Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Saudiya Arabistoni Podshohligi Ikki muqaddas masjid Din ishlar boshqarmasining ilmiy tadqiqotlar va kutubxonalar boʻyicha masʼul rahbari, doktor Ahmad bin Fahd Shuvayʼir boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Yuqori martabali mehmonlarni Markaz direktori Shovosil Ziyodov kutib oldi. Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Markaz muzeyi va kutubxonasi fondi bilan yaqindan tanishib, bu yerda buyuk ajdodlarimiz merosini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

Doktor Ahmad bin Fahd Shuvayʼir rahbarlik qiladigan tuzilma Makkadagi Masjidul Haram va Madinadagi Masjidun Nabaviy huzuridagi kutubxonalar hamda bu muqaddas maskanlardagi barcha ilmiy tadqiqot jarayonlarini muvofiqlashtirib boradi. Shu bois muloqot chogʻida Markaz bilan mazkur tashkilot oʻrtasida kutubxona ishi, nodir manbalarni raqamlashtirish va ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida urgʻu berildi.

Tashrif yakunida mehmonlar Markazning ilmiy salohiyati va nodir manbalarni saqlash borasidagi faoliyati kelgusidagi qoʻshma loyihalar uchun muhim asos boʻlishini taʼkidladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





