Home / MAQOLALAR / ZIYORATGOHLARDA SUVGA TANGA TASHLASH ODATI

ZIYORATGOHLARDA SUVGA TANGA TASHLASH ODATI

Islom dinida har qanday amal Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz hadislarida kelgan koʻrsatmalar asosida savob va gunohga ajratiladi. Qaysi bir ishga buyurilgan yo targʻib qilingan boʻlsa, oʻsha savob deb qaraladi, qaysi biridan qaytarilgan yoki  gunoh deb aytilgan boʻlsa, oʻsha gunoh deb qaraladi. Dinimizda har bir ibodat va amalning oʻz oʻrni va qoidasi bor.

Inson nazdida yaxshi ish, savobli amal deb koʻrilgan ayrim narsalar dinimizda qaytarilgan, gunoh amallardan deb sanalishi ham mumkin. Shunday ishlardan biri ziyoratgohlarda hovuz yo chashmalar suviga tanga tashlash odatidir.

Suvga tanga tashlash odatining islomga aloqasi yoʻq. Bu koʻproq qadimgi xalqlar eʼtiqodiga xos boʻlib, “niyat amalga oshadi”, “orzular ushaladi”, “omad keladi” degan tushunchalar bilan bogʻliqdir. Islom dinida bunday irim-sirimlar maʼqullanmaydi.

Ziyoratgohlar (qabrlar, muqaddas joylar)dagi chashma va hovuzlarga tanga tashlash islom eʼtiqodi nuqtayi nazaridan qaytarilgan amallardan sanaladi.

Aslida masjid va ziyoratgohlardagi bu hovuzlar tanga tashlash uchun emas, balki tashrif buyurgan insonlarning tahorat qilishi uchun barpo etilgan. Islomda oqar suvga undagi baliqlarga ozuqa boʻlishga yaramaydigan narsalar tashlash va suvni ifloslantirishdan qattiq qaytarilgan. Afsuski, ayrim insonlar ziyoratgohlarga borib, oʻsha joydagi hovuz yo chashmaga  “niyatim ushalsin”, “orzuyim amalga oshsin”, deya tanga tashlaydi.

Bunday amallar islom aqidasiga mutlaqo zid boʻlib, shirkka yaqin katta gunoh hisoblanadi. Chunki, foyda ham, zarar ham faqat Allohdandir. Narsalarni mustaqil taʼsir kuchiga ega deb ishonish va ulardan hojatini soʻrash notoʻgʻri eʼtiqoddir. Bu haqda Alloh taolo Yunus surasining 106-107-oyatlarida bunday deb ogohlantiradi: 

﴿وَلاَ تَدْعُ مِن دُونِ اللَّهِ مَا لاَ يَنفَعُكَ وَلاَ يَضُرُّكَ فَإِن فَعَلْتَ فَإِنَّكَ إِذًا مِّنَ الظَّالِمِينَ  (106) ﴿ وَإِن يَمْسَسْكَ اللَّهُ بِضُرٍّ فَلاَ كَاشِفَ لَهُ إِلاَّ هُوَ وَإِن يُرِدْكَ بِخَيْرٍ فَلاَ رَادَّ لِفَضْلِهِ يُصِيبُ بِهِ مَن يَشَاء مِنْ عِبَادِهِ وَهُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ (107)

“Allohdan oʻzgaga aslo duo qilma, Allohdan boshqasi senga foyda ham, zarar ham bera olmaydi. Agar ularga duo qilsang, nohaqlik qiluvchi — zolimlardan boʻlasan. Agar Alloh senga bir zarar yetkazsa, uni Oʻzidan boshqa ketkazuvchi yoʻq. Agar yaxshilik iroda qilsa, Uning fazlini qaytaruvchi yoʻq.”

Alloh taolo dunyo va oxirat ishlarida faqat Oʻzidan yordam soʻrashga buyurib, Fotiha surasida biz musulmonlarga bunday taʼlim beradi: «“Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam soʻraymiz”, deb aytinglar». Musulmon kishi eʼtiqodi mana shu mezon asosida boʻlishi lozim.

Demak, suv, tanga va boshqa narsalar inson taqdiriga mustaqil taʼsir qila olmaydi. Bunday amallar dinda asosi yoʻq, yuqorida aytilganidek, islomga zid boʻlgan bidʼat amaldir. Aksincha, bu kabi amallar insonni shirkka yetaklovchi vositaga aylanishi mumkin.

Shu oʻrinda aytish mumkinki, bu ish hech qanday eʼtiqodsiz, shunchaki bajarilgan boʻlsa, molni behudaga sarf qilish hisoblanadi.

Agar insonning biror orzusi boʻlsa, u Allohga ixlos bilan duo qilsin,   sadaqa bersin, solih amallar bilan mashgʻul boʻlsin. Bu esa dinimizga muvofiq toʻgʻri yoʻldir.

عن أبى هريرة : قال النبي ﷺ: »  ادْعُوا اللهَ وأنتمْ مُوقِنُونَ بالإجابةِ، واعلمُوا أنَّ اللهَ لا يَستجيبُ دُعاءً من قلْبٍ غافِلٍ لَاهٍ. هذا حديث صحيح رواه الترمذي (3479)،

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga duo qilinglar, duolaringiz ijobat boʻlishiga ishonib duo qilinglar. Bilinglarki, albatta, Alloh taolo gʻofil beparvo qalbdan duoni qabul qilmaydi”, deganlar. Ushbu hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam duo qilish odobiga ishora qilmoqdalar. Yaʼni, inson ixlos va ishonch bilan duo qilishi kerak. Shunda duo haqiqiy maʼnoda qabulga yaqin boʻladi.

Boshqa bir hadisda bunday deyiladi:

عن الحسن البصري مرسلا: حصنوا أموالكم بالزكاة، وداووا مرضاكم بالصدقة، واستقبلوا أمواج البلاء بالدعاء والتضرع.

Hasan Basriy rohimahullohdan mursal holda rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Molu davlatingizni zakot bilan himoya qilinglar, bemorlaringizni sadaqa bilan davolanglar. Balolar toʻlqinini duo va tazarruʼ (iltijo) bilan qarshi olinglar!”, dedilar. Hadisda sadaqa va ehson qilish hatto bemorlar dardiga davo boʻlishi aytilmoqda. Shunday ekan biz oʻz mablagʻimizni yuqorida aytilgan bidʼat amallarga emas, balki biror ehtiyojmandga sarflasak maqsadga muvofiqdir. Ana shunda niyatlar amalga oshib, orzular ushaladi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ziyoratgohlarda suvga tanga tashlash odati islomda asosi mavjud boʻlmagan amal hisoblanadi. Ixlos bilan qilinganda esa, inson eʼtiqodiga salbiy taʼsir qiluvchi yanada xatarli ishga aylanadi. Agar shunchaki qilinsa ham bu notoʻgʻri ish sanalar ekan. Chunki, inson ehtiyoji uchun zarur boʻlgan va moddiy qiymatga ega narsalarni suvga tashlash isrof sanaladi. 

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Inson vafotidan keyin ham savobi yetib turadigan amallar

Bir hadis sharhi Inson bu dunyoda mehmon, har bir jon egasi bir kun kelib bu …