Alloh taolo inson hayotini tartibga solish uchun jamiyatda rahbarlik tizimini joriy etgan. Insonlar bir joyda jam boʻlib yashar ekan, ularning ishini tartibga soladigan, adolatni taʼminlaydigan va jamiyatni toʻgʻri yoʻlga boshlaydigan rahbarga ehtiyoj paydo boʻladi. Shu bois islom taʼlimotida rahbarlik masalasi juda muhim oʻrin tutadi.
Ammo yurt boshiga keladigan rahbarlar salohiyati ham turlicha boʻlishi tarixdan maʼlum. Alloh taolo qaysi bir xalqqa yaxshilik istasa, uning ustiga ertani koʻra oladigan, tadbirli, dono, oqil, yurtini isloh qiladigan, xalqiga gʻamxoʻr va adolatli odamni rahbar qilib qoʻyar ekan. Bunday rahbar xalqni taraqqiyot, tinchlik va barqarorlikka yetaklaydi. Islom ulamolari ham bunday rahbarni katta neʼmat deb taʼkidlagan. Chunki bunday sifatga ega rahbar:
- xalq manfaatlarini himoya qiladi;
- zulm va tartibsizlikning oldini oladi;
- jamiyatni taraqqiyot sari yetaklaydi;
- jamiyatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlaydi.
Bu jihatdan qaraganda Oʻzbekiston ham Allohning nazari tushgan yurt hisoblanadi. Bunday rahbar xalqni toʻgʻri yoʻlga boshlaydi, uning farovonligi uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu holat xalq uchun ham yuksak masʼuliyat yuklaydi. Butun bir xalq yagona kuch boʻlib yurt rahbariga kamarbasta boʻlishi kerak.
Maʼlumki, Oʻzbekiston mustaqillik yillarida oʻz taraqqiyot yoʻlini belgilab, turli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirdi. Ayniqsa, 2016-yildan boshlab mamlakatimizda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yangi davr boshlandi. Mazkur davrda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham tub islohotlar amalga oshirildi. Prezidentimiz nafaqat siyosiy rahbar, balki milliy-diniy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish borasida haqiqiy diniy rahnamo sifatida maydonga chiqdi. Davlat siyosatida din va vijdon erkinligi, diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik tamoyillari ustuvor tamoyilga aylanib, mamlakatda diniy taʼlimni rivojlantirish, ushbu sohani oliy malakali kadrlar bilan taʼminlash, milliy islomiy merosni qayta tiklashga katta eʼtibor qaratildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy muhitni sogʻlomlashtirish, vijdon erkinligini taʼminlash va islom dinining haqiqiy insonparvar mohiyatini ochib berish borasida muhim islohotlar amalga oshirildi. Ammo, radikal oqimdagi adashgan kimsalar tomonidan bunday islohotlar notoʻgʻri talqin qilinmoqda. Ular tomonidan Oʻzbekistonda diniy erkinlik tahdid ostida ekani toʻgʻrisidagi asossiz daʼvolar ilgari surilmoqda va uni keng jamoatchilikka tarqatishga urinmoqda.
Shu sababli mazkur maqolada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirgan ishlar, xususan, BMT minbaridagi nutqlari, “Mehr” operatsiyasi, mazkur sohaga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot markazlar faoliyati, allomalar ilmiy merosiga eʼtibor va boshqa shu kabi muhim islohotlar haqida soʻz yuritildi. Davlatimiz rahbarining Islom sivilizatsiyasi merosini tiklashga qaratilgan tashabbuslari, diniy taʼlimni rivojlantirish, imom-xatiblarga eʼtibor va ulamolarga yaratib berayotgan imkoniyatlari hamda xalqaro maydonda islom dinining insonparvar mohiyatini targʻib etish borasidagi faoliyati “Oʻzbekiston – diniy sohadagi islohotlar” mavzusi ostida tahlil qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi asosida jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan keng miqyosdagi islohotlar haqida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov quyidagi fikrlarni bildirgan:
– 2016-yilning oxirlaridan boshlab Oʻzbekistonning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotida boshlangan islohotlar qisqa vaqt ichida jahon hamjamiyati eʼtiboriga tushdi. Tashqi dunyo uchun uzoq yillar davomida yopiqligicha qolib kelgan mamlakatda birdaniga boshlangan ochiqlik va shaffoflikka tayangan pragmatik siyosat hamda rivojlanish vektorining mutlaqo yangi tendensiyalar orqali oʻzgarishini xalqaro jamoatchilik katta umid va ishonch bilan qarshi oldi.
- Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-yildan ortiq davr mobaynida amalda boʻlib kelgan boshqaruv usulidan voz kechib, Oʻzbekiston taraqqiyotini taʼminlashga yoʻnaltirilgan 5-yillik istiqbol dasturi – “Harakatlar strategiyasini” taqdim etdi. Mazkur hujjatda rejalashtirilgan islohotlarni amalga oshirish uchun avvalo aholi muammolariga quloq tutish, odamlarni tinglash, yillar davomida hal etilmay kelinayotgan masalalarga yechim topish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali muloqot oʻrnatish, shuningdek, tashqi siyosat sohasida xorij davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik va strategik sheriklikning muvozanatlangan tizimini shakllantirishga ahamiyat qaratilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





