Avval xabar qilinganidek, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiyaning Indoneziyaga xizmat safari boshlandi. Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Indoneziyaning yirik va mashhur maʼmuriy birliklaridan biri – Sharqiy Yava provinsiyasi gubernatori Xafifa Indar bilan rasmiy uchrashuv oʻtkazdi.

Samimiy muloqot davomida Oʻzbekiston va Indoneziyaning mazkur ikki mintaqasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Gubernator Xafifa Indar Indoneziya xalqi Oʻzbekiston, xususan, Samarqand zaminini azaldan muqaddas sanashini alohida taʼkidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangidan qad rostlagan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining foydalanishga topshirilishi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun islom olami uchun muhim tarixiy voqea boʻlganini eʼtirof etdi. Shuningdek, Samarqand bilan yaqin aloqalar oʻrnatish Sharqiy Yava uchun ustuvor yoʻnalish ekani bildirildi.

Uchrashuvda turizm sohasi hamkorlikning asosiy “drayveri” sifatida baholanib, hududlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish zarurati qayd etildi. Bundan tashqari, “Umra plyus” dasturi doirasida Sharqiy Yava rasmiy shaxslari va ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalarning Oʻzbekistonga tashriflarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Muzokarada Samarqand viloyati bilan Sharqiy Yava provinsiyasi oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui belgilab olindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





