Home / FOTO LAVHALAR / Fransiyalik ekspertlar navbatdagi guruh bilan ish boshladi

Fransiyalik ekspertlar navbatdagi guruh bilan ish boshladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 20-aprel kuni “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusidagi xalqaro seminar-treningning ikkinchi bosqichi oʻz ishini boshladi. Oʻtgan hafta mazkur oʻquv kursining birinchi guruh uchun mashgʻulotlari muvaffaqiyatli yakunlanib, endilikda tinglovchilar jamoasi uchun treningiga start berildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu loyiha o‘tgan yilgi tajribaning mantiqiy davomi boʻlib, yurtimizdagi qoʻlyozmalar bilan ishlovchi mutaxassislar faoliyat doirasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Seminarning yangi bosqichida ham asosiy maʼruzachilar sifatida fransiyalik ekspertlar – professor Frans Rishar va doktor Mari Eftimiyu ishtirok etmoqda. Mashgʻulotlarda turkiyalik ekspertlar, mamlakatimizning turli ilmiy va madaniy muassasalari olimlari, tadqiqotchi va restavratorlar qatnashyapti.

Tadbir o‘ziga xos tarzda – yangidan qad ko‘targan muhtasham Imom Buxoriy majmuasidagi innovasion muzeyga sayohat bilan boshlandi. Ishtirokchilar muzeyning ma’naviy-ma’rifiy salohiyati bilan yaqindan tanishdi.

Kunning asosiy qismida professor Fransis Rishar qoʻlyozmashunoslikning eng nozik jihatlari – kolofonlar tahlili, muhrlarning siri va kotiblar tomonidan qoldirilgan maxsus belgilarni oʻrganish boʻyicha maʼruza qildi. Olimning taʼkidlashicha, kolofonda keltirilgan buyurtmachi nomi, xattot ismi va qoʻlyozma koʻchirilgan sana kabi maʼlumotlar tarixiy haqiqatlarni ochishning gʻoyat muhim kaliti hisoblanadi.

Shuningdek, ishtirokchilar Markazning Qoʻlyozmalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Laboratoriya mutaxassislari mehmonlarga qadimiy manbalarning “umrini uzaytirish” borasida olib borilayotgan nozik jarayonlarni namoyish etdi. Xususan, qoʻlyozmalarni chang va biologik zararkunandalardan tozalashning zamonaviy usullari, varaqlardagi siyoh va ranglarning barqarorligini tekshirish, zararlangan sahifalarni maxsus kimyoviy vositalarsiz, tabiiy ashyolar yordamida tiklash texnologiyalari tushuntirib berildi.

Fransiyalik ekspertlar laboratoriyaning texnik jihozlanishi va restavratorlarning ishlash uslubiga yuqori baho berib, bu yerdagi amaliyot jahon standartlariga toʻla mos kelishini taʼkidladi.

Trenerlar Oʻrta Osiyo qoʻlyozmachilik maktabining noyob namunalariga toʻxtalib, Oʻzbekistonda, nufuzli xorijiy fondlarda saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar nusxalaridan qiyosiy misollar keltirdi. Taqdimot davomida ularning oʻziga xos tarixi, bitilish uslubi va kotiblar tomonidan qoʻllangan badiiy bezaklarning ilmiy ahamiyati atroflicha tahlil qilindi. Ayniqsa, restavratsiya jarayonida yuzaga keladigan murakkab vaziyatlar va ularni bartaraf etish usullari ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Mutaxassislar qoʻlyozmalarni asrab-avaylashda uchraydigan eng dolzarb muammolar – varaqlarning tabiiy yemirilishi, siyohlarning kimyoviy taʼsiri hamda muqovalarni tiklashdagi nozik jihatlar boʻyicha xalqaro standartlarga mos keluvchi tavsiya va choralar tavsifini berdi.

Guruh mashgʻulotlarining ilk kuni kodikologiya sohasida nazariy bilimlarni bevosita tarixiy va madaniy muhit bilan uygʻunlashtirishga xizmat qilib, ishtirokchilarda boy taassurot qoldirdi.

Xalqaro seminar 21-aprel kuni oʻz ishini davom ettiradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Nazariy bilimlar amaliyot bilan mustahkamlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida tashkil qilingan “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusidagi seminar-treningning ikkinchi …