Ismoil ibn Ibrohim o‘z davrining buyuk muhaddis va allomalaridan ta’lim olib, yuksak faqih va muhaddis maqomini egallagan. Uning shogirdi Ahmad ibn Hafs: “O‘limi oldidan huzuriga kirgan vaqtimda u: “Hamma jamlagan molimning ichida biror dirham ham shubhalisi borligini bilmayman”, dedi. Bu so‘zni eshitib, uning ta’siridan o‘zimga o‘zim arzimas bo‘lib ko‘rindim”, degan edi.
Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy oilasiga, farzandlariga ana shunday halol luqma yedirgan olim insonning farzandi edi. Muhammad ibn Ismoil uch yoshligidayoq otasi vafot etgan bo‘lsa-da, o‘z zamonasining olima va oqila ayoli bo‘lgan onasi farzandlarining tarbiyasiga mas’ul bo‘ldi, ularga yuksak odob-axloq va boshlang‘ich ta’lim berdi. O‘g‘lining ilm yo‘lidagi safarlarini qo‘llab quvvatladi.
Muhammad ibn Ismoil avval Buxoroda ustozlar qo‘lida ta’lim oldi. So‘ng ilm talabida qirq yil o‘zga yurtlarga safar qildi. Katta mashaqqat, mustahkam taqvo va zuhd bilan o‘n olti yil davomida to‘plagan hadislarni “Sahih ul-Buxoriy”da tasnif etdi. Bu asar islom olamida Qur’oni karimdan so‘ng eng mo‘tabar kitob deya e’tirof etildi. U zot haqida Ibn Hajar Asqaloniy shunday deydi: “Imom Buxoriy haqida bildirilgan va aytilgan barcha maqtovlar keltirilsa, ularni yozishga varaq tugab, yozilganlarni o‘qib chiqishga insonning bardoshi yetmaydi. Imom Buxoriy sohilsiz dengizdir”.
Ulug‘ allomaning hayoti bitmas-tuganmas hikmat va ibratki, bugun ham u zotning ma’naviy merosi, ilm va axloq haqidagi o‘gitlari haqida bitilayotgan kitoblarning son-sanog‘i yo‘q. Tadqiqotchi Shukurullo Umarovning “Buyuklik siri: Imom Buxoriyning ibratli hayoti” nomli risolasi ham ana shu dengizdan bir tomchi. Kitob ilmiy-ma’rifiy hamda tarixiy manbalarga tayangan holda yozilgan bo‘lib, sodda tili bilan o‘quvchilarga tushunarli va xalqchil. Kitobda muhaddis hayoti, ilmiy faoliyati, u zot yashagan davr muhiti keng yoritilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





