Home / FOTO LAVHALAR / “Amir Temur – buyuk davlat arbobi va ilm-fan homiysi”

“Amir Temur – buyuk davlat arbobi va ilm-fan homiysi”

Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida shu mavzuda maʼnaviy-maʼrifiy anjuman tashkil etildi.

Tadbirda ilmiy xodimlar, oliy taʼlim muassasalarining tarixshunos olimlari va maʼnaviyat masalalari boʻyicha mutasaddilari ishtirok etib, buyuk sarkarda va mohir davlat arbobi Amir Temurning hayoti va faoliyati, uning mintaqa va jahon tarixida tutgan oʻrni haqida soʻzladi. Sohibqironning davlat boshqaruvidagi yuksak salohiyati, adolatga asoslangan siyosati, saltanatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash va maʼnaviyatni yuksaltirish yoʻlidagi xizmatlari alohida taʼkidlandi.

Qatnashchilar Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va meʼmorlik sohalarida yuz bergan yuksalishlar haqida ham atroflicha soʻz yuritdi. Sohibqironning olimlar, mutafakkirlar va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlagani, ilm ahlini ragʻbatlanirish uchun yaratgan shart-sharoiti natijasi oʻlaroq, ulkan saltanatda maʼnaviy va madaniy taraqqiyot yuksak bosqichga koʻtarilgani qayd etildi.

Maʼruzachilar temuriylar davrining milliy davlatchilik tarixidagi oʻrni va ahamiyatiga toʻxtalib, zamonlardagi oʻziga xos boshqaruv tizimi, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolat tamoyillari bugungi kun uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Tadbirda Amir Temurning shaxsiy fazilatlari – jasorat, matonat, fidoyilik, adolatparvarlik va vatanparvarlik kabi yuksak insoniy sifatlari ham tilga olindi. Shu bilan birga, “Temur tuzuklari” asarining davlat boshqaruvi va maʼnaviy tarbiyada tutgan oʻrni va ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Maʼnaviy tahdidlarga qarshi ilmiy asos: Navoiy innovatsiyalar universitetida muloqot

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Navoiy viloyati boʻylab oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar turkumi Navoiy innovatsiyalar …