kabi qatʼiy qoidalar ishlab chiqilgan. Bir hadisni qabul qilishdan oldin roviylarning adolati, xotirasi, uchrashgan-uchrashmagani kabi jihatlar sinchiklab tekshirilgan.
Keyinchalik “ilmi rijol” (roviylar haqidagi ilm), “jarh va taʼdil” (roviylarni baholash), “ilalul hadis” (yashirin nuqsonlarni aniqlash) kabi mustaqil ilm tarmoqlari shakllangan. Bu esa hadislarning chuqur va tanqidiy tahlil qilinganini koʻrsatadi.
Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hadis qabul qilishda juda qatʼiy shartlar qoʻygan. U kishi yuz minglab rivoyatlarni saralab, faqat eng ishonchli deb topilganlarini tanlab olgan. Uning “Sahihul Buxoriy” asarida sanad muttasilligi, roviylarning adolati va xotirasi, uchrashuv imkoniyati kabi mezonlar qatʼiy tekshirilgan. Shuningdek, Imom Muslim “Sahihi Muslim” toʻplamida rivoyatlarni turli sanadlar orqali qiyosiy tahlil qilgan. Imom Termiziy hadis darajasini bayon qilish bilan birga fuqaholar amalini ham qayd etgan. Imom Abu Dovud va boshqa muhaddislar ham hadislarni tanlashda aniq ilmiy mezonlarga amal qilganlar. Agar hadis ilmi rivojlanmagan boʻlganida, bunday mukammal tanqidiy maktab shakllanmagan boʻlar edi.
Muhim jihatlardan yana biri zaif hadis bilan toʻqima (mavzuʼ) hadisni farqlashdir. Ilmiy tasnifda “zaif” degani rivoyat shartlaridan birida nuqson borligini anglatadi. Bu nuqson sanadda uzilish, roviy xotirasida zaiflik yoki adolat borasida bahs mavjudligi kabi sabablarga bogʻliq boʻlishi mumkin. Lekin bu atayin toʻqilgan degani emas. “Mavzuʼ” hadis esa qasddan toʻqilgan, Paygʻambar alayhissalom nomlariga bogʻlangan yolgʻon rivoyatni anglatadi. Muhaddislar aynan shu farqni aniq belgilab bergan. Demak, zaif rivoyatlarning mavjudligi ilmsizlik emas, balki baholash tizimi ishlayotganining dalilidir.
Hadis toʻqish islom tarixida mavjud boʻlgan hodisa sifatida maʼlum. Buni muhaddis ulamolar ochiq tan olgan va unga qarshi jiddiy ilmiy kurash olib borgan. Biroq toʻqima hadislarning paydo boʻlish sabablari faqat “din dushmanlari” faoliyati bilan cheklanmaydi. Ilmiy manbalarda koʻrsatilishicha, bu hodisaga turli omillar sabab boʻlgan: siyosiy kurashlar, mazhabiy ixtiloflar, firqaviy targʻibot, ayrim zohidlarning “fazilatga chaqirish” niyatidagi johilona harakatlari, qissachilarning ommani taʼsirlantirish istagi va hatto ayrim shaxsiy manfaatlar. Demak, tarixiy jarayon murakkab va koʻp omilli boʻlgan. Uni faqat tashqi dushmanlarga bogʻlab qoʻyish ilmiy tahlil talablariga javob bermaydi.
Tarixda islomga qarshi boʻlgan ayrim guruhlar hadis toʻqishga uringani haqida maʼlumotlar bor. Lekin muhaddislar aynan shu xavfni hisobga olib, juda kuchli himoya mexanizmini ishlab chiqqan. Roviylarning hayoti, safari, ustoz-shogird munosabatlari va hatto ularning shaxsiy sifatlari haqida alohida biografik asarlar yozilgan. Bu darajadagi tanqidiy yondashuv boshqa diniy ilmlarda kam uchraydi. Shu sababli “dushmanlar hadislarni toʻliq buzib yuborgan” degan daʼvo tarixiy va ilmiy dalillarga ziddir.
Yana bir muhim jihat shundaki, zaif hadislar mutlaqo ishlatilmaydi, degan qarash ham toʻgʻri emas. Baʼzi ulamolar zaif hadisga amal qilishni maʼqul hisoblamasada, koʻplab ulamolar fazilatli ishlarda, mavʼizada, qissalarda, targʻibotda, amri maʼruf, nahyi munkar va shunga oʻxshash narsalarda aytish, amal qilish mumkinligini aytadi. Jumhur ulamolar: “Agar zaif hadis fazilatli amallarga xos boʻlsa, unga amal qilish mustahabdir”, deydi. Lekin unga amal qilishning uchta sharti bor. Hofiz Ibn Hajar mazkur uchta shartni quyidagicha ifoda qilgan:
- a) zaifligi juda ham shiddatli boʻlmasligi kerak.
- b) oʻsha hadisning maʼnosi shariatda amal qilinib turgan bir aslning ostiga kiradigan boʻlishi kerak.
- v) amal qilinishi bilan birga, uning sobitligiga eʼtiqod qilmaslik kerak, balki ehtiyot shart, degan tushunchada boʻlish kerak.
Hozirgi kunda ayrim jamiyatlarda zaif yoki asossiz rivoyatlarning keng tarqalishi koʻproq ilmiy savodxonlik darajasi bilan bogʻliq. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda manbasiz rivoyatlar tez tarqaladi. Koʻpchilik hadis ilmining metodologiyasini bilmagani uchun har qanday naqlni qabul qilishi mumkin. Shu sababli bu holatni tashqi dushmanlar rejasi sifatida talqin qilishdan koʻra, ilmga murojaat qilish, manbalarni tekshirish va mutaxassislar xulosasiga tayanish toʻgʻriroq yoʻl hisoblanadi.
Ulamolar asrlar davomida zaif va toʻqima hadislar jamlangan kitoblarni yozib, qaysi hadis zaif, zaifligi qay darajada, qaysi hadis toʻqima-yu kimdan rivoyat qilinganigacha koʻrsatib bergan. “Yorugʻ kunda qorongʻu xonaga kirib olib, quyosh yoʻqligidan noligan kimsa” aybni avval oʻzidan qidirsin. Xuddi shunday, kitob oʻqimagan, ilmiy suhbatlarda qatnashmagan, olimlarni tinglamagan kishining “bizda hadis ilmi rivojlanmagan” deb dod solishi u oʻta johil ekaniga ishora.
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





