Home / FOTO LAVHALAR / OAV vakillari eʼtirofi: “Markaz – Yangi Oʻzbekistonning maʼrifiy yuzi”

OAV vakillari eʼtirofi: “Markaz – Yangi Oʻzbekistonning maʼrifiy yuzi”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlari, taniqli jurnalistlar va media ekspertlar uchun navbatdagi media-tur tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbariyati, “Oʻzbekiston 24”, “Yoshlar”, “Mahalla”, “MY5”, “Renessans” kabi markaziy telekanallar, “Jadid” gazetasi hamda “Xabar.uz”, “Yuz.uz”, “Anxor.uz” kabi nufuzli internet nashrlarining 30 nafarga yaqin vakili qatnashdi.

Media-tur davomida ishtirokchilar Markaz faoliyatining huquqiy asosi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 martdagi qarori ijrosi doirasida oʻtgan davrda erishilgan strategik natijalar bilan tanishib, boy ekspozitsiyaga ega muzeyi, nodir manbalar xazinasiga aylangan kutubxona va media-studiya faoliyatini koʻzdan kechirdi. Markazda olib borilayotgan ilmiy faoliyat Yangi Oʻzbekistondagi maʼrifiy uygʻonishning eng yorqin namunalaridan biri sifatida eʼtirof etildi.

Markaz majlislar zalida oʻtkazilgan taqdimotda 9 yillik faoliyat sarhisobi faktlar raqamlar misolida namoyish etildi. Qayd etilganidek, oʻtgan davrda dunyoning 50 ta yetakchi ilmiy markazi bilan hamkorlik oʻrnatilib, 130 mingdan ortiq qoʻlyozmaning elektron nusxalari jamlandi, 128 ta yangi kitob va risola nashr etildi.

Tadbir yakunida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi mutasaddilari va markaziy OAV vakillari Markaz faoliyatiga yuqori baho berib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Taʼkidlanganidek, Markazning ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosidagi faoliyati jamiyatda diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash va buyuk ajdodlarimiz merosini keng targʻib etishda muhim ilmiy platforma boʻlib xizmat qilmoqda.

Samimiy ruhda oʻtgan va mazmunan juda boy boʻlgan media-tur doirasida jurnalistlar Markaz vakillaridan intervyular olib, istiqboldagi ijodiy hamkorlik rejalarini belgilab oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Samarqand delegatsiyasi – Indoneziyada

Avval xabar qilinganidek, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiyaning Indoneziyaga xizmat safari boshlandi. Tashrif …