Home / ALLOMALAR / XV-XIX ASRLARDA NAQSHBANDIYA TARIQATINING ZARAFSHONDAGI NAMOYANDALARI (2-qism)

XV-XIX ASRLARDA NAQSHBANDIYA TARIQATINING ZARAFSHONDAGI NAMOYANDALARI (2-qism)

Naqshbandiya tariqati namoyandalaridan biri Avliyo Xoja XVII asrda yashab oʻtgan. U haqda Samarqand qozikaloni Abu Tohir xoja “Samariya” asarida bunday yozadi: “Hazrat Xoja Avliyo mozori. Hazrat Xoja Ahror (sirlari muqaddas boʻlsin) madrasasiga boriladigan katta yoʻlning kunchiqarida, shahar ichida, xonaqoh mahallasidadir. Xoja Avliyo dahbedlik Mahdumi Aʼzam naslidan boʻlib, Bobo Zayniddin Hindiyga ham muridligi bor edi… Xoja Avliyo qabrining shimol tomonida oʻzga bir qabr bordir. Lekin kimniki ekanligi belgilik emas. Bu kishining qabri nurli va serbarakotdir”.

Xoja Avliyo Mahdumi Aʼzam avlodidan boʻlib, Avliyo xojaning otasi Majnun xoja, uning otasi Xoja Hoshim Dahbediy, uning otasi Muhammad Amin (Xoja Kalon), uning otasi Sayyid Ahmad xoja Kosoniydir.

Alouddin Muhammad Buxoriy tasavvufda bitta tariqat bilan cheklanib qolmagan. Uning naqshbandiya silsilasida ham ijozasi boʻlgan. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan Abu Bakr Siddiq orqali Abul Hasan Xaraqoniyga ulangan silsilai maʼnaviy, undan Shayx Abdulloh Ansoriyga, undan Xoja Abu Ali Farmadiyga, undan Muhammad Gʻazzoliyga, undan Xoja Yusuf Hamadoniyga yetgan. Undan Bahouddin Naqshband orqali Ahmad Sirhindiyga bogʻlangan. Undan Miyon Maʼsum Valiyga, undan Xoja Muhammad Siddiq Samarqandiyga, undan Shayx Xoja Nuriddinga, undan Sayyid Amir Zakariyoga, undan Sayyid Amir Olimga, undan xalifa Ashur Muhammad Todaniyga, undan Sayyid Mir Jaloliddin Muhammadga, undan Sayyid Alouddin Muhammad Husayniy Buxoriyga yetib kelgan.

Kubroviya va naqshbandiya tariqatlari vakili Alouddin Muhammad Buxoriy oʻz nasab shajarasini quyidagi tartibda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazgan: Sayyid Mir Jaloliddin ibn Sayyid Mir Olim ibn Sayyid Amir Zakariyo ibn Sayyid Amir Neʼmatulloh ibn Sayyid Amir Rahmatulloh ibn Sayyid Amir Bahodir ibn Sayyid Amir Iso ibn Sayyid Amir Abdulboriy ibn Sayyid Amir Shodi ibn Sayyid Amir Hoji (Kirmoniy) ibn Sayyid Amir Yusuf bin Sayyid Amir Baraka ibn Sayyid Amir Ahmad ibn sohibul ansob Sayyid Amir Ali Hamadoniy ibn Shahobiddin Muhammad Yusuf ibn Sayyid Amir Sharaf ibn Muhammad ibn Jaʼfar ibn Abdulloh ibn Husayn ibn Fotimai Zahro.

Uning naqshbandiya silsilasi otasi Jaloliddin, bobosi Zakariyo, katta bobosi Olim orqali Muhammad Siddiqqa, undan Muhammad Miyon Maʼsumga ulangan. Muhammad Siddiq boshqa manbalarda Musoxon xoja Dahbediyning shogirdi deb keltirilgan. Demak, Muhammad Siddiq Samarqandiyning naqshbandiya silsilasi Musoxon xoja Dahbediy (va uning ustozlari) orqali Ahmad Sirhindiyga ulanadi. Alouddin Muhammad va Nosiriddin Buxoriy maʼlumotiga koʻra, Muhammad Siddiq Miyon Maʼsum orqali Ahmad Sirhindiyga bogʻlangan. Yaʼni, Muhammad Siddiq Hindistonda boʻlganda Muhammad Miyon Maʼsumdan ijoza olgan. Keyinchalik Musoxon xoja Dahbediyga shogird boʻlib Movarounnahrga kelgan va ustozidan soʻng silsilani davom ettirgan.

Shayx Xoja Nuriddin – Mavlono Nafas Hisoriy nomi mashhur boʻlib, asli Koʻlobdan. Ilm olish maqsadida Buxoroga borgan. Muhammad Siddiqdan naqshbandiya taʼlimini Samarqandda olgan. Keyin umrining oxirigacha Buxoroda qolgan.

Muhammad Jaloliddinning “Mukoshiful asror” asarida Zarafshon vohasida Muhammad Husayn Buxoriyning oltmishdan ortiq shogirdi haqida maʼlumot keltirilgan. Sayyidquli Miyonkoliy ona tomondan xalifa Muhammad Husayn avlodidan boʻlgan. Zavq va hol sohibi boʻlgan.

Mir Shoh Samarqandiy tasavvuf taʼlimini Samarqandda olib, keyin Toshkentga borib tariqatni yuritgan. Asosan eʼtikof mutasaddisi boʻlgan. Xonaqohda imom xatib va kitobxonlik xizmatida faoliyat olib borgan.

Muhammad Sharif Buxoriy Buxoroda qozi askariy lavozimida ishlagan.

Abdurahmonbek Buxoro hukmdori bilan Xorazm yurishida qatnashgan.

Aflotun Buxoriy – Buxoro hukmdorining aʼlambardori boʻlgan. Qizilbosh hududida qirq kecha-yu kunduz hukmdorga yelkadosh boʻlgan.

Domla Hakimbek Buxoriy – Buxoro hukmdorining yaqinlaridan boʻlgan. Chelak hududlarida beklik lavozimida xizmat qilgan. Tariqat sabogʻini Muhammad Husayndan olgan.

Muhammad Yusuf xoja va Muhammad Yunus xoja Vobkandiy Mir Xurd va Mir Kalon mozorlarining mutavallilari boʻlgan.

Ibrohim xoja Buxoriy – Ziyouddin qalʼasiga qarashli Sultonobodda istiqomat qilgan.

Eshon Shokir xoja Sugʻonchiy muftiy lavozimida faoliyat olib borgan.

Rahmonberdi Buxoriy aqliy va naqliy ilmda dono boʻlgan.

Abdurahim xoja Ofarinkentiy – Shayx Xudoydod Valiy avlodidan. Shariat va tariqatga qatʼiy amal qilib, Kalomullohi sharifni kitobat qilish bilan maxsus shugʻullangan.

Ayub xoja Miyonkoliy tariqat taʼlimini olgach, ustozining koʻrsatmasi bilan Hoʻqandga borib, silsilani davom ettirgan. Keyin yetakchilikni oʻgʻli olgan.

Eshon Abdi xoja Miyonkoliy – dastlab Musoxon xojaga, keyin Xoja Kalon va undan soʻng Muhammad Husaynga shogird boʻlgan. Eshonxoja Dahbediy – Mahdumi Aʼzam Dahbediyning Xoja Kalon ismli oʻgʻlining avlodidan. Eshon Muhammad Tohir Dahbediy – Xoja Kalonning avlodi. Muhammad Oʻroq xoja Dahbediy – Maxdumi Aʼzam Dahbediy avlodlaridan boʻlib, koʻp yillar xonaqohda imom xatiblik qilgan.

Muhammad Sharif xoja Buxoriy – Atoulloh xoja shayxulislom Buxoriyning oʻgʻli.

Azizxoja Kattaqoʻrgʻoniy, Abdulloh xoja Vobkandiy, Aziz xoja Joʻshiy, Qosim xoja Ofarinkentiy, Eshon Hidoyatulloh xoja Sugʻonchiy, Iyoz Buxoriy, Domla Iyso Buxoriy, Eshon Aziz xoja Ofarinkentiy, Shoh Rustam xoja Samarqandiy, Gʻiyosiddin xoja Samarqandiy, Muhammad Solihxoja Karminagiy, Abdulhafiz xoja Karminagiy, Xoja Kalon xoja Buxoriy, Hasan xoja Buxoriy, Mirkomil Gʻulakandoziy kabi shogirdlari ham tasavvufning mashhur namoyandalari boʻlgani taʼkidlangan.

Muhammad Jaloliddinning “Mukoshiful asror” asari orqali Miyonkoliy, Karminagiy, Kattaqoʻrgʻoniy, Metaniy, Samarqandiy, Gʻijduvoniy, Buxoriy, Ofarinkentiy, Dahbediy, Vobkandiy, Sugʻonchiy, Sarmejiy nisbali 60 dan ortiq namoyandaning kelib chiqishi Zarafshon vohasi hududi nomi bilan bogʻliq ekani aniqlandi.

Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xoja – tafsir va hadis ilmida mohir boʻlgan, aqliy va naqliyda zamonasining nodir olimlaridan boʻlgan. Nuriddin Mahjuriyning “Tazkira”si xalifa Mirmuhammad Ibrohim xoja hayoti va faoliyatiga bagʻishlab yozilgan. Asarning “Taʼrixi qutbuz zamon va gʻavsi davron Hazrat Eshon xalifa Ibrohim (rahmatullohi alayh)” boʻlimida bunday deyildi: “Obid, zohid, olimlarning yoʻlboshchisi, qutbi olam, soliklarning maslagi, naqshbandiya suluki muqtadosi, asli shahzodalardan boʻlib, Kobul, Balx, Hirot va Badaxshon shaharlaridan Samarqandga kelgani aytib oʻtilgan. Ustozi “Bahouddin Naqshband tariqatidagi Mavlono Husayn” ekani nazmda taʼriflangan”.

Koʻpgina buzurgshayxlar qatorida boʻlgan Mirmuhammad Ibrohim xojaning mashhur toʻrt xalifa-shogirdi – Muhammad Amin xoja Dahbediy, Abdumalik xoja Gʻaziragiy, Eshon Valixon Urgutiy va Soʻfi xoja.

Muhammad Amin xojaning shogirdi Eshon Kattaxon xoja Dahbediy (1868-1969) boʻlgan.

Mahjuriy Muhammad Amin xoja (Eshon Boboxon nomi bilan tanilgan) haqida quyidagi misralarni bitgan:

“Bir olim zotning nomlarin keltirsak,
Taʼrixi Muhammad Amin tarjimon.
Aytinglarki, taʼrixi zaygʻi basar,
Yana oʻttizni bu kalomga qoʻshib.
Mo zogʻ soʻzi birla ishorat boʻldi zaygʻi oʻ,
Nazar solgin suxanning boshi ba sardor boʻldi.
Valekin man hasta mo zogʻ ro,
Al-basar birlan tarixin qildi duo.
Bilmasdim garchi xush nazar solmasam,
Yaqindan taʼrixi Muhammad Amin.
San bilgin buni bil mo zogʻ ro,
Ba al-basar torixi erur namo.
U misli oy kabi Paygʻambar avlodidur,
Mo zogʻ taʼrixi ham avlo erur”.

Bu misralarda yashirin boʻlgan tarix sanasi “zaygʻi basar – زيغ بصر” soʻziga oʻttizni qoʻshsak, yaʼni 1309+30=1339 hosil boʻladi. Demak, Muhammadaminxoja Dahbediy 1339/1920-yilda vafot etgan. Qusam ibn Abbos (Shohizinda) mozoriga dafn etilgan.

Eshon Valixon Urgutiy Chorchinor mavzeida koʻplab shogirdlar tarbiyalagan. Undan keyin farzandi va shogirdi Eshon Muhiddinxon Urgutiy silsilani davom ettirgan.

Sayyid Muhammad Yoʻldosh xalifa 1860-yili Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Jizmonsoyning Dara qishlogʻida tavallud topgan. 17 yoshida ustozi Muhiddinxon Urgutiy dargohiga borib, yigirma yetti yil taʼlim olgan. 1905-yili piridan ijoza olgach, umrining oxiriga qadar tariqat silsilasini yuritgan. Ibn Davlat taxallusi bilan ijod qilgan. 1934-1944-yillarda yozgan “Devon”i meros qolgan.

Zarafshon vohasida faoliyat olib borgan tasavvuf namoyandalari nasl-nasabi Abu Bakr, Umar, Usmon yoki Aliga ulanishi kuzatiladi. Juda boʻlmaganda, mashhur ulamo yo murshidga yetadi. Jumladan, Abu Bakr Siddiqning avlodi – Xoja Ahror Valiy, Olim shayx Azizon; Umar ibn Xattobning avlodi – Miyon Fazl Ahmad, Miyon Fazl Muhammadxon; Ali ibn Abu Tolibning avlodi – Bahouddin Naqshband, Alouddin Attor, Yaʼqub Charxiy, Hoji Habibulloh Buxoriy; Imom Molikning avlodi – Abduxoliq Gʻijduvoniy; Mavlono Orif Revgariyning avlodi – Xoja Ismatulloh.

Bu davrda naqshbandiylikning Soʻfi Ollohyor va Musoxon xoja Dahbediy tarmogʻidagi pirlar faoliyati bevosita Markaziy Osiyo ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-madaniy sohalarida muhim oʻrin tutganini koʻrish mumkin. Markaziy Osiyoda naqshbandiya tariqati pirlari faoliyati bevosita siyosiy jarayonlarda ham namoyon boʻlgani, oʻsha davr hukmdorlari bu silsila pirlariga yaqin boʻlgani, oʻzaro manfaatli aloqalar uzviyligi taʼminlanganini ham koʻrish mumkin. Silsila vakillari orasida turli tabaqaga mansub insonlar borligi tariqat faoliyati xalqchil boʻlganini namoyon etadi.

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI
  1. Abdurahmon Jomiy. Nafahotul uns. IBXITM qoʻlyozma fondi, inv №545.
  2. Alouddin Muhammad Buxoriy. Hujjatul komilin fi atvorus solikin. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv №4400/II.
  3. Abu Tohir xoja. – Toshkent: Kamalak.
  4. Jaloliddin Buxoriy. Mukoshiful asror. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv: № 2085.
  5. Irshodnoma. Qoʻlyozma. Forscha. XIX asr. Mavlono Ibrohim xoja avlodi Saida Qayumova xonadonida saqlanadi.
  6. Kattayev K (1994). Maxdumi Aʼzam va Dahbed. – Samarqand: Soʻgʻdiyona.
  7. Kattayev K (2016). Maxdumi Aʼzam Dahbediy tarixi va mukammal dahbediylar tariqati. – Toshkent: Mashhur-Press.
  8. Kattayev K. (2017). Tasavvuf allomalari. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom.
  9. Karimov E. (2003). Xoʻja Ahror (hayoti va faoliyati). – Toshkent: Maʼnaviyat.
  10. Mavlono Muhammad Mahjuriy. Tazkirai olimoni Samarqand. Qoʻlyozma. Tojikcha. – Samarqand Davlat muzeyi qoʻlyozmalar fondi inv. №5653/2.
  11. Mirzo Junaydulloh Hoziq. (1326/1906). Qoʻlyozma, fors tilida OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, inv № 3021.
  12. Nosiriddin Buxoriy. (1324/1916). Tuhfatuz zoyirin. –
  13. Navroʻzova G. (2019). Bahouddin Naqshband: manbalar tahlili. – Toshkent: Sano-standart.
  14. Naqshbandiya tariqatiga oid qoʻlyozmalar fihristi (1993). – Toshkent: Movarounnahr.
  15. Roqimiy Samarqandiy. (1998). Tarixi tomm. – Toshkent: Maʼnaviyat.
  16. Sayyid Muhammad Davlat. (2022). – Samarqand: Mahorat.
Mexrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

TAʼRIFI “HAYRATUL ABROR” GA KIRGAN ALLOMA

Mamlakatimizda ulugʻ allomalarimiz hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq etish va ommaga keng targʻib qilish uchun …