Home / MAQOLALAR / SAMARQANDDAGI GO’RI AMIR MAQBARASINING TARIXIY ZIYORATGOH SIFATIDAGI O‘RNI

SAMARQANDDAGI GO’RI AMIR MAQBARASINING TARIXIY ZIYORATGOH SIFATIDAGI O‘RNI

Go‘ri Amir maqbarasi Samarqand shahrida joylashgan ulug‘vor tarixiy yodgorlik bo‘lib, nafaqat O‘zbekistonning, balki butun islom dunyosi me’moriy yodgorliklarining ajralmas qismidir. Maqbarada Amir Temur va uning avlodlari dafn etilgan bo‘lib, noyob arxitektura va badiiy bezaklari bilan alohida ahamiyatga ega. Go‘ri Amir ziyoratgohi nafaqat tarixiy, balki madaniy va diniy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Ushbu maqola Go‘ri Amir maqbarasi tarixi, me’moriy-ruhiy ahamiyati va zamonaviy davrdagi roli haqidagi tahlillarni o‘z ichiga oladi. Mazkur yodgorlik o‘zining go‘zal va betakror arxitekturasi bilan nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyohlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu maqolada Go‘ri Amir maqbarasining yaratilishidan tortib, tarixiy ahamiyati va zamonaviy merosimizga ta’siriga qadar bo‘lgan jihatlar yoritiladi.

Amir Temurning milliy davlatchilik siyosati: tarix va hozirgi zamon (2006). Ushbu ilmiy konferensiya materiallari Amir Temurning davlat qurilishi, siyosati va uning O‘zbekiston tarixidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot beradi. Kitobda Amir Temur davrining siyosiy va madaniy rivojlanishi, barpo etilgan yirik inshoot va ziyoratgohlarning me’moriy va siyosiy ahamiyati tahlil qilingan. Go‘ri Amir maqbarasi temuriylar davri madaniy merosi doirasida o‘rganilgan.

Berdimurodov A. Go‘ri Amir maqbarasi. Ilmiy-ommabop risola (1996). Ushbu risolada Go‘ri Amir maqbarasining me’moriy xususiyatlari va uning tarixiy ahamiyati ommabop tilda bayon etilgan. Unda maqbaraning o‘zgacha badiiy shakli va temuriylar sag‘anasining ochilish tarixi, har bir qabrning o‘rni, xususiyati haqida ma’lumot berilgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” (1960). Boburning mashhur asari “Boburnoma”da Amir Temur va uning avlodlari haqida ko‘plab ma’lumot berilgan. Ushbu asarda Go‘ri Amir maqbarasi va uning qurilishi haqida ma’lumot berilgan.

Mo‘minov I. Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli (1993). I.Mo‘minov asarlarida Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va ijtimoiy-siyosiy tizimga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berilgan. Ushbu asarda Amir Temur tomonidan barpo etilgan me’moriy yodgorlik – Go‘ri Amir maqbarasiga alohida e’tibor berilgan.

Jo‘rayev N., Fayzullayev T. Mustaqil O‘zbekiston tarixi (2000). Ushbu kitob O‘zbekistonda mustaqillik yo‘lida amalga oshirilgan o‘zgarishlar va unda tarixiy yodgorliklarning o‘rni haqida so‘z yuritilgan. Ushbu asarda Go‘ri Amir maqbarasi tarixiy merosimizni mustahkamlashda muhim omil ekani haqida so‘z yuritilgan.

Герасимова М., Герасимова К., Михаил Герасимов. Я ищу лица (2007). Gerasimovlar asarlari ilmiy restavratsiya va tarixiy shaxslar yuzini tiklashga bag‘ishlangan. Ushbu asar Amir Temur va uning avlodlari yuzini tiklash ishlari haqida ma’lumot beradi. Bu esa, Go‘ri Amir maqbarasidagi ko‘plab arxeologik va restavratsiya ishlarini yanada batafsil tahlil qilish imkonini beradi.

Гений научной реставрации. Памяти М.М.Герасимова (2020). Ushbu asar ilmiy restavratsiya ahamiyati va tarixiy obidalar bilan ishlash metodikasiga oid ma’lumot beradi. Vaqt o‘tishi Go‘ri Amir maqbarasiga yetgan zarar va ularni tiklashga oid tahlil ham mavjud.

Yuqoridagi asarlar Go‘ri Amir maqbarasining tarixiy, arxitektura va madaniy ahamiyatini o‘rganishda asosiy yordamchi manbalar bo‘lib, maqolada berilgan ma’lumotlarni chuqur ilmiy tahlil qilish uchun zarurdir. Har bir asarda maqbaraning turli jihatlari – arxitekturasi, siyosiy ahamiyati, tarixiy konteksti va zamonaviy o‘rni haqida ma’lumot berilgan.

Go‘ri Amir maqbarasini o‘rganish uchun bir necha ilmiy metod va yondashuvlar qo‘llanildi. Ushbu metodlar tarixiy va madaniy obidalarni chuqur tahlil qilish va ularning ahamiyatini aniqlashga yordam beradi. Quyida asosiy metodlar va yondashuvlar keltirilgan:

Tarixiy-metodologik yondashuv usuli orqali Go‘ri Amir maqbarasining qurilish tarixi haqida aniq va ishonchli ma’lumot berilgan. Ushbu metod yordamida maqbara qurilishi va uning o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, obidaning qachon, qanday va kim tomonidan qurilgani haqidagi ma’lumot to‘planadi. Tarixiy manbalar, jumladan, Amir Temur davrida va undan keyingi asrlarda yozilgan asarlar maqbaraning arxitektura va madaniy ahamiyatini tushunishga yordam beradi.

Maqolani tayyorlashda arxeologik metoddan foydalanildi. Ma’lumki, arxeologik qazishma va tadqiqotlar Go‘ri Amir maqbarasining ichki va tashqi qismlarini o‘rganishda muhim rol o‘ynaydi. Bu metod orqali maqbaraning devorlari, poydevor qoldiqlari, ichki va tashqi bezaklar, shuningdek, obidaga tegishli boshqa elementlar tahlil qilinadi. Qazishmalar natijasida topilgan materiallar maqbaraning asl holati haqida ma’lumot beradi va ularni tiklash uchun zarur bo‘lgan asosiy elementlarni aniqlashga yordam beradi.

Go‘ri Amir maqbarasi 1404-yilda Amir Temurning buyrug‘i bilan qurila boshlangan. Aslida bu maqbara Temurning sevimli nabirasi Muhammad Sulton uchun qurilgan, ammo keyinchalik Amir Temurning o‘zi ham vafot etganidan so‘ng Samarqandga, shu yerga dafn etilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida Go‘ri Amir maqbarasini hurmat va ehtirom bilan tilga oladi. Boburning yozishicha, bu maqbara Sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari uchun yaratilgan ulug‘vor maqbaradir. U asarda quyidagi ma’lumotni keltirgan: “Temurbekning nabirasi, Jahongir Mirzoning o‘g‘li Muhammad Sulton Mirzoga atab qurilg‘on Samarqandning tosh qo‘rg‘onida – chaqarda bir madrasa solibtur. Temurbekning qabri va avlodidin har kimki Samarqandta podshohliq qilibtur alarning qabri ul madrasadadur” [3:105]. Shuningdek, maqbarada Temuriylar sulolasidan bo‘lgan boshqa a’zolar, jumladan, Sohibqironning o‘g‘li Shohrux va nabirasi Mirzo Ulug‘bek ham shu maqbaraga qo‘yilgan. Bu haqida М.M.Vaxitov va Sh.R.Mirzayev tomonidan yozilgan “Me’morchilik” nomli darslikda bu inshootni 1404-yilda Amir Temur ko‘rsatmasi bilan Kichik Osiyoga yurish qilgan vaqtda (1403-yilda) vafot etgan sevimli nabirasi, taxt vorisi Muhammad Sultonga atab qurdirgani, biroz vaqt o‘tgach, 1405-yil fevral oyida Xitoyga yurish chog‘ida Sohibqiron vafot etgandan so‘ng, u ham shu yerga dafn qilingani haqida ma’lumot berilgan [4:131].

Sobiq Ittifoqning mafkuraviy ta’siri ostida tarixiy haqiqatni aytish katta jasorat talab qilgan murakkab davrda yirik faylasuf olim Ibrohim Mo‘minov o‘zining “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” nomli asarida Amir Temur shaxsiyati va uning vorislik masalalariga doir muhim jihatlarni ochib bergan. Olimning yozishicha, Sohibqiron o‘g‘li Jahongir Mirzo vafotidan keyin eng sevimli nabirasi Muhammad Sultonni voris sifatida belgilagan. Bu tanlov, bir tomondan, Amir Temurning o‘z oilasiga bo‘lgan chuqur mehr-muhabbati va insoniy hissiyotlarini aks ettirsa, boshqa tomondan, uning davlatni barqaror boshqarish uchun uzoqni ko‘zlagan siyosiy strategiyasini ham namoyon etadi [5:39].

I.Mo‘minovning bu kabi jasoratli fikrlari o‘sha davr mafkurasi qarshiligiga qaramay, Amir Temur shaxsining tarixiy ahamiyatini qayta kashf qilish va uni adolatli baholash yo‘lidagi dadil qadam bo‘ldi. Uning ilmiy qarashlari nafaqat Amir Temurning buyuklik fenomenini anglashga, balki o‘zbek xalqi tarixiy xotirasini saqlab qolishga xizmat qilgan. Shunday qilib, Muhammad Sultonning voris sifatida e’tirof etilishi, ammo baxtsiz hodisa tufayli uning vafoti Temuriylar sulolasi oilaviy sag‘anasining barpo etilishiga sabab bo‘ldi.

Amir Temur davrida qurilgan mashhur tarixiy obidalardan yana biri – Go‘ri Amir maqbara majmuasidir. Aslida Amir Temur uni sevimli nabirasi (Jahongir Mirzoning o‘g‘li) Muhammad Sulton uchun qurdirgan edi. U 19 yoshida turklar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lgan edi. Uning jasadi Samarqandga olib kelinib, shu yerga dafn qilinadi. Sohibqiron 1404-yili harbiy yurishdan qaytgach, Muhammad Sultonga atab shu maqbarani qurdiradi. Maqbara tez fursatda bitkazilgan. Bu betimsol ajoyib maqbarani qurgan kishi Usto Ibn Isfahoniy edi. Amir Temur Xitoy tomon harbiy yurish vaqtida kasallanib, vafot etgandan so‘ng, uning o‘zi ham shu yerga dafn qilindi va maqbara Amir Temur nomini oldi. Keyinchalik bu obida Temuriylar sulolasining xilxonasiga aylanib, bu yerga Muhammad Sulton, Amir Temurdan tashqari uning o‘g‘illari Umarshayx, Shohrux va Mironshoh, nabirasi Mirzo Ulug‘bek hamda Amir Temurning piri Said Barakaning sag‘analari qo‘yilgan. Tarixdan ma’lumki, dafinalar ustiga maqbaralar qurish IX asrdan boshlab odat tusiga aylangan bo‘lib, Temuriylar davrida bu soha yanada rivojlandi [1:26].

Samarqandda O‘rta asrlarning yirik me’moriy obidasi, hozirgi kunga qadar ziyoratgoh vazifasini bajarib kelayotgan Go‘ri Amir maqbarasi o‘zining noyob arxitekturasi va nafis bezaklari bilan barcha ziyoratchilar diqqatini tortib kelayotgan majmuadir. O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasida qayd etilishicha, XX asrga kelib, Muhammad Sulton madrasasi va xonaqohi unutilgani sababli, dastlabki tadqiqotchilar Samarqand yodgorliklarining joylashuv o‘rnini aniqlay olmagan. Faqat XX asr o‘rtalaridan boshlab, qadimiy yodgorliklarni chuqur va har tomonlama o‘rganish imkoniyati yuzaga kelgan. Arxeologik qazishmalar natijasida, vayron bo‘lgan binolarning devor va poydevor qoldiqlari topilgan. Tadqiqotlar jarayonida bino o‘lchami, dizayni va pardozlash usullari haqida aniq ma’lumot olingan. Ushbu materiallar rejalashtirilgan restavratsiya ishlari uchun asos sifatida xizmat qilgan. Butunlay vayron bo‘lgan hovli devorlari tiklanishi natijasida, arxitektura majmuasining binolari qanday tartibda qulagani haqida ilmiy ma’lumot olish mumkin bo‘lgan. Shu bilan birga, qazishmalar va restavratsiya ishlari tarixiy obidalarni tiklash va saqlab qolishdagi muhim qadam sifatida ko‘rsatilgan. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasida ushbu arxitektura majmuasi bo‘yicha yig‘ilgan materiallar nafaqat tarixni qayta tiklash, balki ilmiy izlanishlar uchun ham muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlanadi [7-525].

Maqbaraning ichki me’moriy bezaklari haqida ham so‘z yuritish maqsadga muvofiqdir. Mazkur bino markazida katta gumbaz mavjud bo‘lib, u murakkab naqshlar bilan bezatilgan. Gumbazining moviy rangli g‘ishtlari va ularning ustiga ishlangan o‘yma naqshlar uning ajoyib ko‘rinishiga xosdir. Binoning ichki qismiga ham murakkab bezaklar, oyatlar va rangli koshinlar bilan boyitilgan naqshlar tushirilgan. Ayniqsa, maqbara ichida joylashgan ziyoratgohdagi oq marmar qabr toshlari me’morchilik san’atining yuqori darajasini ko‘rsatadi. “Maqbaraning tashqi tomoni bunyod qilinganda uning gumbaziga katta ahamiyat berilgan. Gumbaz ostki qismining aylanasi 15 metr, balandligi 12,5 metr boʻlsa-da, uning ogʻirligi sezilmaydi. Gumbazning rang-barang qilib ishlanishi katta ahamiyatga ega. Gumbazda havo rang koʻproq ishlatilgani uchun u gumbazning egri chiziqli qobirgʻalarida tovlanib, quyoshda charaqlab, go‘yo osmonga qadalib turadi. Gumbazning usti sirli koshinlar bilan qoplangan. Sharafalarida ham shunday koshinlardan hajmi bir-biriga mos qilib ishlangan chiroyli jimjimalar bor. Maqbaraning tashqi gumbazi yodgorlikning yanada salobatli boʻlishi uchun ustiga ikkinchi gumbaz oʻrnatilgan” [7:526]. Amir Temur maqbarasining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixidagi eng muhim madaniy yodgorliklardan biridir. Bu bino XV asrdan buyon me’moriy san’atning namunasi bo‘lib kelmoqda va uning tasviri O‘zbekiston milliy ramzlaridan biriga aylangan.

Maqbaraga gumbazli sharqiy peshtoqdan kiriladi. Uning ichi juda aniq rejalangan va g‘oyat nafis bezatilgan. Devorning pastki qismi ko‘kimtir shaffof oniks toshidan ishlangan izora (bezak)dir, uning choklari ko‘kimtir toshlar bilan bezatilgan. Bezak ustiga ishlangan rang-barang lavhalar xuddi zar aralashtirib to‘qilgan gilamga o‘xshaydi. Gumbazning ichi, kunjak yaruslari har turli shakllarda bir necha qavat ipak qog‘ozdan bo‘rttirib ishlangan. Ularga zarhal berilgan va mayda gullar solib naqshlangan. Maqbara ichiga rangdor oynali va panjarali to‘rt darchadan yorug‘lik tushadi. Maqbara ichining balandligi va bezaklarining boyligi kishini hayratga soladi. Maqbaraning o‘rtasiga o‘rnatilgan sag‘ana toshlarida yozuvlar bor. Bular orasida Amir Temur qabri ustiga qo‘yilgan to‘q yashil rangli nefrit toshi diqqatga sazovor. Amir Temur, uning ikki nabirasi Muhammad Sulton va Ulug‘bek, ikki o‘g‘li Shohruh, Mironshoh va boshqalarning sag‘analari marmar panjara bilan o‘ralgan [4:131].

Go‘ri Amir maqbarasining ichki me’moriy uslubi, tarixiy ahamiyati haqida keltirilgan ma’lumotlarni jamlab, umumiy fikrlarni bayon etamiz. Xususan, hozirda ziyoratxona darajasidagi ahamiyatga ega ushbu dahma marmar panjara bilan oʻralgan murabba xazira sahniga qator qabrtoshlar qoʻyilgan. Eng avvalo, ziyoratxona joylashuvi va tuzilishini tasvirlash maqsadga muvofiq. Ziyoratxonaning ichki yuqori sahnasi o‘rtasida marmar panjara mavjud bo‘lib, qabr toshlari tartib bilan joylashtirilgan. Shu yerda murabba shaklidagi xazira sahnining ta’rifi joyning shaklini, tartibini va dizaynini yoritadi. Ziyoratxona haqida so‘z borganda, uning bejirimligi, shuningdek, ziyoratgohdagi muhim shaxslar haqida qisqacha ma’lumotlar ham ahamiyatlidir. Bu yerda Amir Temur va uning atrofidagi shaxslarning qabrlari borligi yozilgan. Yuqorisi (toʻri)da Amir Temurning harbiy yurishlarida unga hamroh boʻlgan va uning yuqori hurmatini qozongan Mir Sayyid Baraka sagʻanasi joylashgan. Mir Sayyid Baraka qabrining oyoq tomoniga Amir Temurning oʻzi dafn qilingan. Sababi, Amir Temurning o‘z maqbarasining Sayyid Baraka qabriga yaqin joylashgani ziyoratgohdagi qabrlarga nisbatan tarixiy va diniy aloqalarni va ulkan hurmat ma’nosiga ega xususiyat mavjudligini ko‘rsatadi. Amir Temur sagʻanasiga qoʻyilgan koʻk nefrit qabrtoshini Ulugʻbek Moʻgʻulistonga qilgan yurishi vaqtida olib kelgan. Toshdagi lavhada Sohibqironni ulugʻlaydigan soʻzlar, uning shajarasi hamda marsiyalar oʻymakor yozuvda bitilgan. Bu yerda toshdagi yozuvlarning estetik va tarixiy qiymati haqida so‘z boradi. Yozuvlar va o‘ymakorlik san’ati, ziyoratgohning nafaqat diniy, balki madaniy ahamiyatini ham ko‘rsatadi. Bu yozuvlar Amir Temur shaxsiyatini, uning tarixiy o‘rni va muvaffaqiyatini ulug‘lashga qaratilgan [7:527].

O‘z vaqtida hamma sagʻanalar Ulugʻbek tomonidan yaxlit oʻyma marmar panjara bilan oʻralgan. Uning maqbara bezaklaridagi roli va yuksak san’at darajasida ishlangani alohida ahamiyatga ega. Ziyoratxonaning sharqiy qismidagi ravoqdan zina orqali pastki qavatdagi goʻrxonaga tushish mumkin. Goʻrxona sakkiz qirrali. Undagi sagʻanalar yuqoridagi qavatda qanday joylashgan boʻlsa, bu yerda ham shu tartibda joylashgan. Bu qismda ziyoratgohning ichki tuzilishi va uning qavatlaridagi joylashuvi tasvirlanadi. Ziyoratgoh arxitekturasi, strukturasi va shakllari ham alohida xususiyatga egadir [7:527].

Ziyoratxonadagi qabrtoshlarning har biri yuksak sanʼat asaridir. Bu so‘zlar ziyoratgohdagi qabrtosh va bezaklarning san’at darajasida ekanini ko‘rsatadi. Ziyoratgohning har bir elementi san’at asari sifatida tasvirlanadi, bu esa uning madaniy ahamiyatini ochib beradi. “Ziyoratxona serhasham bezaklarga boy, boʻrtma bezak kundallar zaminiga lojuvard rang gullar bilan ishlangan. Izorasi yashil toshdan girix shaklida terilgan. Ziyoratgohning tashqi ko‘rinishi va uning bezaklariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Zamin bezaklari va ranglar, shuningdek, uning san’ati va estetik sifatlari haqida batafsil tasvirlangan. Toʻrtta chuqur ravoqlardagi darchalarga oʻsha vaqtda rangli oyna oʻrnatilgan. Oltin va kumush qandillardagi shamlar yonganda ziyoratgoh ichkarisi ulugʻvor va afsonaviy tus olgan. Bu tasvir, ziyoratgohning yorug‘lik va bezaklar bilan bezatilganini, shuningdek, uni ziyorat qilishda his qilinadigan ulug‘vorlikni ko‘rsatadi. Shamlar va rangli oynalar orqali ziyoratgohdagi ruhiy muhit va atmosferaning naqshlari yanada oydinlashadi. Tashqarisi sirkor gʻishtchalar bilan bezatilgan. Gumbaz va uning poyidagi bezaklar, turli arabiy yozuvlar alohida koʻzga tashlanadi. Maqbara darchalarida yogʻochdan ishlangan nafis panjaralar, eshiklarida esa murakkab qoʻsh zaminli oʻymakor bezaklar boʻlgan. Bu tasvir ziyoratgohning tashqi ko‘rinishi, uning me’morchiligi va o‘ymakorlik san’ati haqida ma’lumot beradi [7:527]. Arabiy yozuv va yog‘ochdan ishlangan panjaralar maqbara bezaklarining ma’naviy qiymatini ochib beradi.

Maqbaraning gʻarbiy tomoniga baland peshtoq yondashgan. Taxminlarga koʻra, bu peshtoq qoldiqlari XVII asrga mansub bo‘lib, bu maqbaraning yoshi va me’morchilik tarixini ko‘rsatadi. Umuman olganda, ushbu me’moriy daxma zamonaviy va tarixiy elementlarni o‘zida mujassam etgan me’morchilik yodgorliklarining tarixiy ahamiyatini ko‘rsatadi.

Go‘ri Amir maqbarasi Amir Temur va uning avlodlarini xotirlash va ularning boy merosini anglashga yordam beruvchi ziyoratgoh hisoblanadi: “Yuksak shaharsozlik usullariga ega, me’moriy dekor san’atiga boy, koshinkorlik ishlari juda ham sifatli, arka va sferik gumbazlarining arxitekturaviy shakl va proporsiyalari uyg‘unlashgan tarixiy yodgorliklarga serob Samarqandda yana bir yangi uslub – relyefli bezak qo‘llangan” [4:131]. Maqbara yuksak me’moriy san’at namunasidir. Samarqandning boshqa yodgorliklari kabi Go‘ri Amir ham O‘zbekiston me’moriy yodgorliklarini dunyoga tanitishda katta rol o‘ynaydi.

Amir Temur maqbarasi, ya’ni Go‘ri Amir maqbarasining ochilishi va bu voqea bilan bog‘liq hodisalar tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lib, o‘ziga xos e’tiborni talab qiladi. 1930-yillar oxirlarida Sobiq Ittifoq davrida arxeologlar, jumladan, mashhur olim M.Gerasimov boshchiligida Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasida qazishma ishlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu qazishmalar davomida Amir Temur va uning avlodlari, jumladan, Ulug‘bek, Shohruh va boshqa temuriylar qabri ochilgan. Bu ish 1941-yil iyun oyida amalga oshirilgan bo‘lib, ilmiy dalillar yig‘ishga qaratilgan edi. Bu haqda ba’zi manbalarda ham ma’lumot berilgan: “1941-yil iyun oyida SSSR hukumati Amir Temur va uning qarindoshlari qabrini ochishga qaror qildi” [8:37-38]. Ekspeditsiya tarkibiga OʻzSSR Xalq Komissarlari Soveti raisi oʻrinbosari, shuningdek, tarixchi va mutaxassis professor T.N.Qori Niyoziy, yozuvchi Sadriddin Ayniy, sharqshunos A.A.Semenov, haykaltarosh-antropolog M.Gerasimov, arxeolog olim E.Masson kiritilgan. Ekspeditsiya aʼzolari sifatida arxeologlar V.A.Shishkin va Yahyo Gʻulomov, adabiyotshunos Hodi Zaripov, yozuvchi M.I.Sheverdin, antropolog L.V.Oshanin qatnashdi. Qabrlarni ochish jarayonini suratga olish yosh operator M.Qayumovga topshirilgan [10].

Ba’zi adabiyotlarda esa quyidagi ma’lumot uchraydi, ya’ni 1941-yilda Goʻri Amir maqbarasi yaqinida Inturist mehmonxonasi qurilishi munosabati bilan qabristonni suv bosgan. Bu Temuriylar maqbarasi qoldiqlarini yoʻq qilishi mumkin edi. Maqbarani vayron boʻlishini oldini olish uchun bir guruh olimlar antropolog M.Gerasimov boshchiligida qazish ishlarini boshlagan [11:61]. T.N.Qori Niyoziy tomonidan tuzilgan OʻzSSR Hukumatining maxsus ekspeditsiyasi qabrlar haqiqiyligini aniqlash, dafn marosimi, Amir Temur va uning avlodlarini dafn etish bilan bogʻliq an’analarni aniqlash, shuningdek, chuqur antropologik oʻrganish ishlarini amalga oshirish vazifasini bajargan [9].

Ammo maqbaraning ochilishi bilan bog‘liq holda xalq orasida turli afsonalar tarqaldi. Maqbarani ochishdan oldin mahalliy aholi qariyalari va diniy ulamolari ekspeditsiya a’zolarini bu ishni to‘xtatish haqida ogohlantirgan, chunki ular bunday amallar falokatlarga olib kelishi mumkinligiga ishongan. Afsuski, bu ogohlantirish inobatga olinmadi, bu afsonaga monand gap ekani aniq. Bu voqealarga bevosita daxldor kinorejissyor Malik Qayumov “Hayotim –  kinematografiya” nomli kitobida shunday yozadi: “Uzoq davom etgan suratga olish ishlaridan so‘ng, bir piyola choy ichish uchun choyxonaga kirdim. Qarasam, uchta chol choy ichib o‘tirgan ekan. Qo‘llarida esa kattakon kitob bor edi. Ulardan biri Temurning maqbarasini ochilishiga aloqam bormi yoki yo‘qligini surishtirishdi. Hazillashib, “eng katta boshlig‘iman”, deb aytdim, chunki mening buyrug‘im bilan chiroqlar yoqilardi. Shunda chol: “Temurning qabrini ochmaslik kerak, ochilsa – urush ruhi chiqadi”, deb aytdi. Bu gap yo 16 yoki 17-iyun 1941-yilda bo‘lgan edi. “Bu nimadan ma’lum?” deb so‘radim men. Chol kitobdagi yozuvni ko‘rsatdi va kulibroq, arabcha o‘qishni bilasizmi, deb so‘radi. Men bilaman deb javob berdim. Javobim suhbatdoshlarimni ajablantirdi, chunki biz bu vaqtda kirill imlosiga o‘tgan edik. Ular mendayin yosh yigit arabcha o‘qishni bilmaydi, degan fikrda edi. Men o‘z so‘zimda qattiq turib olgach, ular kitobni ko‘rsatdi va men haqiqatdan ham “Temur qabrini ochish mumkin emas, ochishsa urush ruhi chiqadi va qiyomat kunlar boshlanadi”, degan so‘zlarni o‘qidim” [2:6]. Bu so‘zlar qabr ochilishidan oldin aytilgan va qilingan bashorat edi. Tabiiyki, bu so‘zlar o‘z isbotini topdi. Sobiq Ittifoqqa fashistik Germanya armiyasi 21-iyundan 22-iyunga o‘tar kechasi kutilmaganda hujum qildi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, milliy tarix, madaniyat va buyuk ajdodlar merosini tiklashga katta e’tibor qaratildi. Bu jarayonda Go‘ri Amir maqbarasining holati va uning milliy madaniy merosdagi o‘rni alohida o‘rganildi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Go‘ri Amir maqbarasida keng ko‘lamli restavratsiya ishlari amalga oshirildi. 1996-yilda Amir Temurning 660 yilligining nishonlanishi doirasida maqbara qayta ta’mirlanib, uning tarixiy va me’moriy qiyofasi tiklandi. Ta’mirlash ishlari zamonaviy texnologiyalar asosida olib borildi va maqbaraning go‘zalligi va mustahkamligi asliga yaqin holatda qayta tiklandi.

Mustaqillik yillarida Go‘ri Amir nafaqat tarixiy obida, balki xalqaro miqyosda tanilgan sayyohlik markaziga aylandi. Dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar Amir Temur va temuriylar davri merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mustaqillikdan so‘ng Go‘ri Amir milliy tarixiy xotira va faxr manbai sifatida yangidan e’tirof etila boshladi. Mahalliy aholi va ziyoratchilar uchun maqbara muqaddas maskan sifatida qadrlanadi. Bu yerda Amir Temur va uning avlodlari xotirasiga hurmat bajo keltiriladi. O‘zbekiston hukumati Amir Temur shaxsiyatini milliy g‘urur va davlat suvereniteti ramzi sifatida ulug‘ladi. 1996-yil Amir Temur yili deb e’lon qilinishi va Samarqand shahrida Amir Temur xalqaro jamg‘armasi tashkil qilinishi bu yo‘nalishda amalga oshirilgan muhim qadamlar edi [6:387-388]. Shu jarayonda Go‘ri Amir maqbarasi mamlakatning tarixiy-madaniy merosini targ‘ib qilishning markaziy obidalaridan biriga aylandi.

Bugungi kunda Go‘ri Amir maqbarasi UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqandning qadimiy obidalaridan biri sifatida xalqaro e’tiborni tortmoqda. Amir Temur va temuriylar davri tarixini o‘rganish va targ‘ib qilish uchun muhim tadbirlar, xalqaro konferensiya va tadqiqotlar markazi bo‘lib xizmat qilmoqda. U O‘zbekistonning madaniy turizmini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Go‘ri Amir maqbarasi hozirga qadar nafaqat moddiy-madaniy meros sifatida rol o‘ynab, balki milliy o‘zlikni mustahkamlashning ramziga aylangan tarixiy obida hisoblanadi. Mazkur obida nafaqat tarixiy haqiqatni yoritishda, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosini avlodlarga yetkazishda ham muhim ahamiyatga egadir. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. “Amir Tеmurning milliy davlatchilik siyosati: tarix va hozirgi zamon” mavzusidagi Amir Temur tavalludining 670 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya materiallari. – T., 2006.
  2. Berdimurodov A. Go‘ri Amir maqbarasi: ilmiy – ommabop risola / T.Shirinov tahriri ostida. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1996.
  3. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – T., 1960.
  4. Vaxitov М.M., Mirzayev Sh.R. Me’morchilik (darslik). O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi. – T.: Tafakkur, 2010.
  5. Mo‘minov I. Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi. – T.: Fan, 1993.
  6. Jo‘rayev N., Fayzullayev T. Mustaqil O‘zbekiston tarixi. – T.: Sharq, 2000.
  7. OʻzME. Birinchi jild. – T., 2000.
  8. Герасимова М., Герасимова К., Михаил Герасимов: Я ищу лица. О восстановлении внешнего облика исторических лиц. – М.: Наука, 2007.
  9. Гений научной реставрации. Памяти М.М.Герасимова (110 лет со дня рождения) . Государственный Дарвиновский музей. www.darwinmuseum.ru (2017-yil 21-sentyabr). 2020-yil 16-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 3-yanvar.
  10. Милана Милана. Тайна гробницы Тимура проклятие Тамерлана. (ru).YouTube. 2020-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 5-yanvar.
  11. Матюшин Г.Н. Археологический словарь. Учебное издание. – М.: Просвещение, 1996
 Mastura SIDDIQOVA,
“Ipak yo’li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti dotsenti, PhD

Check Also

KONFERENSIYA ISHTIROKCHILARI IMOM BUXORIY MAJMUASINI ZIYORAT QILDI

Tas-ix: