Home / MAQOLA / HIJRAT VA UNING NOTOʻGʻRI TALQINI

HIJRAT VA UNING NOTOʻGʻRI TALQINI

Hijrat oʻta nozik masalalardan hisoblanadi. Chunki u insonning yashash joyi, dini va jamiyat bilan munosabati kabi muhim jihatlar bilan bogʻliq. Shu sababli ulamolar bu masalaga Qurʼon va Sunnatga tayanib, juda ehtiyotkorlik bilan yondashgan.

Afsuski, ayrim toifalar odamlarning oyat va hadislarni chuqur tushunmasligidan foydalanib, ularni oʻz gʻarazli maqsadlari yoʻlida talqin qilmoqda. Oqibatda odamlar orasida turli ixtilof va tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.

Yaqinda bunday gap chiqdi: “…yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Makka fathidan keyin hijrat yoʻq”, deganlar. Buni nima maqsadda aytyaptilar?! – Makka fathidan keyin Makkadan hijrat qilish yoʻq, shuni bilib oling! Birovlar keladi-da, “mana hadisda aytilgan, Makka fath etilganidan keyin umuman hech qanday hijrat yoʻq” deya boshlaydi. Gapning mavzusi qanday ayyorlik bilan oʻzgartirilayotganini koʻryapsizmi?!”

Bu gap hadisni oʻta qoʻpol ravishda buzib, favqulodda makkorlik bildirilgan mulohaza boʻlib, odamlarni shubhaga solib qoʻyishi hech gap emas.

Bunday uydirma fikrlarni tarqatayotganlarning daʼvo qilishicha, ulamolarimiz Makka fathidan keyin hijrat yoʻq ekani haqidagi hadisni oʻzgartirib talqin qilmoqda ekan. Ular bu daʼvoni ilgari surar ekan, “hijrat yoʻq” deydiganlarni Niso surasining 46-oyatida tavsiflangan yahudiylarga qiyoslaydi (“Yahudiy boʻlganlar orasida shundaylari (ham) borki, Allohning soʻzini oʻz oʻrnidan oʻzgartiradilar va tillarini burib, dinga taʼna yetkazish gʻarazi bilan: “Eshitdik va (lekin) boʻyin sunmadik. Eshitilmas (soʻzlar)ni eshit va bizni asra”, deydilar. Agar ular: “Eshitdik va boʻyin sundik, eshit va bizga ham nazar qil”, deganlarida, oʻzlari uchun yaxshiroq va toʻgʻriroq boʻlar edi. Lekin ularni Alloh kufrlari sababli laʼnatladi. Bas, (ularning) ozgina (qismi)dan boshqalari imon keltirmaydilar”). Oʻsha yahudiylar Parvardigorning kalomini oʻzgartirgandek, goʻyo ulamolarimiz ham hadisdagi gapning mavzusini burib yuboryapti.

Shunday buzuq talqin va qingʻir fikrlar orqali shariatga mos boʻlmagan hijrat targʻib qilinmoqda.

Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Fathdan keyin hijrat yoʻq…” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan) degan soʻzlariga yaxshilab eʼtibor qaratib, bu gap zamiridagi maʼnoning magʻzini chaqib koʻradigan boʻlsak, hijrat masalasi ancha oson oydinlashadi.

Islomning ilk davrida Makka mushriklari musulmonlarni yashashga qoʻymas, ogʻir azob-uqubat berar edi. Bunga dosh bera olmagan baʼzi musulmonlar Allohning buyruqlarini xotirjam va toʻkis ado etish uchun yashab turgan uy-joylarini, voyaga yetgan diyorini tark etdi. Ularning bir guruhi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalari bilan Habashistonga hijrat qildi. Madina musulmonlar tinch yashay oladigan joyga aylangach, Paygʻambarimiz u yerga hijrat qilishni buyurdilar. Bir muddatdan keyin oʻzlari ham u yerga koʻchib oʻtdilar.

Madina tinch islom yurti boʻlgan esa-da, u yerda islomni barqaror saqlab turish uchun musulmonlar ozchilik qilardi. Shuning uchun boshqa joylardagi musulmonlarning Madinaga borishi zarur boʻlgan.

Nihoyat, hijratning 8-yili Ramazon oyida Makka fath etildi. Islom nuri ilk bor yoyilgan bu muborak shahar islom diyoriga aylandi. Shundan keyin u yerdan Madinaga hijrat qilishning maʼnosi qolmadi. Chunki musulmonlarga yillar davomida tazyiq oʻtkazib, tahdid solib kelgan makkaliklar ularga taslim boʻldi va haq dinni qabul qildi.

Musulmonlarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan kuchlar yoʻqolgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan hijrat qilishni toʻxtatdilar. Shu bilan bu muborak shahar qiyomatgacha islom yurti boʻlib qolishiga ham ishora qildilar.

Makkaning fath etilishi islom tarixida juda muhim burilish yasadi. Shu vaqtdan boshlab Paygʻambarimizga yordam berish maqsadida Madinaga koʻchib borish zarurati qolmadi.

Shunga binoan, qaysi yurtda musulmonlarning ibodatlari uchun toʻsiq boʻlmasa, ular emin-erkin yashasa, u oʻlka nomi islom davlati deb nomlanmasa ham, islom diyori hisoblanadi.

Imom Muhammad ibn Ismoil Sanʼoniy “Subulus salom” (“Tinchlik yoʻllari”) nomli asarida mazkur hadisni quyidagicha sharhlagan: “(Ulamolar bunday degan:) “Bu hadis umumiy boʻlib, oʻzidan oldingi, hijratga dalolat boʻluvchi dalil (hukm)larni nasx (bekor) qiluvchidir. Chunki Nabiy sallallohu alayhi vasallam musulmon boʻlgan arablarga oʻzlari tomon hijrat qilib borishni amr qilmaganlar va ular oʻz yurtida qolishini inkor qilmaganlar”.

Biror yurtda din amallari erkin ado etilishga sharoit boʻlmasa, u holda hijrat kun tartibiga chiqishi mumkin. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Tavba toʻxtamaguncha hijrat toʻxtamaydi, tavba esa quyosh magʻribdan chiqmaguncha toʻxtamaydi”, deb marhamat qilganlar (Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilgan). “Kufr diyori”dan “islom diyori”ga koʻchish musulmonlar uchun qiyomatgacha davom etadigan diniy burchdir. Ulamolar hech qachon buni inkor etmagan.

Abu Sulaymon Xattobiyning taʼkidlashicha, islomning dastlabki yillarida Alloh yoʻlida hijrat qilish mandub (savobli, ragʻbatlantirilgan amal) edi. Alloh taolo: “Kim Allohning yoʻlida hijrat qilsa, yer yuzida koʻpgina panohgohlar va kenglik topadi”, (Niso surasi, 100-oyat) deb, musulmonlarga hijratni targʻib qilgan. Ushbu oyat Makka mushriklarining musulmonlarga zulmi juda kuchayib ketgan paytda nozil boʻlib, hijrat qilganlarga kenglik va rizq vaʼda qilingan.

Keyinroq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan soʻng musulmonlarga oʻz turgan joyidan Madinaga koʻchib borish farz qilindi. Buning sababi dinni bevosita Paygʻambar alayhissalomdan oʻrganish va zarur paytda musulmonlarga yordam berish edi. Biroq Makka fath qilinib, Allohning amrlari ado etiladigan joyga aylangach, hijratning farzligi tugab, u mandub amalga aylandi. Yaʼni, Makka fathidan keyin hijrat farz maqomidan chiqib, mandub va mustahab amal sifatida qoldi. Hadislarda “qiyomatgacha davom etishi” aytilgan hijrat ham ana shu mandub hijratdir.

Masalaga shu tarzda qaralsa, “Fathdan keyin hijrat yoʻq” mazmunidagi hadis bilan oʻsha hadislar oʻrtasida ziddiyat yoʻqligi ayon boʻladi. Yaʼni, fathdan keyin bekor qilingani – hijratning farzligi, ammo mandubligi – qiyomatgacha.

Ibn Hajar Asqaloniyning aytishicha, hijrat ikki turga boʻlinadi:
birinchisi – tahdidli yurtdan xavfsiz yurtga; ikkinchisi – kufr diyoridan islom diyoriga. Makkadan Habashistonga qilingan hijrat va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratlaridan oldingi Madinaga koʻchish birinchi turga kiradi. Paygʻambarimiz Madinaga borib, joylashganlaridan keyin u yerga hijrat qilish esa ikkinchi tur hisoblanadi. Ammo Makka fath etilganidan keyin Makkadan hijrat qilish hukmi tugadi. Kufr diyoridan hijrat qilish esa muayyan sharoitlarda davom etadi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan hijratning eng afzali haqida soʻralganda: “Rabbing azza va jalla yomon koʻrgan narsani tark qilmogʻingdir” (Nasoiy rivoyati), yana bir hadislarida: “Alloh harom qilgan narsani tark qilish” (Nasoiy rivoyati), deganlar.

Anglab olish muhim boʻlgan jihat shuki, hijratga sharʼiy sabab boʻlishi lozim. Shariatga muvofiq, hijrat “kufr diyori”dan “islom diyori”ga koʻchishdir. Yaʼni, musulmonlarning yashab turgan yurtida joni, eʼtiqodi, mol-mulkiga nisbatan tajovuz kuchayganda, hijrat qilish lozim boʻladi. Aks holda, bu sharʼiy hijrat emas, balki oddiy koʻchish boʻlib qoladi.

Hozirgi kunda dinga, ibodatlarni bajarishga toʻsiq va tazyiq qoʻyayotgan, yaʼni, hijrat qilishga sharʼiy sabab boʻlgan mamlakatlar deyarli yoʻq. Shuning uchun hijrat qilishdan mantiq ham yoʻq. Islomning farzi ayn boʻlgan namoz, roʻza, zakot, haj kabi arkonlari bemalol ado etilayotgan joylardan hijrat qilish naqlga ham, aqlga ham toʻgʻri kelmaydi. Hatto Yevropa va Amerika mamlakatlaridan hijrat qilish ham farz hisoblanmaydi. Chunki u yurtlarda keng maʼnoda diniy erkinlik mavjud. Ammo sharoit oʻzgarib, bu mamlakatlar musulmonlar bilan urush holatiga kirsa va u yerda yashovchi musulmonlar boshqa oʻlkalardagi musulmonlarga qarshi urushga majbur qilinsa, u yerlardan islom diyoriga hijrat qilish farz boʻlishi mumkin.

“Islom diyori” va “kufr diyori” tushunchalari notoʻgʻri talqin qilinishi oqibatida toʻgʻri yondashuvga zid tarzda buzuq fatvolar tarqalib, odamlar oʻrtasida ixtiloflar tugʻilishiga sabab boʻlmoqda. Gʻaraz niyatli kuchlar musulmonlar istiqomat qilib kelayotgan yurtlarni “kufr diyori” deb atab, undan hijrat qilishga chaqirmoqda. Bunga siyosiy oʻyinlar, yo gʻuluvga berilish, yo fiqhiy masalalarni notoʻgʻri tushunish, bir soʻz bilan aytganda, ilmsizlik sabab bo‘layotgani aniq. Chin musulmon kishi hech qachon dinimiz hukmlarini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirmaydi. Oʻzgartiryapti ekan, uning siyosiy yo moddiy biror sababi boʻladi.

Hijratni oʻziga farz qilib olganlar yashab turgan joyida qandaydir juzʼiy kamchiliklar boʻlgani uchun yurtini tark etmoqchi boʻlsa, boradigan joyida undan-da kattaroq muammo yo fitnalarga duchor boʻlishi aniq. Chunki hijratga chaqirayotganlarning sharʼiy dalillari yoʻq, ular aldov yoʻli bilan sodda odamlarni gʻurbat va xunrezlik botqogʻiga botirishni maqsad qilgan, xolos.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ZAIF VA TOʻQIMA HADISLARGA NAZAR

Hayotda oʻrnini topmagan, odamlardan norozi, xorijdan “panoh tilagan” ayrim shaxslar “chetga chiqib bildimki, yurtimizda amal …