Home / FOTO LAVHALAR / Markazga joriy yilning ilk stipendiati keldi

Markazga joriy yilning ilk stipendiati keldi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning joriy yildagi ilk sovrindori, Turkiyadagi Karabuk universiteti tadqiqotchisi Ayshenur Kumas ilmiy amaliyot oʻtash uchun Markazga keldi.

Amaliyotchi direktor Shovosil Ziyodov qabulida boʻlib, Oʻzbekistondagi izlanishlaridan koʻzlagan maqsadlari haqida soʻzlab berdi.

Turkiyalik tadqiqotchi oʻz ilmiy ishida “Sahihayn” (Imom Buxoriy va Imom Muslimning ishonchli toʻplamlari) asosida yozilgan va hozirgi vaqtda yoʻqolgan deb hisoblanadigan noyob hadis toʻplamlarini, xususan, Abu Bakr Barqoniy rivoyatlari va ularga bitilgan sharhlarni tadqiq etishni maqsad qilgan.

Amaliyotchi izlanishlari davomida Markaz fondidagi qoʻlyozmalar hamda dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan nodir manbalarning elektron nusxalaridan foydalanib, oʻz ilmiy ishining mazmunini boyitish va qamrovini kengaytirishni rejalashtirgan. Shuningdek, dasturga binoan tadqiqotchi Toshkent va Buxoroga ilmiy safar qilishi, Markazda ilmiy seminar oʻtkazishi nazarda tutilgan.

Maʼlumot uchun, mazkur stipendiya dasturi 2022-yildan buyon xorijlik tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilib kelmoqda. Oʻtgan davr davomida turli davlatlardan jami 30 nafar tadqiqotchi Markazda ilmiy amaliyot oʻtadi. Joriy yilda esa dastur doirasida 7 nafar xorijlik tadqiqotchi ilmiy malakasini oshirishi kutilmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilm-fan va innovatsiyalar integratsiyasi yoʻlida yangi bosqich

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy izlanishlar koʻlamini kengaytirish va zamonaviy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni …