Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga xorijlik nufuzli olim – Eron Fors tili va adabiyoti akademiyasi aʼzosi, professor Orif Navshohiy tashrif buyurdi.

Mehmon bilan uchrashuvda Markaz direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov muassasa faoliyati, amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar, xalqaro hamkorlik aloqalari haqida maʼlumot berdi. Muloqot davomida islom maʼnaviy merosini oʻrganish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, kelgusida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida “Xoja Ahror Valiyning hayotiga bagʻishlangan asarlar manbashunosligi” mavzusida ilmiy seminar boʻlib oʻtdi. Maʼruzachi avvalo Markaziy Osiyo va Pokiston xalqlari oʻrtasidagi diniy-maʼnaviy aloqalarning chuqur ildizlariga eʼtibor qaratdi, bu yaqinlik ahli sunnaning hanafiylik mazhabi va naqshbandiya tariqati orqali shakllangani taʼkidlandi. Xususan, Xojagon silsilasining Movarounnahrdan Hindistongacha yoyilishi mazkur bogʻliqlikning yorqin namunasi sifatida qayd etildi.

Maʼruza davomida olim Xoja Ahror Valiy hayoti va faoliyatini oʻrganishda “Rashahot aynul hayot” asarining oʻrniga alohida toʻxtaldi. Ushbu manba mutafakkir hayotiga bagʻishlangan eng muhim va mukammal asarlardan biri ekanini taʼkidladi. Professor turli mamlakatlarda saqlanayotgan qariyb 120 ta qoʻlyozma aniqlanganini aytib oʻtdi, ularni qiyosiy tahlil qilish orqali valiylar sardori hayoti va faoliyatining eng ishonchli bayonini tiklashga qaratilgan ilmiy izlanishlar olib borilganini qayd etdi. Qoʻlyozmalarning asosiy qismi Turkiya, Eron, Yevropa va Janubiy Osiyodagi mamlakatlarda aniqlangani,tadqiqot uchun eng qadimiy nusxalar asos sifatida tanlangani maʼlum qilindi.
Shuningdek, maʼruzachi “Rashahot” muallifi Faxriddin Ali Safiy Xoja Ahror Valiy bilan bevosita muloqotda boʻlib, u zotning soʻz va mulohazalarini qayd etganini taʼkidladi. Keyinchalik ushbu qaydlar kitob holiga keltirilgani haqida maʼlumot berildi. Fors adabiyotida tasavvufiy tazkira janrining muhim namunalari sifatida Attor Nishopuriyning “Tazkiratul avliyo”, Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul uns” asarlari hamda “Rashahot” tilga olindi. Ayniqsa, “Rashahot” asarida Xoja Ahror Valining hayot yoʻli keng va mustaqil yoritilganiga alohida urgʻu berildi.
Maʼruza yakunida tadqiqotchi Xoja Ahror Valiyning naqshbandiya tariqatini keng hududlarga yoyishdagi beqiyos xizmatini taʼkidladi, uning maʼnaviy taʼsiri Turkiya, Eron, Pokiston va Hindiston kabi mamlakatlarda bugungi kunda ham saqlanib qolayotganini misollar bilan asoslab berdi.

Seminar yakunida ishtirokchilar tadbir yuqori saviyada va mazmunli oʻtganini alohida qayd etib, bunday ilmiy muloqotlar maʼnaviy merosni chuqur oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





