Home / FOTO LAVHALAR / ILMNING ILGʻOR NAMOYANDALARI ANJUMANI

ILMNING ILGʻOR NAMOYANDALARI ANJUMANI

11-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida nufuzli xalqaro tashkilotlar va xorijiy yetakchi ilmiy-akademik muassasalar rahbarlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mutassaddilari ICESCO, IRCICA, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasi, Turkiya Qoʻlyozmalar muassasasi, Turkiya Fanlar akademiyasi va Xalqaro turkiy akademiya (Turkiya), Oksford islom tadqiqotlari markazi va “Al-Furqon” islom merosi jamgʻarmasi (Buyuk Britaniya) kabi nufuzli tashkilotlarning rahbarlari va masʼul xodimlari bilan muloqotda boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov ushbu anjuman ilm-maʼrifatni rivojlantirish yoʻlidagi maqsad va intilishlarimiz mushtarak ekanining yana bir tasdigʻi ekanini taʼkidladi.

Mehmonlarga Markazda amalga oshirilgan va olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni, mamlakatda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yaxshilash borasidagi ishlarni, xalqaro hamkorlar bilan aloqalarga oid faoliyatni aks ettiruvchi videofilm namoyish etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosi, ularning muborak xoki abadiy qoʻnim topgan joylarni obod manzillarga aylantirish boʻyicha olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ochilgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoning eng nufuzli ilmiy markazlari bilan aloqalar oʻrnatib, birgalikda yirik ilmiy loyihalarni amalga oshirayotgani alohida taʼkidlandi.

Muborak Ramazon oyida Samarqandda yangidan qad rostlagan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining foydalanishga topshirilishi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun islom olami uchun muhim tarixiy voqea boʻlgani qayd etilib, bu yerda ziyoratchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar hamda ushbu majmuaning milliy va umuminsoniy ahamiyati haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Nufuzli mehmonlar yurtimizda ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻlini, ularning bebaho ilmiy merosini chuqur oʻrganish va xalqaro miqyosda keng targʻib qilishga ulkan eʼtibor qaratilayotganiga yuksak baho berib, davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosiga bagʻishlangan alohida taqdimot oʻtkazish boʻyicha ilgari surilgan tashabbusni olqishladi.

Suhbat asnosida nufuzli xalqaro tashkilotlar va yetakchi ilmiy muassasalar vakillari joriy yilning iyun oyida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning hayoti va ilmiy merosi boʻyicha xalqaro konferensiya tashkil etish taklifini bir ovozdan qoʻllab-quvvatladi. Bu yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning yana bir yuksak xalqaro eʼtirofi boʻldi.

Tadbir yakunida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yoshlar maʼnaviyati – mafkuraviy immunitet asosi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Navoiy viloyati boʻylab rejalashtirilgan uchrashuvlarning navbatdagisi Navoiy davlat universitetida …