Home / ALLOMALAR / Samarqand ziyoratgohlari turkumidan / SOʻFI OLLOHYOR BUNYOD ETGAN MADRASA

SOʻFI OLLOHYOR BUNYOD ETGAN MADRASA

Samarqandda saqlanib qolgan madrasalardan Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori kabi meʼmoriy obidalar shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi. Ushbu madrasalardan tashqari, turli davrlarda mazkur shaharda oʻnlab madrasa faoliyat koʻrsatgan. XVIII-XIX asrlarda Samarqandda barpo etilgan va faoliyat koʻrsatgan madrasalar haqida toʻxtalib oʻtsak.

Soʻfi Ollohyor tomonidan hozirgi Choʻnqaymish qishlogʻi va uning atroflarida masjid, xonaqoh va talabalarga dars beriladigan maxsus madrasa ham barpo etilgan. Bu haqda arxeolog olim V.Vyatkin [2] (Ollohquli oʻgʻli Ollohyor oʻtarchi tomonidan barpo etilgan) Anhor tumani Onaziyorat mavzesidagi madrasa va masjid [Anazirat qishlogʻiga kirishdagi yoʻlning oʻng tomonida muallim Hasan akaning uyi, chap tomonida Soʻfi Ollohyor masjidi devorlarining oʻrni saqlanib qolgan; 3] vaqf hujjatlarini qayd etadi.

Onaziyoratda joylashgan madrasaga tegishli vaqf hujjati rabiul oxir oyida 1123/1711-yili yozilgan, madrasaga tegishli ikkinchi vaqf hujjati jumadul oxir oyida 1123/1710-yili yozilgan, uchinchi vaqf hujjati Onaziyoratda joylashgan masjidga tegishli boʻlib, zulhijja oyida 1124/1711-yili yozilgan [2:5].

Mazkur vaqf hujjati Soʻfi Ollohyor hayotlik chogʻida yozilgan, tarixiy noyob manba – masjid, xonaqoh, madrasa – Choʻnqaymishdagi ilmu maʼrifatni bevosita aks ettiruvchi hujjatlardan biridir.

Vaqf hujjati OʻzRMDA fondida Samarqand viloyat boʻlimi (18), 1-roʻyxat, 9828-ishda saqlanmoqda [Mazkur vaqf (OʻzRMDA fondida) ilk bor koʻrilganda) hujjatni Soʻfi Ollohyor yozgan, yo boʻlmasa, biron bir xattotga yozdirgan boʻlsa kerak degan, xulosaga kelgandik. Chunki, tarixiy hujjat matni Soʻfi Ollohyor davrida yozilgan va allomaning nazari tushgan, bugungacha saqlanib qolgan, nodir manbalardan biri hisoblanadi].

Mazkur ish jami 1-13 (a-b) varaqdan iborat boʻlib, Samarqand qogʻoziga, nomaʼlum xattot tomonidan nastaʼliq xatida, fors-arab tilida yozilgan.

1893-yilda Choʻnqaymish madrasasi mutavallisi Siddiq xoja ibn Ismoil xoja tomonidan yozilgan arizada 3 ta vaqf hujjatini 1887-yilda Samarqand uyezdi hokimi farmoyishiga koʻra topshirilganini aytib, ushbu vaqf hujjatlari haqida soʻrab murojaat qilgan va oxirida imzo oʻrniga “Siddiq xoja ibn Ismoil xoja”, deb yozilgan muhr urilgan.

Ushbu hujjatning 5-13 a-b varaqlarida rus tilidagi tarjimasi keltirilgan va 13-14-iyul 1893-yil sanasi qayd etilgan [10:5-13 a-b]. 2, 3, 4-varaqlarida yuqorida qayd etilgan uchta vaqf hujjati oʻrin olgan. Vaqf hujjatlari deyarli yaxshi saqlangan.

4-varaqdagi vaqf hujjati Soʻfi Ollohyor madrasasiga tegishli boʻlib, hujjatning boshidan olti qatori yozuvi shikastlangan, ayrim qismlari yoʻq. Allohga hamdu sano, paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot va aziz zotlarga salomlardan soʻng, 1123-yil rabius soniy oyida shariatpanoh, diyonati osor Azizon Soʻfi Ollohyor ibn Ollohquli Oʻtarchi tomonidan oʻziga tegishli Choʻnqaymish qishlogʻidagi sugʻoriladigan va sugʻorilmaydigan yerlarni bir qancha shartlari bilan vaqf qilingani qayd etilgan.

Mazkur Choʻnqaymish qishlogʻida sugʻoriladigan va sugʻorilmaydigan yerlarning vaqf chegarasini belgilab, gʻarbdan Koʻtal bulogʻ, Kabutarxona, shimoldan Qizqoʻrgʻondan to Taxtgohgacha, sharqdan Choʻnqaymishdagi Namozgohdan to Taxtgohgacha, janubdan Koʻtarma sangtuz, bir qismi Qoʻshqoʻrgʻondan to Obibalandgacha joylashgani aytilgan.

Shuningdek, Samarqand viloyati Yangi Anhor nohiyasidagi Onaziyorat mavzesida joylashgan madrasa chegaralarini ham belgilab, gʻarbdan Qoʻrgʻon, shimoldan Mullo Toshmuhammad mahallasi bilan, sharqdan Mullo Xudoyberdi mahallasi chegara ekani taʼkidlangan. Hujjatning davomida vaqf shartlariga amal qilish lozimligi alohida belgilab qoʻyilgan.

Choʻnqaymish madrasasi oʻnta hujra va bitta darsxonadan iborat boʻlgan.

Choʻnqaymishdagi madrasa (va boshqa madrasalar) murabbiy (mudarris)lari bolalarni oʻqish va yozishga oʻrgatgan hamda ularni axloq-odobli kishilar qilib tarbiyalagan. Bu esa, qadimdan oʻlkada majburiy boshlangʻich taʼlim mavjud boʻlgani haqida guvohlik beradi. Xonlar davrida “qozi-rais” deb ataluvchi mansabdor shaxslar ota-onalarning farzandlarini maktabga berishini nazorat qilgan [8:33-34].

Oʻquvchilarning darslarga uzluksiz qatnashishi doimo qattiq nazoratga olingan. Jumladan, oʻquvchi uzrli dars qoldirsa, oʻqituvchi boshqa bir oʻquvchini yuborgan va shunda ham darsga kelmasa, oʻquvchining otasini bundan xabardor qilgan [8:54]. Bu albatta oʻsha vaqtlarda taʼlim tizimiga boʻlgan eʼtiborning nihoyatda yuqori ekanidan dalolat beradi. Bir tomondan ota-onalar nazorat qilgan, ikkinchi tomondan taʼlim maskanidagi ustozlar ham katta masʼuliyat bilan yondashgan. Bunda mazkur jarayonning qatʼiy talablar asosida olib borilganini koʻrish mumkin.

Soʻfi Ollohyor tomonidan Choʻnqaymish mavzesida tashkil etilgan madrasada taʼlim olgan talabalar agar sababsiz ikki oyu oʻn kun dars qoldirsa, madrasa mutavallisi ushbu oʻquvchi oʻrniga yangi talaba olishi mumkin edi. [10: 4b varaq]. Bu bir tomondan madrasada taʼlim oluvchilarga qoʻyilgan qatʼiy talab boʻlsa, ikkinchi tomondan, mazkur jarayon ilm oluvchi talabalarning mukammal bilim olishiga imkon bergan. Darslarni oʻzlashtirmaydigan va oʻquv mashgʻulotlarini sababsiz qoldirganlar esa oʻz-oʻzidan chetlashtirilgan. Bu ham mazkur madrasa mavqeyini yanada oshirishga xizmat qilgan.

Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi oʻlaroq oʻtmishi sharafli va kelajagi buyuk oʻlkaning tarixi izchil tadqiq etilib, tarixiy koʻrinishini tiklamoqda. Bu albatta oʻsib kelayotgan yosh avlodni ajdodlari izidan borib, zabardast olimu fuzalo boʻlib voyaga yetishishida koʻmakdosh boʻladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Amonov M. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda maʼnaviy merosning oʻrni. “Barkamol avlodni tarbiyalashda tarixiy va maʼnaviy merosimizdan foydalanish masalalari” mavzusidagi (Respublika ilmiy-amaliy) konferensiyasi materiallari. – Samarqand, 2015.
  2. Vyatkin V. Spravochnaya knijka Samarkandskoy oblasti. – Samarkand, 1902. Vыpusk VII.
  3. Dala tadqiqot manbalari. Respondent. Sarimsoqov Jaʼfar bobo (76 yoshda). 2014-yil iyun. Choʻnqaymish-Anazirat-Samarqand.
  4. Dala tadqiqot manbalari. Naqib madrasasi. Samarqand–Kattaqoʻrgʻon. 2014-yil iyul.
  5. Kattayev K. Samarqand madrasalar va ilm fan rivoji. Ikkinchi nashr. –Samarqand: Zarafshon, 2017.
  6. Pardayev K.K. Oʻrta Zarafshon (Miyonkol) vohasining XIX-XX asr boshlarida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti. Tarix fanlari nomzodi… dissertatsiya, 2003.
  7. Pardayev K.K. XVI-XVIII asrlarda Miyonkol. – Toshkent, 2014.
  8. Solijonova G.F. Turkistonda oʻqitish-maʼrifatchilik oʻchoqlari, ularning ijtimoiy ahamiyati (XIX asr oxiri – XX asr boshlari). Tarix fanlari nomzodi … Dissertatsiya. – T., 1998.
  9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-dekabrdagi “Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 335-sonli qarori.
  10. OʻzMDA fondida Samarqand viloyat boʻlimi (18), 1-roʻyxat, 9828-ish.

Mexrojiddin AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …