Naqshbandiylar oʻzi faoliyat koʻrsatgan hududlardagi ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-madaniy hayotda muhim oʻrin tutgan. Hukmdor va amaldorlar tariqat murshidlariga ixlos qoʻygani tufayli ularning mavqei mustahkamlanib borgan. Natijada bu holat obodlik va yurt ravnaqi uchun shogird-u ixlosmandlar koʻmagi bilan masjidu madrasalar, xonaqohlar barpo etib, xalqning ijtimoiy-maʼnaviy hayoti yaxshilanishiga turtki bergan.
Bahouddin Naqshband 1389-yilda vafot etganidan soʻng tariqat yoʻlini davom ettirish masʼuliyati Alouddin Attor zimmasiga tushadi. Uning asl ismi Muhammad ibn Muhammad Buxoriy boʻlib, Xorazmda tavallud topgan. Nosiruddin Buxoriy “Tuhfatuz zoyirin” asarida quyidagi shajarani taqdim etgan: “Sayyid Muhammad ibn Sayyid Amir Muhammad Buxoriy ibn Sayyid Abdulloh Zarbaxsh ibn Sayyid Ahmad ibn Sayid Abu Bakr ibn Sayid Qosim ibn Sayid Husayn ibn Sayid Muso ibn Sayid Abdulloh ibn Sayid Muhammad Shahid ibn Sayid Abdulaziz ibn Sayyid Jaʼfar ibn Sayid Abdulhaq ibn Sayyid Mujtabo ibn Sayid Muhammad kabir ibn Sayid Ibrohim Rizo ibn Imom Ali Muso Rizo orqali toʻrtinchi xalifa Hazrati Aliga yetadi”.
Alouddin Attorga oid maʼlumotlar Mavlono Yaʼqub Charxiy, Saloh ibn Muborak, Muhammad Porso, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Faxriddin Ali Safiy kabi mualliflar asarlarida tarqoq holda uchraydi.
Abdurahmon Jomiy bergan maʼlumotga koʻra, Alouddin Attor 802/1400-yil 20 rajab/16-mart chorshanba kuni xufton namozi vaqtida vafot etgan va qabri Deh Navchagʻaniyondadir (Abdurahmon Jomiy, 254b-sahifa).
Alouddin Attor ilmiy faoliyatining muhim jihati shuki, u Bahouddin Naqshband haqida bitilgan asarlarning sababchisi va tartibga soluvchisi boʻldi. Xususan, Muhammad Porsoning mashhur “Risolai qudsiya” (“Pok kalimalar jamlangan risola”), Muhammad Boqirning “Maqomoti Xoja Naqshband” (“Xoja Naqshband maqomlari”), Mavlono Yaʼqub Charxiyning “Risolai unsiya” (“Doʻstlik haqida risola”), Salohiddin ibn Muborakning “Anisut tolibin va uddatus solikin” (“Toliblar doʻsti va soliklar yarogʻi”) risolasi kabi asarlar uning tufayli dunyoga kelgan.
Alouddin Attor ustozi Bahouddin Naqshband vafotidan keyin tariqatni turli buzgʻunchi qarashlardan, ziddiyatli tahdidlaridan himoya qilgan. Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik haqida yoziladigan barcha kitoblarni sinchiklab oʻrganib chiqib, kitob qilish uchun turli mualliflarni jalb etgan.
Uning Xoja Hasan Attor, Xoja Abdulloh Imom Isfahoniy, Shayx Umar Moturidiy, Mavlono Ahmad Maska, Darvesh Ahmad Samarqandiy, Sayid Sharif Jurjoniy, Nizomiddin Xomush, Shayx Abdurazzoq, Mavlono Abusaid Balxiy, Yaʼqub Charxiy kabi shogirdlari boʻlgan.
Yaʼqub Charxiy ibn Usmon ibn Mahmud Gʻaznaviy (taxminan 1363-yilda) Gʻazna yaqinidagi Charx qishlogʻida tavallud topgan. 1380-yilda Buxoroda Bahouddin Naqshbandga shogird tushgan. Keyinchalik Xoja Alouddin Attorning xizmatiga kirgan. Tasavvuf, fiqh, tafsirga doir oʻndan ortiq asar yozgan. Bugungi kunda ulardan yettitasi maʼlum: “Tafsiri Charxiy”, “Risolai unsiya” (“Doʻstlik haqida risola”), “Risolatul abdoliya” (“Abdol (avliyolar, valiylikning yuqori darajasiga chiqqan soʻfiy)lar haqida risola”), “Risola dar siyrati Mustafoviya va tariqai mustaqimiya” (“Mustafoning siyratlari va toʻgʻri yoʻllar haqida risola”), “Risola dar ilmi faroiz” (“Meros haqida risola”), “Risola dar aqoid” (“Aqoid ilmi haqida risola”), “Risola fil hisob val faroiz” (“Hisob va meros) taqsimi haqida risola”), “Muxtasar dar bayoni silsilai naqshbandiya” (“Naqshbandiya suluki haqida qisqacha risola”), “Sharhi asmoulloh” (“Alloh ismlarining sharhi”), “Sharhi nuvadu nuh nom” (“Toʻqson toʻqqiz goʻzal ismning sharhi”), “Faroizi manzuma” (“Farzlar haqida nazmiy risola”).
1400-1447-yillar davomida naqshbandiylik tariqatini boshqargan Yaʼqub Charxiy Movarounnahr va Xurosonda naqshbandiya tariqati taʼlimotining keng yoyilishiga ulkan hissa qoʻshgan.
Xoja Muhammad Porso nomi bilan mashhur boʻlgan Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiz Buxoriy (746-822/1345-1420) Markaziy Osiyo tasavvuf ilmi rivojining islohotchilaridan boʻlgan. Porso (dindor) laqabini unga ustozi Bahouddin Naqshband bergan.
Allomaning yigirmaga yaqin asari mavjud. Ular orasida “Risolai qudsiya”, “Avsofi qudsiyai mashoyixi tariqat” (“Tariqat mashoyixlarining qudsiy kalimalari”), “Risola dar odobi murid”, “Eʼtiqodot”, “Risolai mahbubiya” (“Doʻstlik haqida risola”), “Risolai kashfiya” (“Karomatlar haqida risola”), “Muxtasari tarixi Makka” (“Makkai mukarramaning qisqacha tarixi”), “Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband”, “Haftodu du firqa” (“Yetmish ikki firqa”) kabi asarlar qatorida “Maqomoti Xoja Alouddin Attor” kitobi ham bor.
Xoja Ubaydulloh Mahmud xoja oʻgʻli – Ahror Valiy nomi bilan mashhur. 806/1404-yil ramazon/mart oyida Shosh/Toshkentning Bogʻistonida dunyoga kelgan. Otasi Xoja Mahmud va bobolari maʼrifatli kishilar boʻlib, ziroat va tijorat bilan shugʻullangan. Ona tomonidan Shayx Xovandi Tohurga borib ulanadi.
22 yoshida togʻasi Ibrohim Shoshiy tahsil uchun Samarqandga olib boradi. U yerda Mavlono Qutbiddin Sadrning madrasasida oʻqiydi. 1428-yili Hirotda Sayid Qosim Tabriziyning dargohida tahsilni davom ettiradi. Shu tariqa Chagʻoniyon mavzeida yashovchi Yaqub Charxiy huzuriga borib qoladi va tasavvuf sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganadi. Alisher Navoiyning “Nasoyimul muhabbat” asarida “Xoja Ubaydulloh Xuroson mashoyixlari Hazrati Mir Sayyid Qosim Anvor, shayx Bahouddin Umar, shayx Zayniddin Xavofiy, Mavlono Muhammad Asad, Mavlono Saʼdiddin Qoshgʻariy, Movarounnahr mashoyixlari Xoja Muhammad Porso, Xoja Abu Nasr, Mavlono Nizomiddin Xomush suhbatida boʻlib, Mavlono Yaʼqub Charxiydan” irshod va tarbiya topgani bayon etilgan.
29 yoshida Toshkentga qaytib, dehqonchilik bilan mashgʻul boʻladi. Xalq orasida ancha tanilgandan soʻng, 1450-yildan keyin Samarqandga boradi.
Xoja Ahror Valiy odamlarni rom qiluvchi rivoyatlarni, ilmi fiqh va ruboiyotlarni, tafsir va hadislarni yaxshi bilgan. Uning hayot yoʻli va fazilatlarini bayon qiluvchi tarixiy asarlar orasida eng birinchilardan boʻlib yozilgani “Masmuot”dir (“Eshitilgan narsalar”). Uni kuyovi va izdoshi Mir Abdulavval Nishopuriy XV asr oxirlarida bitgan. Unda Muhammad sollallohu alayhi vasallam va choryorlardan Xoja Ahror Valiy yashagan davrgacha boʻlgan tasavvuf silsilasi, sulukning eng ulugʻ namoyandalari hamda Xojaning temuriylar sulolasi bilan munosabatlari bayon qilingan.
Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy naqshbandiya tariqatining eng buyuk murshidlaridan biri boʻlib, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotda katta iz qoldirgan. Uning buyuk xizmatlaridan biri naqshbandiylikni islom olamidagi eng ulugʻ silsilalardan biriga aylantirganidir. Ayni paytda tasavvuf tarixida birinchi boʻlib, xalq ravnaqi yoʻlida tariqatni siyosatga, hukmdorlarga taʼsir koʻrsatuvchi amaliyotga aylantirgan.
Xoja Ahror Valiy oʻz davrida Mavlono Sulton, Xoja Muhammad Yahyo, Burhoniddin Xatloniy, Xoja Muhammad Ubaydulloh, Sayfiddin, Mavlono shayx, Ismoil Hiraviy, Ismoil Qamariy, Nosiriddin Oʻtroriy, Mavlono Jaʼfar, Lutfulloh, Xoja Ali Toshkandiy, Nuriddin Toshkandiy, Mahmud Xoja Turkistoniy, Mavlono Oʻtroriy, Shayx Habib Buxoriy, Sayyid Hasan, Muhammad Qozi, Muhammad Qosim, Xoja Muhammad Zohid kabi shogirdlarni tarbiyalagan. Muridlari Movarounnahr va Xuroson boʻylab naqshbandiya taʼlimotini yoygan. Yangi-yangi markazlar shakllanishiga sabab boʻlgan.
Mavlono Muhammad Qozining toʻliq ismi Muhammad ibn Burhoniddin Miskiniy Samarqandiydir. Otasi Burhoniddin Qozi Imodiddinning yaqinlaridan boʻlgani uchun ham oʻgʻliga “Qozi” nisbasini bergan.
Muhammad Qozi boshlangʻich taʼlimni mukammal egallaganidan soʻng tasavvufga mayli kuchayib, Xurosonga otlanadi. 885/1480-yili Samarqandda Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy bilan uchrashadi. Oʻn ikki yil uning xizmatida boʻladi. Ustozidan irshod huquqini olib, vafoti (1515-yil)ga qadar naqshbandiya tariqatini yurgizadi.
Sayyid Ahmad xoja (Mahdumi Aʼzam Dahbediy) Kosoniy Mavlono Mir Sayyid Ali huzurida sarf-nahv ilmini qunt bilan oʻrganadi. Keyin tasavvufga ragʻbat sezib, ustozi Mavlono Mir Sayyid Alining maslahati bilan Xoja Ahror Valiyning Toshkentda yashayotgan eng yaqin shogirdi va xalifasi Mavlono Muhammad Qozi huzuriga borib, qoʻl beradi va eng uning suyukli shogirdiga aylanadi.
Mahdumi Aʼzam Dahbediy va (uning shogirdi) Mavlono Xurd azizonning shogirdi boʻlgan Muhammadshoh (Mulla Poyanda) Axsikatda dunyoga kelgan. Toʻliq ismi – Muhammad ibn Mir Darvesh Muhammad ibn Mir Obid Husayn Axsikatiy Abbosiy. Toshkent, Samarqand va Buxoro madrasalarida tahsil olgan.
Boqiy Muhammad Shikoriy Fanoiy Buxoriyning “Maqomotul orifin” (“Maʼrifat egalarining maqomoti”) asarida ustozi Mulla Poyandaning tarjimayi holi yozilgan. Mulla Poyanda 1596-yili Fayzobodda xonaqoh qurdirgan. Buxoroning Samarqand koʻchasida masjid (Shoh Axsi jomeʼsi), ikki qavatli maktab, gumbazli tahoratxona barpo ettirgan. Shoh Axsi masjidining nomi u joylagan hududga ham berilgan. Shuningdek, Fayzoboddagi xonaqoh ayni nomni olgan.
Mulla Poyandaning huzurida Mavlono Mastiy, Oxund Kamoliddin Vaganzaviy, Muhammad Qosim Buxoriy, Shoh Muhammad Sarrof, Amir Avaz, Mir Rahmatulloh, Muhammad Yusuf, Qozi Mahmud, Xoja Muhammad Shirin, Mirzo Bargiy, Mavlono Solih, Darvesh Muhammad Mirobodiy, Xoja Muqim, Shayx Muzaffar, Shayx Siroj, Mirzojon qori, Xoja Hamdiy Romitaniy, Mavlono Muhammad Kalon Novkadiy Toshkandiy, Mavlono Ibrohim Kalon, Nazar Toshkandiy, Xoja Burhoniddin Zandanaviy, Muhammad Maksoniy, Abdurahim qori, Avaz Nasafiy, Mir Hoshim Manoriy, Sayid Jorulloh Karminiy, Shoh Muhammad Kotib, Hoshim Devona, Amir Hoshim Tabib, Hoji Muhammad, Boltavoy Miyonkoliy, Muhammad Solih Miyonkoliy, Solih Xaraqoniy, Boqiy Masnaviyxon kabi shogirdlar tarbiya olgan.
davomi bor…
-
Abdurahmon Jomiy. Nafahotul uns. IBXITM qoʻlyozma fondi, inv №545.
-
Alouddin Muhammad Buxoriy. Hujjatul komilin fi atvorus solikin. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv №4400/II.
-
Abu Tohir xoja. – Toshkent: Kamalak.
-
Jaloliddin Buxoriy. Mukoshiful asror. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv: № 2085.
-
Irshodnoma. Qoʻlyozma. Forscha. XIX asr. Mavlono Ibrohim xoja avlodi Saida Qayumova xonadonida saqlanadi.
-
Kattayev K (1994). Maxdumi Aʼzam va Dahbed. – Samarqand: Soʻgʻdiyona.
-
Kattayev K (2016). Maxdumi Aʼzam Dahbediy tarixi va mukammal dahbediylar tariqati. – Toshkent: Mashhur-Press.
-
Kattayev K. (2017). Tasavvuf allomalari. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom.
-
Karimov E. (2003). Xoʻja Ahror (hayoti va faoliyati). – Toshkent: Maʼnaviyat.
-
Mavlono Muhammad Mahjuriy. Tazkirai olimoni Samarqand. Qoʻlyozma. Tojikcha. – Samarqand Davlat muzeyi qoʻlyozmalar fondi inv. №5653/2.
-
Mirzo Junaydulloh Hoziq. (1326/1906). Qoʻlyozma, fors tilida OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, inv № 3021.
-
Nosiriddin Buxoriy. (1324/1916). Tuhfatuz zoyirin. –
-
Navroʻzova G. (2019). Bahouddin Naqshband: manbalar tahlili. – Toshkent: Sano-standart.
-
Naqshbandiya tariqatiga oid qoʻlyozmalar fihristi (1993). – Toshkent: Movarounnahr.
-
Roqimiy Samarqandiy. (1998). Tarixi tomm. – Toshkent: Maʼnaviyat.
-
Sayyid Muhammad Davlat. (2022). – Samarqand: Mahorat.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





