Home / FOTO LAVHALAR / Xalqaro ilmiy tadbirlar turkumiga start berildi

Xalqaro ilmiy tadbirlar turkumiga start berildi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Islom – tinchlik va maʼrifatparvarlik dini” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy seminarlar turkumi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi mintaqada islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, xalqaro ilmiy-maʼrifiy muloqotni kuchaytirish hamda diniy radikallashuv va ekstremizm kabi tahdidlarga qarshi kurashda ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Turkum doirasidagi dastlabki xalqaro onlayn seminar Qozogʻiston Geosiyosiy tadqiqotlar instituti va “AQNIET” axborot-targʻibot va reabilitatsiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. “Islom va siyosat: Modernizatsiya jarayonlariga munosabat” deb nomlangan tadbirda Qozogʻiston Geosiyosiy tadqiqotlar instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Asilbek Izbairov maʼruza qildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) vakillari, yurtimizdagi ilmiy muassasalar xodimlari, shuningdek, Turkiya va Qozogʻistondan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Maʼruzachi Qozogʻistonning diniy ekstremizm va radikallashuvga qarshi kurashish, diniy sohani zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish borasidagi oʻziga xos tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Xususan, 1990-yillardan boshlab mamlakatga kirib kelgan turli diniy oqimlar taʼsiri, ular keltirib chiqargan ilohiyotga oid ixtiloflar va bu illatga qarshi qoʻllangan chora-tadbirlar chuqur tahlil qilindi.

A.Izbairov ishlab chiqilgan “sekulyarizm (davlat, huquq va taʼlim tizimining diniy taʼlimotlardan ajratilganini anglatuvchi konsepsiya)ning uch bosqichli modeli” haqida toʻxtalib, hamkorlikda Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ilohiyot maktabini rivojlantirish muhimligini taʼkidlab oʻtdi. Qayd etilganidek, davlatning diniy jarayonlarga aralashuvi emas, balki ularni milliy manfaatlar va universal islomiy qadriyatlar doirasida muvofiqlashtirishi eng samarali yoʻl hisoblanadi.

Muloqot chogʻida, shuningdek, islomdagi turli yoʻnalishlar oʻrtasidagi bahsli masalalar, takfirchilik muammosi, musulmonlik mezonlari va tasavvuf anʼanalarining ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni taʼminlashdagi oʻrni muhokama qilindi.

Savol-javoblar sessiyasida diniy radikallashuvga qarshi kurashda milliy-madaniy oʻzlikni saqlab qolish, ajdodlarning boy ilmiy merosini yosh avlodga yetkazish hamda anʼanaviy islom qadriyatlarini zamonaviy modernizatsiya jarayonlari bilan uygʻunlashtirish asosiy omillar boʻlishi qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday ilmiy muloqotlar maydoni nafaqat mintaqaviy, balki keng xalqaro miqyosda diniy-maʼrifiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

“Islom – tinchlik va maʼrifatparvarlik dini” turkumidagi navbatdagi ilmiy tadbirlar ham muhim mavzularni qamrab olgan holda davom ettiriladi. 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilm-fan va innovatsiyalar integratsiyasi yoʻlida yangi bosqich

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy izlanishlar koʻlamini kengaytirish va zamonaviy taʼlim muassasalari bilan aloqalarni …