Home / FOTO LAVHALAR / “Islomda madaniy muloqot va diplomatiyaning ahamiyati”

“Islomda madaniy muloqot va diplomatiyaning ahamiyati”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida shu mavzuga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda AQSHdagi Sivilizatsiyalar almashuvi va hamkorlik fondi (CECF) prezidenti Imom Muhammad Bashar Arafot hamda amerikalik tadqiqotchi va mashhur publisist Jon Kizer Markaz ilmiy xodimlari, Hadis ilmi maktabi rahbariyati va talabalari bilan bugungi globallashuv davrida diniy bagʻrikenglik va madaniy diplomatiyaning oʻrni haqida muhim mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

Muhammad Bashar dastavval oʻz tashkilotining xalqaro tajribasiga toʻxtalib, madaniy diplomatiyaning oʻziga xos jihatlariga eʼtibor qaratdi. U tashkilot faoliyatining bosh maqsadi turli xalqlar va dinlar vakillari oʻrtasida ilmiy-amaliy tajriba almashish orqali oʻzaro ishonch koʻpriklarini qurish ekanini taʼkidladi.

Notiqning fikricha, madaniy muloqotga siyosiy jarayonlardan ayro holda, sof insoniylik va yaxshilik ulashish vositasi sifatida qarash lozim. U dunyoning qaysi nuqtasiga bormasin, doimo madaniy aloqalarga asosiy urgʻu berishini bildirdi. Hozirgi davrda texnologik yutuqlardan koʻra, insonning inson bilan samimiy muloqotga kirishishi muhimroq ekaniga urgʻu berdi. Shuningdek, Imom Buxoriydek buyuk allomalarning merosi nafaqat musulmonlar, balki butun insoniyat uchun oʻzaro hurmat va yuksak odob-axloq mezonlarini belgilab berishini qayd etdi.

Amerikalik tadqiqotchi va mashhur maqolalar muallifi Jon Kizer xalqaro institutlarning islom qadriyatlari boʻyicha aloqalarini rivojlantirish zarurati haqida soʻz yuritdi. U koʻp yillik ilmiy izlanishlari va kuzatuvlariga tayanib, dunyodagi yirik xalqaro tashkilotlarning musulmon olamidagi ilmiy qatlam bilan aloqalari zamon talabi darajasida faol emasligini afsus bilan taʼkidladi.

Jon Kizer islom diplomatiyasi va uning maʼnaviy asoslarini tushunmasdan turib, global tinchlikka erishish mushkul ekanini bayon qildi. 2024-yildan Oʻzbekiston bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik doirasida Markaz xodimlari va Hadis ilmi maktabi talabalari bilan uchrashib turganidan mamnunligini izhor etdi. Tadqiqotchining fikricha, haqiqiy diplomatiya nafsni illatlardan poklash va boshqalarga mehr-muhabbat bilan yondashishdan boshlanadi. CECF taklif etayotgan grant loyihalari ana shunday ilmiy-maʼnaviy almashuvni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Tadbir yakunida mehmonlar ishtirokchilarning savollariga javob berar ekan, xalqaro madaniy muloqotni faollashtirishda Oʻzbekistonning boy tarixiy va ilmiy salohiyati muhim oʻrin tutishini eʼtirof etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

OAV vakillari eʼtirofi: “Markaz – Yangi Oʻzbekistonning maʼrifiy yuzi”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlari, taniqli jurnalistlar va media ekspertlar …