Home / FOTO LAVHALAR / Ilm-fan va innovatsiyalar integratsiyasi yoʻlida yangi bosqich

Ilm-fan va innovatsiyalar integratsiyasi yoʻlida yangi bosqich

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy izlanishlar koʻlamini kengaytirish va zamonaviy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash borasida navbatdagi muhim qadam qoʻyildi. Markaz bilan Navoiy innovatsiyalar universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Markaz direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov va Navoiy innovatsiyalar universiteti rektori, professor Joʻrabek Mavlonov ishtirok etib, ilm-fan sohasidagi istiqbolli rejalarni muhokama qildi.

Mazkur hujjat ikki muassasa oʻrtasidagi munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan boʻlib, hadis ilmini oʻrganish, ilmiy integratsiya, loyihaviy hamkorlik, tajriba almashuvi kabi muhim yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi. Unga koʻra, Imom Buxoriyning boy ilmiy merosi va hadisshunoslik yoʻnalishida qoʻshma tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish, universitet talaba va tadqiqotchilari uchun Markazning boy kutubxona fondlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish, grant loyihalari, xalqaro konferensiya va seminarlar tashkil etish hamda Markaz muassisligidagi ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish va metodologik yordam koʻrsatish borasida doimiy muloqotni taʼminlash imkoniyatlari yaratiladi. Mazkur kelishuv kadrlar va ilmiy materiallar almashuvi uchun ham mustahkam huquqiy asos boʻladi.

Taʼkidlanganidek, imzolangan memorandum shunchaki rasmiy hujjat emas, balki amaliy natijalarga qaratilgan “yoʻl xaritasi” boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar oʻrtasidagi bevosita aloqalar yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini roʻyobga chiqarish va ajdodlarimiz merosini xalqaro miqyosda targʻib qilishda muhim oʻrin tutadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazga joriy yilning ilk stipendiati keldi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning joriy yildagi ilk sovrindori, Turkiyadagi Karabuk universiteti tadqiqotchisi Ayshenur Kumas …